Muzaffar yurtning g‘olib farzandlari
23 avgust. Shu kuni “Toshkent” xalqaro aeroportida Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan sportchilarimiz tantanali tarzda kutib olindi. Barchaning ko‘zida quvonch va shodlik, yuzida faxr-iftixor hissi balqib turibdi. Ayniqsa, muzaffar o‘g‘lonlarning ota-onalari, yaqinlarining hayajonini anglash, his qilish qiyin emas.
Tantanali kutib olish marosimida davlat va jamoat arboblari, keng jamoatchilik vakillari, el sevgan san’atkorlar, yoshlar, sportchilarning ota-onalari, oila a’zolari va yaqinlari jam bo‘lishdi.
Chor-atrof anvoi gullarga burkangan, rang-barang chiroqlar qalblarga naqshlangan, bugun har bir yurtdoshimizning yurak nidosiga aylangan so‘zlarni yoritib turibdi: “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!”.
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida 5-21 avgust kunlari butun dunyo ahlini hayajonu hayratga solgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari to‘rtta oltin, ikkita kumush va yettita bronza medaliga sazovor bo‘ldilar. Xususan, to‘rt yillikning nufuzli musobaqasida iste’dodli charm qo‘lqop ustalarimizdan Hasanboy Do‘smatov (49 kg), Shahobiddin Zoirov (52 kg), Fazliddin G‘oyibnazarov (64 kg), og‘ir atletikachimiz Ruslan Nurudinov (105 kg) oltin, bokschilarimiz Shahram G‘iyosov (69 kg), Bektemir Meliqo‘ziyev (75 kg) kumush, dzyudochilarimiz Diyorbek O‘rozboyev (60 kg), Rishod Sobirov (66 kg), yunon-rum kurashchimiz Elmurat Tasmuradov (59 kg), bokschilarimiz Rustam To‘laganov (91 kg), Murodjon Ahmadaliyev (56 kg), erkin kurashchilarimiz Ixtiyor Navro‘zov (65 kg), Magomed Ibragimov (97 kg) bronza medalini qo‘lga kiritib, Vatanimiz sha’nu shavkatini ko‘klarga ko‘tardilar. Olimpiya chempioni, polvonimiz Ruslan Nurudinovning og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiada rekordini yangilagani, ko‘ksimizni faxru iftixorga to‘ldirdi.
Yorug‘ yuz bilan yig‘ilganlarga peshvoz chiqqan Olimpiada qahramonlari gulduros, davomli qarsaklar va “Yashasin, O‘zbekiston!” degan hayqiriqlar bilan kutib olindi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi N. Yo‘ldoshev, O‘zbekiston xalq artistlari E. Komilov, O. Nazarbekov, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, taekvondo bo‘yicha jahon chempioni D. Xoljigitova, Olimpiada chempioni Hasanboy Do‘stmatovning onasi D. Hayitboyevalar so‘zga chiqib, Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodning jismonan va ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi, o‘z iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilgan keng sharoitlar va ularning samaralarini mamnuniyat bilan ta’kidladilar.
G‘olib va sovrindor sportchilarimiz nomidan so‘zga chiqqan Hasanboy Do‘stmatov, Ruslan Nurudinov, Shahobiddin Zoirov, Fazliddin G‘oyibnazarov, Bektemir Meliqo‘ziyev bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi. Kelgusida bundan-da yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritishga va’da berdi.
Olimpiada ishtirokchilari va ularning yaqinlari jam bo‘lgan avtobuslar karvoni shahrimiz ko‘chalari bo‘ylab o‘tib borarkan, qalb amri va vatanparvarlik hissi tufayli ko‘chalarni to‘ldirib turgan minglab yurtdoshlarimiz chempionlarga, ularning ota-onalariga ehtirom bilan qo‘l silkib, ezgu tilaklarini yo‘lladi. Ayni manzara farzandi tufayli shunday ehtiromga sazovor bo‘lib turgan ota-onalarni qanchalar hayajonga solaganini so‘z bilan ta’riflash mushkul.
…Barchamiz yoshligimizdan ertak eshitib katta bo‘lganmiz. Bolalikdagi eng sevimli ertagim “Kenja botir” haqida bo‘lardi. Buvimdan qayta-qayta uning jasoratlari haqida so‘rardim. Kenja botirni hayotda uchratishni, u bilan do‘stlashishni orzu qilardim.
14 avgust kuni bolaligimdagi ertak qahramoni haqiqatga aylanganini ko‘rib, sevinchdan ichimga sig‘madim. Orzuim amalga oshganidan, tasavvurimdagi qahramon – o‘zbek o‘g‘loni, butun dunyoga o‘zining nimalarga qodir ekanligini namoyon etganidan quvondim.
Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqalarida vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi finalgacha bo‘lgan bahslarda meksikalik Xoselito Velaskes, qozog‘istonlik Birjan Jakipov, AQSHlik Niko Migel Ernandeslarga qarshi ringga chiqqan Hasanboy Do‘stmatov raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Hal qiluvchi final bahsida kolumbiyalik Yuberxen Martines Rivasni ham mag‘lub etgan hamyurtimiz, yakunda oltin medalini qo‘lga kiritdi.
– Avvalo, Vatanimga cheksiz mehr-muhabbatimni izhor qilmoqchiman, – deydi Olimpiya o‘yinlari chempioni Hasanboy Do‘stmatov. – Bu g‘alabaga yurtimizda biz yoshlar uchun yaratilgan cheksiz imkoniyatlar tufayli erishdim. Vatanim bayrog‘ini yuksakka ko‘targanimdan, xalqim ishonchini oqlaganimdan cheksiz baxtiyorman. Musobaqaga ketayotganda mustaqilligimizning 25 yillik to‘yiga to‘yona bilan qaytib kelishni ko‘nglimga tugib qo‘ygandim. Shukr orzuimga yetishdim.
Yana bir quvonarli jihati, charm qo‘lqop ustamiz Rio Olimpiadasining eng yaxshi bokschisi deb tan olindi. Unga Vel Barker kubogi topshirildi. Ushbu mukofot 1936 yildan beri Olimpiya o‘yinlarining eng yuqori texnikali bokschisiga taqdim etiladi.
…Rustami doston bolalikdagi eng sevimli ertaklarimizdan yana biri. Unda ham Rustamning ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan qahramonliklari haqida so‘z boradi. Bugun esa Ruslan polvonning rekordlari muxlislar og‘zidan tushmayapti. Quvonarlisi, og‘ir atletika bahslarida ishtirok etgan sportchimiz Olimpiada rekordini o‘rnatib, sizu bizga quvonchli onlarni hadya etdi. Vazni 105 kg gacha bo‘lgan sportchilar bahsida jahon chempioni, Butunjahon Universiada o‘yinlari g‘olibi, hamyurtimiz Ruslan Nurudinov dast ko‘tarishda 194, siltab ko‘tarishda 237 kg og‘irlikni bo‘ysundirib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egalladi.
– Mamlakatimizda yoshlar kamolotiga, xususan, sportga berilayotgan yuksak g‘amxo‘rlik tufayli bugungi kunda sportchilarimizning xalqaro miqyosda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari salmog‘i ortib bormoqda. Olimpiya o‘yinlarida erishgan g‘alabam ana shu e’tibor samarasidir, – deydi Ruslan Nurudinov.
“Quvonch ko‘z yoshlarini yashirma. Xalqning ishonchini oqlash, Prezidentimiz yaratib bergan sharoitlarga javoban yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritish ulkan baxt. Agar shunday qila olsang, yig‘la!”. Chempionning onasi Rio-de-Janeyro safariga otlangan o‘g‘li Fazliddinga xuddi shu so‘zlarni aytgandi.
Istiqlol tengdoshi bo‘lgan Fazliddin G‘oyibnazarovni Osiyo va jahon chempionati, London Olimpiadasi kabi yirik musobaqalardagi munosib ishtiroki, uni Rio-de-Janeyrodagi bahslarda ham g‘alaba sari undadi. Xalqning ishonchini qalbdan his qilgan o‘g‘lon yakunda Olimpiya o‘yinlari chempioni, degan yuksak nomga sazovor bo‘ldi.
– Musobaqada kongolik Dival Malongan, hindistonlik Manoj Kumar, AQSH vakili Gari Rassel, rossiyalik Vitaliy Dunaysev, finalda Ozarbayjon sharafini himoya qilgan Lorenzo Kollazo Sotomayorni yengib, oltin medalga sazovor bo‘ldim, – deydi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Fazliddin G‘oyibnazarov. – Ayniqsa, final bahsi murosasiz tarzda kechdi. Ringga chiqqanimda zalga yig‘ilgan yurtdoshlarimning baland ovozda qo‘llab-quvvatlashi menga kuch-quvvat baxsh etdi. Hakam qo‘limni ko‘targanida ko‘z yoshlarimni to‘xtata olmadim. O‘sha lahzada tuygan hislarimni so‘z bilan ifodalab berolmayman. Eng muhimi, Prezidentimiz va xalqimiz ishonchni oqladim.
52 kilogramm vazn toifasida ringga ko‘tarilgan mahoratli bokschimiz Shahobiddin Zoirov ham Olimpiada g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Musobaqalarning final bahsida u rossiyalik Misha Aloyanga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.
– Riodagi ishtirokimni saralash bosqichidan boshlaganimda vaqti kelib, Hasanboy Do‘stmatov, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev va Fazliddin G‘oyibnazarov qatorida boks bellashuvlarining finaliga yo‘llanma olishim xayolimga ham kelmagan edi, – deydi Shahobiddin Zoirov. – Final jangiga kirishishdan avval ustozim “sen bu yerga nafaqat o‘zbekistonlik bokschi, balki O‘zbekistonning yuzi ham bo‘lib kelgansan. Yuzing yerga qaramasin”, dedi. Shundan so‘ng hal qiluvchi jangda bor mahoratimni ishga solib, raqibimni taslim etishning uddasidan chiqdim.
Sport – tinchlik, hamjihatlik elchisi. U insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, xalqlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini bog‘laydi. Sport tufayli yurt bayrog‘i baland ko‘tarilib, Vatan madhiyasi yangaraydi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoev ishtirok etdi.
Farhod TOLIPOV