BOLAKAY
(hikoya)
Azizjon tushida osmonda uchayotgan emish “mana men uchayapman, qanot chiqardim”, desa do‘stlari ishonmasmish. Shunda u qanotini yoyib, bolalarni lol qoldirib, varraklari tomon balandga ko‘tarilayotgan edi, onasi turtib uyg‘otdi.
– Tur, bolam, uyga ketamiz – bola ko‘zini uqalab yon-atrofga qaradi. Har doimgidek kichkinagina xona, onasining ish stoli, uning ustida uyum-uyum qog‘ozu sahifalar, o‘zi esa qator qo‘yilgan uchta stul ustida uzala tushib yotibdi. Boshida yostiq o‘rnida papkasi, ustida ko‘rpa o‘rnida onasining paltosi.
– Bolajonim, turdingmi? O‘zimning aqlligim, chidamliginam, hozir ketamiz.
– Sexga ham kirib, qo‘l qo‘yib chiqdingizmi, oyijon? – kattalardek so‘radi – Azizjon ko‘zlarini bazo‘r ocharkan.
– Ha, bolam, qattiq uxlab yotgan ekansan, uyg‘otmadim. Sexga kirib qo‘l qo‘yib, yangi gazetani olib chiqdim.
– Tandirdan uzilgan nondek issiqqinami, oyijon?
– Ha, mana, ko‘r, tandirdan uzilgan nondek issiqqina, hidiyam anqib turibdi.
Bola onasining har navbatchiligida bu gaplarni eshitadi, har safar gazetaga mehr bilan tikilib o‘tirgan onasiga qarab, goh rahmi keladi, goh u bilan faxrlanadi. Onasi tinmay o‘qiyveradi, zerikmaydi. O‘zi esa darslikka yarim soat termulsa bas, keyin kitoblarni otib yuborgisi keladi. Onasi esa gazetadan boshini ko‘tarmaydi. Joniga tekkan bo‘lsa kerak, ranglari siniq, o‘zi horg‘in, boshini egib sahifa o‘qiyotganida bilinar-bilinmas tushgan oq sochlari yaqqol ko‘rinardi. “Zaynab opa, qo‘l qo‘ydingizmi?”, “Zaynab opa sahifadagi mana bu jumlaga e’tibor bering”, deya musahhihlar maslahat so‘rab, kelib-ketib turishganida bola onasidan yanada faxrlanib ketadi. Onasi hammadan aqllidek tuyuladi.
– Bolam, mas’ul muharrirman. Sen xalaqit berma, uxla, – deya tayinlaydi, bijillab gap so‘rayversa…
– Mas’ul muharrir u qanday bo‘ladi? – so‘raydi bolakay.
– Bugun mana shu gazetaning chiroyli va mazmunli chiqishiga men javobgarman, – yarim hazil ovozda tushuntiradi onasi.
Bola onasini kuzatib o‘tirib ko‘zlarini uyqu bosadi. Onasining ta’biri va tasviri bolakayning ham onggi-shuuriga singib ketgan.
Bola sinfdoshi Nargizani yoqtiradi. Mayin tabassumi, yuzidagi kulgichimi, shaddodligimi uni o‘ziga tortadi. Biroq, uning bir odatini xushlamaydi. Nargiza bolakayning onasi chiqaradigan gazetaga har kuni har xil narsalarni o‘rab keladi. Goh jismoniy tarbiya kiyimini, goh yegulik nonmi…
– Gazetani uvol qilibsan-ku, – dedi nihoyat bir kun yurak yutib bolakay.
– Nimasi uvol bo‘larkan? Bir parcha qog‘ozku, – dedi burnini jiyirib qiz. O‘sha mahal bolaning ko‘ziga Nargiza butunlay boshqa qiyofada aks etdi. Ranjidi. Yuziga tarsaki urgisi keldi. Biroq, onasiga o‘xshab bosiqlik bilan tushuntirdi:
– Nonni ham gazetaga o‘rab bo‘larkanmi? Bo‘yog‘i bor. Oziq-ovqatdan bo‘shaydigan xaltalar ko‘p-ku. Ularni yuvib-taxlab qo‘ysang, ishlatasan.
Qiz uning gapini nazarga ilmadi. Gazetaga narsa o‘rab kelishini davom qilaverdi. Bir kun Azizjon uning ikkala sochini bir qilib, sezdirmay partaga bog‘lab qo‘ydi va alamidan chiqdi. Axir onasi gazeta uchun qancha ko‘z nurini to‘kadi. O‘zi ham onasini kutib horiydi.
Qizning sochini bog‘lab qo‘yganligi tufayli katta to‘polon chiqdi. Onasini maktabga chaqirtirishdi. Ona uyga kelganida so‘radi: “Bolam, Nargizani bekordan-bekorga jazolamagan bo‘lsang kerak. Nimadir g‘ashingga tekkandir. Biroq, inson munosabatlarida sabr-toqatli bo‘lishi kerak. Dilingga o‘tirmadimi, sen undan uzoqroq yur. Birovning dilini og‘ritmaslikka intil. Salbiy holatlarga duch kelsang, e’tibor bermaslikka harakat qil. Boshqa qizlarga qara, solishtir. Shunda haqiqatni topasan. Chunki, hamma narsa qiyoslaganda ochiladi”.
Ertasiga jismoniy tarbiya darsi bo‘ldi. Bola qizlarga e’tibor berdi. Hatto u yoqtirmaydigan Nasiba ham sport kiyimlarini gazetaga o‘rab kelmagan. Ixchamgina xaltachaga solib olgan. U yaxshi ko‘radigani Nargiza hamon o‘sha-o‘sha. Yana g‘ashini keltirish uchun gazetani shitirlatib qayta-qayta o‘raydi. Nihoyat u Nargizaga e’tibor bermaslikka odatlandi. Endi Nasibani kuzata boshladi…
Onasi uning ustiga paltosini kiydirdi. Pastga tushishdi. Ularni oppoq qushdek mashina kutib turardi. Bola mana shu yengil mashinani juda-juda yaxshi ko‘radi. Shuning uchun hech buvisining yonida qolmaydi. Maktabdan keyin onasi bilan navbatchilikka keladi.
Nazarida bir kuni dadasi kelib, uni oppoq mashinada olib ketadigandek tuyuladi. O‘zicha xayol qiladi: ana mashina keldi. Dadasi tavoze bilan orqa eshikni ochadi, onasini o‘tqazadi, keyin eshikni berkitadi. Dadasining yoniga o‘zi o‘tirib oladi. Keyin mashina o‘rnidan jiladi. Keng, ravon yo‘lda shamoldek uchadi. Uni masxara qiladigan Azamat ham, Nargiza ham og‘zini ochib qolaveradi. Kecha men katta oppoq mashinada uyga ketdim desa, hech bir bola ishonmaydi, kulishadi. Afsus, bu payt hamma o‘rtoqlari uxlab yotgan bo‘ladi-da. O‘n olti qavatli binoning oltinchi qavatidan lift ularni bir zumda pastga tushirib qo‘ydi.
Onasi haydovchi bilan quruqqina salomlashdi-da, orqa o‘rindiqqa o‘zini tashladi. Bola uning yoniga o‘tirib, pinjiga tiqildi. Onasi farzandining yelkasidan quchib, ko‘zini yumdi.
– Aziz ishlab charchadingmi? Onangga yordamlashgan bo‘lsang kerak-a, – so‘radi haydovchi. So‘ngra odatdagidek to uyga yetguncha mashinada jimlik cho‘kdi. Eshik oldiga kelganda uning ichidagi chirog‘ini yoqadi. Onasiga qog‘oz uzatadi. Ona qo‘lidagi soatga qaraydi, shofyorning yo‘llanmasiga vaqtni belgilaydi.
– Yo‘lakka kirib olguningizgacha chiroqni yoqib turaymi? – deb so‘radi haydovchi.
Onasi horg‘ingina “rahmat”, dedi.
Shu bilan eshik yopiladi. Mashina qorong‘ulik qo‘yniga singib ketadi.
Atrof zim-ziyo. Birorta xonadonda chiroq yo‘q. Do‘stlari mazza qilib uxlashyapti. Ona bola asta-sekin qo‘ni-qo‘shnilarni uyg‘otib yubormaslik uchun oyoq uchida yurib beshinchi qavatga ko‘tarilishadi. Bolaga hamisha shu beshinchi qavatga ko‘tarilishi qiyin kechadi.
– Oyijon, nega bizning domimizda ishxonangizdagidek lift yo‘q? – so‘raydi u. Onasi indamaydi. Uning ichiga cho‘kkan ko‘zlaridan horg‘inlik sezilardi.
Bola uyga kira solib ikkala xonaning chirog‘ini ham yoqadi. Dahlizga papkasini qo‘yadi-da, o‘zini yotoqxonaga uradi. Boya stulda uxlaganda osilib turgan oyoqlari dam olgandek bo‘ladi. Afsus, oppoq mashinada kelganimni o‘rtoqlarim ko‘rmadida, – ko‘ngilidan o‘tkazdi yana.
– Bolam, chiroqlarni o‘chirib yur, deyman hamisha. Hech gap qulog‘ingga kirmaydi-da, tejamkor bo‘lgin-da.
Onasining ovozi elas-elas eshitilar, bolaning qovoqlari og‘irlashib, ko‘zlari yumila boshladi. Tush ko‘rdi. Oq “Volga” ularning eshigi yoniga kelib to‘xtabdi… Qarasa, mashinani boshqarayotgan shofyor emas, o‘zining dadajoni emish. Yugurib borib dadasining quchog‘iga o‘zini otibdi. Dadasi bag‘riga bosib peshonasidan o‘pib qo‘yibdi. Xuddi go‘dakligidagidek tepaga otib “uchdi-uchdi, qush uchdi” deb erkalabdi. U o‘zida yo‘q baxtiyor ekan. U shu payt uyg‘onib ketdi. Tushi ekanligini angladi. Beixtiyor xo‘rsindi. Tushidagi quvonchini qo‘msar, ko‘zini ochmasdan, o‘sha daqiqalarni xayolida qayta tiklar edi…
Ra’no ZARIPOVA