Qadriga yetgan quvvatga to‘lar

Qadimda bir boy tabiblarga o‘z sog‘lig‘idan shikoyat qilibdi. Ko‘ksidagi simillagan og‘riq, quvvatsizlik uni qattiq tashvishga solibdi. Atrofidagi tabiblar uning dardiga davo topa olmagach, boy shifo ilinjida uzoq yo‘lga otlanibdi.

Borgan manzillaridan biridagi tabiblarning tekshiruv va tavsiyalari unga ma’qul bo‘libdi. Bir necha kunlik izlanishlardan so‘ng tabiblar bir xaltachani boyning qo‘liga tutqazishibdi-da, undagi dorini har sahar yeb turishni tayinlab, unga shifo tilashibdi.

“Bu dorini ichganimdan so‘ng dard ko‘rmagandek bo‘lib ketsam kerak. O‘zi ham “anqoning urug‘i”ga o‘xshash noyob malhamga o‘xshaydi”, deya xaltani ochib, ne ko‘z bilan ko‘rsaki, uning ichida bir necha dona turshak bor emish. Hafsalasi pir bo‘lgan boy olimlarga yuzlanib: “Ie, bu nimasi, axir?! Men shuncha yo‘l bosib, uzoqlardan olti dona turshakni olib ketgani keldimmi? Axir, bu meva uyimda eshigim tagida to‘kilib yotibdi-ku”, deya tabiblarga o‘z noroziligini bayon etibdi. Shunda ular “Siz hali shunday jannatmakon yurtda yashaysizmi? – deya boyga hayrat va havas bilan boqishgan ekan.

Darhaqiqat, tabiatning o‘zi dono tabib. Birgina o‘rik mevasini olsak, u inson organizmi uchun koni foydadir. Avvalo, bu mevani pishig‘ida uch-to‘rt marotaba to‘yib yeyish darkor. Yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilash uchun muntazam ravishda jismoniy tarbiya, ovqatlanish tartibi, dam olish bilan birga kuniga 100-150 gramm o‘rik mevasini yeb turish lozim. Uning turshagidan tayyorlangan sharbati tashnalikni qondiradi. Har kuni nahorda o‘rik sharbatidan bir piyola ichish yoki kuniga 4-5 dona o‘rik turshagini yeb yurish, har qanday yurak xastaligini davolashda qo‘l keladi. Bu quvvatbaxsh mevaning yana quyidagi foydali jihatlari ham bor.

Achchiq danakli o‘rik bargining suvini chiqarib quloqqa tomizsangiz, unga kirgan hasharotni chiqaradi va og‘riqni qoldiradi. Tarkibidagi A vitamini jihatidan o‘rik ismaloq va tuxum sarig‘idan qolishmaydi. 100 g miqdoridagi o‘rik kamqonlik kasalligiga qon yaratish jarayoniga xuddi 40 mg temir yoki 250 g yangi jigar bilan birdek ta’sir ko‘rsatadi.

 Xalq tabobatida yurak og‘riganda, u hapqirganda, qon bosimi ko‘tarilganda o‘rik mag‘zini choy qilib ichish tavsiya etiladi.

Abu Ali ibn Sino uning mevasi va yelimini me’da-ichak faoliyatiga ijobiy ta’sirini ta’kidlash bilan birga, jigar, taloq ishi buzilganda qon tarkibini yaxshilash, yurak-qon tomir xastaliklarini oldini olishda tavsiya etadi. U o‘rikni turli-tuman taomlarga solib iste’mol qilishi foydali ekanligi haqida yozadi.

Yana o‘qing:  Xolesterin haqida nimalarni bilasiz?

Zamonaviy tabobatda o‘rik mevasi peshob haydovchi dori vositalari va yurak glikozidlari ichilgandan keyin hamda miokard infarkti paytida hosil bo‘ladigan aritmiyalarda iste’mol qilish tavsiya etiladi. Uning tarkibidagi karotin organizmni A vitamini bilan ta’minlaydi. U asosan teri qatlami hamda shilliq pardalar faoliyatini yaxshilaydi, aterosklerozning oldini oladi.

O‘rik gipovitaminoz, anemiya (kamqonlik), gemorroy (bavosil), me’da-ichak kasalliklari, gijjalarga qarshi va yurak-qon tomir kasalliklarida shifo bo‘ladi. Ateroskleroz va u bilan bog‘liq yurak-qon tomir xastaliklari, miokard infarkti bilan kasallanishni kamaytiradi. Ayniqsa, ovqat hazm qilish buzilganda, qabziyat, me’da-ichak og‘riqlarini bartaraf qilish, jigar, taloq ishi buzilganda qon tarkibini yaxshilash, yurak-qon tomir xastaliklarini oldini olish kabilarda tavsiya etadi.

Shu bilan birga, o‘rik iste’mol qilishning ehtiyot choralarini ham unutmang. Mevasi tarkibida qand borligini hisobga olib, uni qandli diabetda berib bo‘lmaydi. O‘rik mag‘zini 20 gr. dan ortiq miqdorida iste’mol qilish yaramaydi. O‘rik mag‘zini murabboga solishdan oldin bir qaynatib suvini to‘kib tashlang. Ho‘l o‘rik mevalari yara kasalligi va o‘tkir gepatit bilan og‘rigan bemorlarga ham tavsiya etilmaydi.

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: