Sun’iy intellekt bemorni saratondan xalos etdi
Yaponiyalik muhandislar tomonidan yaratilgan superkompyuter “ongi” bemorda leykemiyaning kamyob turini aniqlab, uning hayotini saqlab qolishga yordam berdi.
Bir necha oy avval 60 yoshli ayolga noto‘g‘ri tashxis qo‘yilgan, biroq sun’iy intellekt deyarli 10 daqiqada halokat bilan tugashi mumkin bo‘lgan xatoni to‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lgan. “Watson” nomli bu kompyuter bemorga aniq tashxis qo‘yib, uning genetik ko‘rsatkichlarini boshqa ma’lumotlar bilan taqqoslash hamda davolash muolajalarini belgilashi uchun aynan shuncha vaqt talab qilindi.
Mana bir necha yildirki, “Watson” kasalliklarga tashxis qo‘yish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda davolash yo‘lini tanlash uchun shifokorlarga bir necha haftadan bir oygacha vaqt ketsa, superkompyuter bir necha daqiqa ichida aniq natijani ko‘rsata oladi. “Ong” juda ko‘plab ilmiy jurnallar va klinik sinovlar ma’lumotlariga kira oladi. Super kompyuter shu tariqa insoniyatning onkologik kasalliklarni davolash sohasidagi barcha bilimlarini jamlab, hattoki o‘lim yoqasidagi kishilarning hayotini saqlab qolishi mumkin.
Olimlar mazkur tizimni ishlab chiqishga to‘rt yildan ortiq vaqt sarflashgan. Superkompyuter bir soniyada taxminan 80 trillion operatsiyani bajarishga qodir. “Watson” protsessori 2 800 yadroda ishlaydi, uning operativ xotirasi esa 16 terrabaytdan iborat.
G. EGAMBERDIYEVA