SALOHIYATLI KADRLAR TAYYORLASH – DAVR TALABI
Istiqloldan so‘ng tibbiyot sohasini yetuk va malakali kadrlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, poytaxtdagi P. Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejida ham o‘z sohasining yetuk mutaxassislarini tayyorlashda kollej pedagoglar jamoasi jonbozlik ko‘rsatmoqda.
Ushbu ta’lim muassasasi 1935 yilda “Shoshilinch tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi” qoshida “Hamshiralar maktabi” sifatida tashkil topgan bo‘lib, 2005 yilda u qayta rekonstruksiya qilindi va ikki qavatli bino qurilib foydalanishga topshirildi. Hozirgi kunda kollejdagi mavjud ikkita sport zali va sport maydonchalari, internet tarmog‘iga ulangan Axborot-resurs markazi, 43 ta nazariy mashg‘ulotlar o‘quv xonalari, 3 ta laboratoriya, ikkita kompyuter va ikkita lingofon xonasi 2988 nafar talabalarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Tibbiyot kollejidagi o‘quv laboratoriya xonalari me’yoriy talablar asosida jihozlangan bo‘lib, kimyo, fizika, biologiya va boshqa maxsus fanlar bo‘yicha o‘quv-laboratoriya ishlari olib boriladi. O‘quv va amaliyot xonalari zamonaviy jihozlar, banner, mulyaj va fantomlar hamda tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. Mavjud 10 ta trening zali esa Yaponiyaning “JICA” agentligi tomonidan berilgan tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangani malakali hamshiralar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qishki va yozgi sport zallari, voleybol, futbol va basketbol maydonchalari esa yosh avlodni jismonan sog‘lom bo‘lib o‘sishida muhim omil bo‘layotganini ta’kidlab o‘tish joiz. O‘quv maskanida sportning 7 ta turi bo‘yicha sport seksiyalari mavjud bo‘lib, unda 2000 ga yaqin talabalar faol ishtirok etmoqda. Shu bois kollej yoshlari har yili respublika “Barkamol avlod” sport musobaqalarida faol ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Ayniqsa, badiiy gimnastika va katta stol tennisi musobaqasida talaba K. Zyuryaeva va S. Minasovalarning qo‘lga kiritgan yutuqlari e’tiborga molik.
– Yurtboshimiz rahnamoligida sog‘lom avlodni voyaga yetkazish, yoshlarni kasb-hunarli qilish va bilim olishlari yo‘lida qilinayotgan beqiyos g‘amxo‘rlik ularning dunyo miqyosida ulkan yutuqlarga erishishlariga yo‘l ochdi. Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi bugungi yosh avlodning bizdan ko‘ra aqlli, dono va baxtli voyaga yetishlari yo‘lida qo‘yilgan zalvorli qadamdir. Yoshlarni ma’nan va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash omillarini kollejimiz misolida ham ko‘rishingiz mumkin, – deydi kollej direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Lutfiya Yusupova.
O‘quv maskanida voyaga yetmagan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga alohida e’tibor qaratilgan. Yoshlar orasida huquqbuzarlik, jinoyatchilik hamda giyohvandlik, ekstremizm va uning zararli oqibatlarining oldini olish borasida muntazam o‘tkaziladigan uchrashuvlar va suhbatlar, ochiq ma’naviyat darslari yosh avlod orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda muhim omil bo‘lmoqda.
– Yoshlarni vatanparvarlik, buyuk tariximiz va ulug‘ allomalarimiz qoldirgan bebaho merosga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalash borasida ham bir qator tadbirlarni amalga oshirib kelyapmiz, – deydi ma’naviyat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Xolnisa Tojixo‘jayeva. – Amalga oshirilayotgan tadbirlarda fidoyi o‘qituvchi-mutaxassislardan R.Saidahmedova, S.Tojixo‘jayeva, M.Aripova, Z.Azimova, X.Hasanovalar o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqda. “Ona – hayot chirog‘i”, “Oilamiz bo‘lsin mustahkam”, “Men eng yaxshi hamshira bo‘laman”, “Vatanimni sevaman”, “Ona Vatan farzandiman” mavzularida o‘tkazilayotgan suhbat va tadbirlar esa yoshlarni hayotga tayyorlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Kollejda dars samaradorligini oshirish, malakali kadrlar tayyorlash, yoshlarga sifatli ta’lim berish maqsadida uslubiy yordam – “Yosh o‘qituvchilar maktabi” tashkil etilgan. Unga tajribali o‘qituvchi Vazira Hasanova rahbarlik qiladi. “Yosh o‘qituvchilar maktabi”ning vazifasi ishga endi kelgan yosh o‘qituvchilarga sharafli bu kasbning sir-asrorlarini, dars o‘tish, o‘quvchi bilan muloqot, me’yoriy hujjat va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yordamida ochiq darslar tashkil etish, iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlashni o‘zlashtirishda kerakli maslahat va ko‘nikmalar berib boradi. Yil yakunida yosh o‘qituvchilar olgan ko‘nikma va tajribalar, dars jarayonida qo‘llagan metodik usullar namoyish etilib, malakali o‘qituvchilar tomonidan baholanadi.
– O‘quvchilar bandligini ta’minlashda “Korxona-kollej” tizimi asosida ularni amaliyot o‘tagan muassasalariga ishga joylashtirishga erishilmoqda. Tuman bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, shahar shoshilinch tibbiy yordam stansiyasi, Respublika Travmatologiya-ortopediya ilmiy-tekshirish instituti, akademik Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi, Respublika 1-sonli klinik shifoxonasi, Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirobod tuman Tibbiyot birlashmalari, 5-6-sonli tug‘ruq komplekslari hamda xususiy klinikalar bilan hamkorlik shartnomalari tuzilgan. O‘tgan yilda 1167 nafar bitiruvchilardan 1015 nafari ish bilan ta’minlanib, ulardan 178 nafari turli oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirmoqda, – deydi kasbiy ta’lim bo‘yicha direktor o‘rinbosari Feruza Karimova.
Maryam AHMEDOVA
Muallif olgan suratlar.