Homiladorlik – nozik davr
bo‘lajak ona va bolaning salomatligi yaqinlari e’tiboriga ham bog‘liq
Mohiraxon farzandi yangi tug‘ilganida uning me’yorida uxlamasligi va hadeb yig‘layverishidan qattiq tashvishga tushardi.
Bola ulg‘aygani sari injiqligu xarxashalari ortsa orttiki, aslo kamaymadi. Nihoyat, u shifokorga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.
– Homiladorlik davrida sizda depressiya holati kuzatilganmi? – deya shifokorning bergan savoli Mohirani taajjubga soldi. Mutaxassisning so‘zlarini tinglab, beixtiyor homiladorlik davrida yuz bergan noxush voqealar ko‘z oldida gavdalandi.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, homilador ayollarning qariyb 20 foizi yengil yoki o‘rta darajadagi depressiyaga moyil bo‘lishadi. Biroq, bu xolat qanday salbiy oqibatlarga olib kelishini hatto, o‘ylab ham ko‘rishmaydi.
Ginekolog Malohat Yunusova bu borada bizga quyidagi ma’lumotlarni berdi:
– Homiladorlik davridagi depressiyaga bee’tibor qarash bu nozik davrning ko‘ngildagidek kechishi va homilaning me’yorda rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni, ham ona, ham tug‘ilajak bola uchun u yoki bu asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Homiladorlikdagi depressiyani davolash mumkin. Avvalo, uning sabablarini o‘rganib chiqish kerak bo‘ladi. Agar homilador ayolda oilaviy munosabatlarda muammolar, stress (ruhiy zo‘riqish)li vaziyatlar, jismoniy o‘zgarishlardan qo‘rqish, bolani tarbiyalash bilan bog‘liq moliyaviy qiyinchiliklar, yonida turmush o‘rtog‘ining bo‘lmasligi, rejalashtirilmagan homiladorlik kabi omillar kuzatilsa, bu tushkunlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Xullas, bo‘lajak onalarda depressiyaning yuzaga kelishi, homiladorlik davrida miya tarkibini o‘zgartiradigan gormonal muvozanatning buzilishi bilan izohlanadi. Lekin ularda bu holat yuzaga kelishiga nima sabab bo‘lishidan qat’iy nazar o‘z vaqtida shifokorga murojaat etish shart.
Depressiya holati turli salbiy hislar, ruhiy-hissiy kechinmalar bilan bog‘liq. Bu davrda homilador ayolda lanjlik, o‘zi va tug‘ilajak farzandi uchun muntazam qo‘rquvni his qilish, toliqish, injiqlik, g‘amginlik, xavotir, uyqusizlik va odatdagidan ko‘proq uxlash istagi, jizzakilik, qiziqishning so‘nishi, ishtaha yo‘qolishi yoki haddan ziyod ovqat yeyish, diqqatni jamlay olmaslik, o‘ziga bo‘lgan bahoning tushib ketishi, umidsizlik, aybdorlik hissi, yig‘loqilik kabi holatlar kuzatilishi mumkin. Uzoq vaqt bunday kayfiyatda bo‘lish ayolning o‘zi uchun ham, homilaga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki, bolaning rivojlanishida hissiyot va kechinmalarning ham muhim o‘rni bor. Ular hatto bolaning tug‘ilgandan keyingi rivojida ham ahamiyatlidir.
KASALLIKNI DAVOLASH ChORALARI
Homilador ayol toliqayotgan bo‘lsa ham shunday hol kuzatiladi. Bunday paytda sayr-u sayohatga chiqib, havo almashtirish unga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Biror dam olish maskanida hordiq chiqarish, ma’lum muddat yaqinlarinikiga mehmonga borish naf keltiradi. Shunda uning asablari tinchlanadi. Shuningdek, bo‘lajak onaga nisbatan yaqinlari o‘z munosabatini ijobiy tomonga o‘zgartirishi juda foydali. Homilador ayolga qaynonasi, turmush o‘rtog‘i va boshqa yaqinlari har doimgidan ko‘ra shirinso‘z, e’tiborli, mehrli bo‘lishlari lozim. Bundan tashqari homilador ayolda magniy va yod mineral moddalari yetishmaganda ham unda tushkunlik holati kuzatiladi. Shuning uchun shifokor bilan maslahatlashgan holda magniy-V6 dori vositasi va yodomarin – 200ni qabul qilish maqsadga muvofiq.
Homilador ayolda depressiya ikki haftadan ko‘p vaqt davom etsa, albatta, davolovchi shifokorga murojaat qilish lozim. U tegishli tekshiruvlarni belgilaydi. Agar tekshiruvlar hech qanday ichki kasalliklarni tasdiqlamasa, shifokor parhez yozib berishi, muayyan jismoniy mashqlar belgilashi, masalan, suzish, yoga bilan shug‘ullanish, bo‘lajak onaning e’tiborini tug‘ruqqa tayyorgarlik jarayoniga qaratishni tavsiya etadi.
Yuqorida ko‘rsatilgan choralar kutilgan samarani bermasa, antidepressantlar yoki psixoterapiya yordamida davolash taklif etiladi. Antidepressantlar yozib berish – eng oxirgi chora hisoblanadi.
Psixoterapiya ayollarga zararli dorilar qabulisiz, ijobiy maslahatlar berish orqali homiladorlikda depressiyaning yuzaga keltiradigan omillarni bartaraf etadi. Agar homilador ayolning turmush o‘rtog‘i yonida bo‘lmasa, uning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini oshirishga harakat qilinadi.
Shuningdek, parhezli taomlar iste’mol qilish va biror yangi yumush bilan mashg‘ul bo‘lish ushbu xastalikni davolashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Albatta, bunday holatlar kuzatilmasligi uchun homiladorlikni rejalashtirish va ungacha bo‘lgan davrda bo‘lajak ona sog‘lig‘ini tiklab olishi, bu kabi salbiy vaziyatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Homiladorlikkacha bo‘lgan davrda depressiya boshlansa, ayol nima qilish kerakligini bilib olsa, o‘zini turli o‘zgarishlarga tayyor his etsa, ko‘ngilsizliklarning oldi olinadi. Oila a’zolarining qo‘llab-quvvatlashi, muntazam mashqlar, meditatsiyalar, to‘g‘ri va sifatli ovqatlanish yordamida homiladorlik davridagi tushkunlik holati xavfini kamaytirishi mumkin. Eng muhimi, homilador ayol vujudida bo‘lajak vorisni ko‘tarib yurganligini his etishi kerak. Zero, sog‘lom onadangina sog‘lom farzand tug‘iladi.
Mayna HASANOVA
tayyorladi