Bolalar sporti: e’tibor, rag‘bat, natija

Inson uchun eng aziz ne’matlardan biri shubhasiz, sog‘liqdir. Mamlakatimizda sport va jismoniy tarbiyaga qaratilayotgan yuksak e’tibor zamirida ham aynan salomatlikni ta’minlash, ruhiy barkamollik kabi ezgu g‘oyalar mujassam.

So‘nggi yillarda bolalar sportini tizimli asosda rivojlantirish o‘zining kutilgan samarasini bermoqda. Bugungi kunda sport bilan shug‘ullanadigan 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarimiz o‘rtasida o‘tkir respiratorli virusli infeksiyalar bilan kasallanish 47,3, pnevmoniya 55,6, bronxit 61,7, skolioz 45,5 foizga kamaygani muhim natija sifatida barchamizni quvontiradi. E’tiborlisi, bu kabi ijobiy o‘zgarishlarni har bir ota-ona o‘z oilasi, farzandi misolida ko‘rib, sportning bu boradagi ta’siri va ahamiyatini tobora chuqur anglab yetmoqda.

– Shifokorlar qizim Layloning oyoqlarida tug‘ma nuqson borligi haqida aytishganda, qattiq xavotirga tushdim, – deydi toshkentlik Nargiza Usmonova. – Yaqinlarimning maslahati bilan uni tumanimizda joylashgan sport majmuasiga olib bordim. Mana olti yildirki, Laylo badiiy gimnastika bilan muntazam shug‘ullanadi. Quvonarlisi, sport tufayli qizim dardidan butunlay forig‘ bo‘ldi. Qolaversa, mamlakatimizda o‘tkazilgan musobaqalarda faol qatnashib, bir necha bor g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Qiz bolalarni ommaviy tarzda sportga jalb etish borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar samarasi bugungi kunda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Prezidentimizning “Qizlarimiz timsolida biz avvalambor bo‘lg‘usi onalarni, xalqimiz, millatimizning umidi va tayanchi hisoblangan kelajak avlodni dunyoga keltirib, voyaga yetkazadigan naslimiz davomchilarini ko‘ramiz”, – degan fikrlarida ham bir olam ma’no mujassamdir.

Keling, shu o‘rinda raqamlarga murojaat qilsak. Joriy yilning 20 iyul holatiga ko‘ra, dunyoning 12 ta mamlakatida bo‘lib o‘tgan 16 ta xalqaro musobaqada sportning 10 turi bo‘yicha 150 nafar sportchi yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan bo‘lsa, ularning 43 nafarini qizlar tashkil etdi.

Farzandlarimizni sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazishda sport bilan bir qatorda musiqiy tarbiya ham beqiyos ahamiyatga ega. Chunki, jismoniy tarbiya insonning irodasini toblab, sog‘lig‘ini mustahkamlasa, musiqa uning ruhiga oziq beradi. Shu bois, mamlakatimizda sport ob’yektlarini qurish bilan bir qatorda, bolalar musiqa va san’at maktablarini barpo etish masalasiga ham alohida etibor qaratilmoqda. Jumladan, Respublika Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 2003–2015 yillar oralig‘ida 2 ming 205 ta inshoot qurilgan bo‘lib, ularning 283 tasini bolalar musiqa va san’at maktablari tashkil etadi. E’tiborlisi, ko‘rsatilayotgan bu kabi yuksak g‘amxo‘rlik tufayli farzandlarimiz turli nufuzli musiqa tanlovlarida, festivallarda faol ishtirok etib, o‘z iqtidori bilan dunyo ahlini hayratga solmoqda.

Yana o‘qing:  Xushxabar raqamlar

 

Joriy yilda ham jamg‘arma tomonidan jami 269 ta inshootlarda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borish ko‘zda tutilgan. Shulardan 18 tasi “Bolalar musiqa va san’at maktablari”dir.

 

– Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 2016 yilda foydalanishga topshiriladigan 245 ta sporti inshooti va suzish havzalarini zaruriy anjomlar bilan jihozlash rejalashtirilgan, – deydi jamg‘arma ijrochi direktori o‘rinbosari Akmal Bobonov.

Sportchilarimiz avvalgi yillarga nisbatan joriy yil nufuzli xalqaro musobaqalarda yaxshi natijalarni qo‘lga kiritishmoqda. Xususan, 2016 yil 17-22 mart kunlari Portugaliyaning Kaldas da Raina shahrida sportning jang san’atlari turi bo‘yicha o‘tkazilgan VI jahon chempionatida yosh sportchilarimiz munosib qatnashib, yakunda 40 dan ortiq davlatlar va 5000 ga yaqin sportchilar orasida umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, 29 mart – 5 aprel kunlari Polshaning Bigdosh shahrida karate bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida O‘zbekiston yoshlari 40 ga yaqin davlat va 1 ming 500 nafar sportchi ichida O‘zbekiston bayrog‘ini balandga ko‘tarib, umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egallashdi.

Ishonamizki, sportchilarimiz bundan keyin ham o‘zlariga bildirilgan ishonchni to‘la oqlab, qit’a va jahon chempionatlari, Olimpiada o‘yinlari, turli xalqaro musobaqalarda yuqori marralarni zabt etadilar.

 

Charos XUSHVAQTOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: