Sitrus mevalari O‘zbekiston sharoitida: o‘zimizning bog‘dan

Bir paytlar olimlar O‘zbekis­tonning iqlim sharoitidan kelib chiqib, bu yurt tuprog‘ida limon yetishtirish mutlaqo mumkin emas, degan xulosaga kelgan edi.

Ana shu pallada izlanuvchan olim Faxriddin aka Egamberdiyev bu fikrlar asossiz ekanini isbotlash yo‘lida turli izlanishlar olib bordi. Afsus, ezgu niyatlar o‘tmishning suronli kunlarida amalga oshmay, armonga aylandi. Ammo bobo o‘g‘il va nabiralariga orzularini yo‘lchi yulduz, umid va ishonch hissini esa mehnatga undovchi kuch sifatida meros qoldirdi.

Oradan bir qancha yillar o‘tdi. Uning ishini o‘g‘li Zayniddin ota davom ettirdi. Natijada Faxriddin bobo aytgan sitrus mevalar nafaqat O‘zbekis­ton sharoitida unib-o‘sdi, balki bu mevaning mahalliy sharoitga moslashtirilgan bir nechta serhosil navlari yaratildi.

Ota duosini olib, ilm yo‘lidan borgan Zayniddin aka dastlab ko‘chatlarni transheya usulida parvarishlashni yo‘lga qo‘ydi. Ya’ni, yerni chuqurroq qazib, 1,5 metr qalinlikdagi tuproqni olib tashlab, plyonka bilan o‘ragan holda yangi ko‘chatlardan hosil olishga kirishdi. Ilmiy tajriba maydonidagi limon ko‘chatlari oralab hosil ko‘rina bosh­langanda Zayniddin otaning sevinchi ichiga sig‘madi. Zero, bu otasining orzu-niyatlari samarasi edi. Olimning tashabbuskorligi bois, asta-sekin yurtimizda bu mevadan hosil olish keng tarqaldi.

1967 yilda olim Xitoyning “Miyer” naviga Gruziyaning “Novogruzini”ni chatishtirib, yangi “F1-Toshkent” navini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. 1970 yili “Novoafon” va “Novogruzin” navlarini chatishtirish yo‘li bilan “F2-yubileynaya” navi yaratildi. Bu turning afzalligi shundaki, undan bir yilda to‘rt martagacha hosil olish mumkin. Shu bilan birga, bu limonning qalin po‘sti tarkibida 9-12 foiz limon kislotasi, ko‘p miqdorda efir moyi, pektin moddalari borligi bilan alohida ajralib turadi. Seleksioner Zayniddin otaning qator yillar davomida o‘tkazgan ilmiy izlanishlari natijasida bu shifobaxsh mevaning “F-3”, “F-4”, “F-5”, “O‘zbekiston apelsini”, “Toshkent mandarini” navlari yaratildi.

Zayniddin otadan so‘ng u kishining o‘g‘li ham bobosi izidan borib, bunyodkorga aylandi. Toshkent davlat agrar universitetining Meva-sabzavot va uzumchilik fakultetini agronom mutaxassisligi bo‘yi­cha tamomlagan Muhammadaziz aka Faxriddinov qator yillar o‘z sohasida ishladi, taj­riba orttirdi. Bugungi kunda u kishi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Polimerlar kimyosi fizika ilmiy tadqiqot markazida ilmiy xodim bo‘lib faoliyat yuritmoqda. Muhammadaziz aka o‘zi yashayotgan xonadonda tashkil etgan issiqxonadagi laboratoriyada sitrus o‘simliklarni O‘zbekis­ton sharoitida yetishtirishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqish ustida qator izlanish­lar olib bordi. Bu borada olim to‘rtta yangi texnologiya yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Bular tuproq unumdorligini oshirish, limon ko‘chatiga to‘g‘ri shakl berish, ekish sxemalariga asosan to‘g‘ri shakl berish, virusli kasallikka qarshi kurashish hisobiga unumdorlikni oshirishga erishishdir. Bir paytlar bir tup limon daraxtidan 30-40 kg. hosil olingan bo‘lsa, bugungi kunda yangi texnologiya asosida bu ko‘rsatkich 150-200 kg. dan ziyodni tashkil qilmoqda. Birgina bu emas, izlanuvchan olim limonning onaligiga apelsinning otaligini changlatish yo‘li bilan yangilik yaratdi. Bu mevani tatib ko‘rgan kishi bir paytda ham limon, ham apelsin ta’mini sezadi.

Yana o‘qing:  Serhosil bog‘lar taraddudi

– O‘zbekistonlik olimlar tomonidan yaratilgan “F1” va “F2” limon navlari jahon bozorida ekologik toza mahsulot sifatida tan olinganini eshitib, juda quvondim, – deydi Muhammadaziz aka. – Olimlarimiz tomonidan yaratilgan navlarning hosildorligi, betakror ta’mi, mikroelementlarga boyligiga tan bergan xorijlik mutaxassislar tez-tez bizga murojaat etib turishadi. Tajriba almashish uchun seminarlarga taklif etishadi. Bu ham bo‘lsa, o‘zbek olimlarining jahonda o‘z nufuzi va o‘rniga ega ekanidan dalolatdir.

Muhammadaziz akaning so‘zlariga qaraganda, avvallari xorijdan keltirilgan texnologiya bo‘yicha ko‘chatlarda ildiz ottirish muddati 60 kunda amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda ekologik toza mahalliy xomashyo yordamida ko‘chatlarni 28 kunda ildiz oldirishga erishilyapti. Bu usulning yana bir afzalligi shundaki, u inson oraganizmiga hech qanday salbiy ta’sir etmaydi.

Muxtasar qilib aytganda, ilm yo‘li mashaqqatli, shu bilan birga, sharaflidir. Ana shu yo‘lda tinmay izlanayotgan Muhammad­aziz akaga hayot yo‘llaringiz doim yorug‘ bo‘lsin, deymiz.

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: