Qayta qad rostlagan qadamjolar
Abul Mo‘iyn an-Nasafiy ziyoratgohi
Yoshi kattalarning eslashicha, qishlog‘imizning bir chekkasida joylashgan Abul Mo‘iyn an-Nasafiy tarixiy yodgorligi sobiq tuzum davrida qarovsiz, e’tiborsiz va anchayin xaroba manzil bo‘lgan.
Bobomning aytishicha, o‘tgan asrning 40-50 yillarida bu yerda tandirlar qurilib, g‘allachilik, paxtachilik brigadalariga non yetkazib berilgan ekan.
Odamlar bu yerning muqaddas qadamjo ekanini bilishar, ammo kimning qabri joylashgani, u odamning o‘zi kim bo‘lgani haqida hech qanday ma’lumotga ega bo‘lishmagan. Sababi, buni o‘rganishga mutlaqo rag‘bat qilinmagan. Hatto maqbara atrofining obod qilinishi o‘sha paytlarda ko‘pchilikning e’tiroziga, qarshiligiga sabab bo‘lgan.
Majmuaning yana bir e’tiborga sazovor jihati, bu yerda qariyb ming yillik Qur’oni karim nus’hasi saqlanadi.
Bugun xalqimiz asrlar davomida intilib yashagan va kurashgan, mustaqillik degan bebaho ne’mat milliy davlatchiligimizni, o‘zligimiz, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatimizni tiklash barobarida, muqaddas islom dinimizni, buyuk ajdodlarimizning tabarruk nomlarini ulug‘lash imkonini berdi.
Qarshi tumani, Qovchin qishlog‘idagi Abul Mo‘iyn an-Nasafiy ziyoratgohi haqida bor haqiqatni istiqlol davrida bildik. Aniqrog‘i, bilish, o‘rganish uchun sharoitga ega bo‘ldik. Yaqingacha Abul Mo‘iyn an-Nasafiy hoki Moturudiy qabri joylashgan Samarqandning Chokardiza qabristonida, deb hisoblab kelingan. O‘rganishlardan so‘ng Abul Mo‘iyn an-Nasafiy 1027 yilda Nasaf viloyatida tavallud topgani, voyaga yetgani, uzoq yillar Buxoro va Samarqandda yashab, ijod qilgani, qabri Qashqadaryoda, hozirgi Qovchin qishlog‘i hududida ekani ma’lum bo‘ldi.
U zot haqida nasaflik boshqa bir olim Umar ibn Muhammad an-Nasafiy o‘zining “Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” nomli asarida “Sharqu g‘arbning olimu ulamolari Abul Mo‘iyn an-Nasafiy ilmining dengizidan bahra topib, ul taratgan ziyo nurini ko‘zlariga to‘tiyo qilib surtganlar” degan ta’rifidan ham uning nechog‘lik buyuk siymo ekanini anglash mumkin.
Manbalarga ko‘ra, allomaning “Al-Umda fi usul al-fiqh”, “Bahr al-Kalom fi ilm al-Kalom”, “Tabsirat al-adillati fi ilm al-Kalom”, “At-Tamhid li-qavo’id at-tavhid”, “Manohij al-aimmati fil furu’”, “Al-Mo‘taqidot” kabi o‘n beshga yaqin asarlari bo‘lgan.
Tarixchi olim Ubaydulla Uvatovning ma’lumotlariga ko‘ra, Abul Mo‘iyn an-Nasafiyning hayoti va ta’limoti haqida olmoniyalik sharqshunos olim Ulrix Rudolf o‘zining Abu Mansur Moturudiyga bag‘ishlab chop ettirgan yirik tadqiqotida qimmatli ma’lumotlar keltirgan.
Buyuk bobokalonimizning ijodi Germaniya, Fransiya, Tunis, Misr kabi davlatlar olimlari tomonidan qunt bilan o‘rganilgan. U zot islom bilimdoni sifatida chuqur ehtirom bilan qadrlanib kelinadi.
Qishloq oqsoqollarining avloddan avlodga o‘tib kelayotgan xabarlariga qaraganda, hozirgi imom Mo‘iyn ziyoratgohi o‘rni karvon yo‘llarining eng gavjum kesishgan chorrahasi yaqinida bo‘lgan.
Istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab yurtimizda tarixiy yodgorliklarni aslicha saqlash, qayta tiklash, ta’mirlash, restavratsiya qilish, arxeologik izlanishlar olib borish ishlarini qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratildi.
Abul Mo‘iyn an-Nasafiy majmuasi va unga yondosh Xo‘ja Shamsiddin Halvoniy ziyoratgohlarida ham istiqlol tufayli keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borildi. 2000 yildan boshlab har ikki yilda Abul Mo‘iyn an-Nasafiy ilmiy me’rosi o‘rganilishiga bag‘ishlab nufuzli olimlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida qator tadbirlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.
Bir so‘z bilan aytganda, istiqlol tarixni, ajdodlarimiz merosini o‘rganishda keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Bekzod O‘KTAM