Suyanganim Vatan bo‘ldi
Farzandi dunyoga kelganda, ota-ona cheksiz quvonchga to‘ladi. Jajji mehmon mehru muhabbat rishtalarini mustahkamlaydi, xonadon baxt nuriga chulg‘anadi.
Mahkamjon dunyoga kelganida konimexlik Yorqin aka va Mavjuda opa ham shunday baxtdan masrur edi. Ammo oradan bir-ikki yil o‘tib, farzandining oyog‘ida nuqsoni borligini bilgach, yosh ota-onaning dili xira bo‘ldi. Olib bormagan shifokor mutaxassislari qolmadi. Oylar ketidan oylar, yillar ketidan yillar quvardi. Mahkamjon ham ulg‘ayib, aqlu hushini tanib borar, oyog‘idagi nuqson esa bola qalbini tirnardi.
Biroz vaqt o‘tib, “Mahkamjon Germaniyada davolanarmish”, degan xabar mahallada tarqaldi…
…Bu xabardan so‘ng Mahkamjon quvonib ketdi. Hali shifokorlarga uchrashmasdan turib, sog‘aygandek. Unda umid kurtak yozdi. O‘sha kunni kuta boshladi. U yozning issiq tunlari, osmon yulduzlarga to‘la kechalarda ukasi Ma’rufga orzulari haqida gapirib berardi. Ularning tanlagan yulduzlari bor edi. Borgan sari o‘y-xayollari, orzu-maqsadlari uyg‘unlashib bordi.
Ota-ona farzandini ne-ne orzu-umidlar bilan ulg‘aytiradi. Bo‘yiga ko‘z tikadi. El koriga yarasin, Vatan ravnaqiga hissa qo‘shsin, deydi. Mavjuda opa ham o‘g‘lining sog‘ayishi, yuksak orzulariga yetishini xohlaydi. Shu maqsadda 2007 yil Mahkamjonni “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti bilan hamkorligida Germaniyaga murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun umidli safarga kuzatdi.
…Bir yil o‘tib, Mahkamjon qaytdi. U to‘liq sog‘aymagandi. Xorijlik shifokorlar muolajani davomli, bosqichma-bosqich olib borish zarurligini aytishdi. Bu so‘zlarni eshitgan Mavjuda opa ko‘ngli o‘ksib, ko‘ziga yosh oldi: “Nahot, endi o‘g‘lim tuzalmasa…” degan o‘y o‘tdi. Ammo, umidini uzmadi. Diliga yaxshi niyatlarni tugdi va o‘g‘liga:
– Mahkamjon, shifokorlar aytdi, tuzalib ketasan. Yana u yoqqa borishing kerak. Ular bilan nemis tilida gaplashasan. Buning uchun tilni yaxshi bilishing kerak. Hali o‘zing aytgandek, diplomat bo‘lasan!
Shu tariqa Mahkamjon ikki yil ketma ket xorijga borib keldi. Kutilgan kun keldi. Dildagi tilaklar, duolar ijobat bo‘ldi. Mahkamjon dardidan forig‘ bo‘ldi. Ota-ona, do‘st-birodarlar xursand. Xorijiy tillarni o‘rganishga ishtiyoqi baland Mahkamjon akademik litsey va kasb-hunar kollej o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan Respublika fan olimpiadasida nemis tili bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi. Ushbu olimpiadada qo‘lga kiritilgan sertifikat bilan 2015 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga imtihonsiz o‘qishga qabul qilindi.
– Germaniyada o‘tkazgan o‘sha kunlar hali ham yodimda. Men qatori kelgan bemor bolalar bilan uyga qaytishni, ota-onamizning quvonchini ko‘rishni juda-juda istardik. Salomatligimni tiklashda shifokor va hamshiralar o‘z vazifalarini mas’uliyat bilan ado etishdi. Buning uchun hukumatimizga, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondiga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Ularning ko‘magisiz men hozirgi yutuqlarga erishmagan bo‘lardim, – deydi Mahkamjon Hamidov. – Sog‘ayib yurtimga qaytganimda, ota-onamning quvonganini ko‘rib, o‘zimga ishonchim ortdi. Men endi uch yil oldingi Mahkamjon emasdim. Shunda maqsadlarim sari harakat qilishim lozimligini tushunib yetdim. “Sen to‘la ishongan xayol haqiqatga aylanadi”, deganlari rost ekan. Shukurki, hozirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasiman. Kelgusida ona Vatanim, xalqim koriga yaraydigan farzand bo‘lishni istayman.
Sezyapsizmi, ozod yurtning baxtiyor farzandining so‘zi bu. Vatan xizmatiga bel bog‘lagan er yigitning so‘zi bu. Zero, otayotgan har bir tongimiz bir-biridan go‘zal, tarovatli, fusunkor. Saxovatli quyosh mo‘l-ko‘l nur sochmoqda. Kun sayin yasharayotgan, yangilanayotgan yurt jamoliga boqib to‘ymaysan kishi. Katta-yu kichik dunyoqarashida o‘zgarish, qalbida hayajon, kayfiyatida ko‘tarinkilik… Ko‘chalarimiz orasta, shahar-qishloqlarimiz obod, borar manzilimiz aniq, maqsadlarimiz bir, ertangi kunga bo‘lgan ishonchimiz barqaror.
Bu – Istiqlol sharofati, Ozodlik bergan buyuk ne’matlar mevasi! Mamlakatimizda inson, uning baxtli-saodatli hayot kechirishi, orzularini amalga oshirishi uchun ko‘rsatilayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik ifodasi.
2002–2016 yil davomida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti hamkorligida Germaniyaning nufuzli klinikalarida 322 nafar bemor bolalar jarrohlik operatsiyalari orqali sog‘lomlashtirildi.
Navro‘z NORBOBOYEV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri