Yaxshilik va fidoyilik shiori edi
Ajalning avvaldan chalib keladigan qo‘ng‘irog‘i yo‘q. Yoki oldindan ogohlantiruvchi ishora ham qilmaydi. Shu bois yaxshi va yaqin insonning hayotdan kutilmaganda ko‘z yumishi uni bilganlar, taniganlar qalbini hamisha larzaga soladi. Ayniqsa, sen u inson bilan birga ishlasang, uni har kuni ko‘rib, gaplashib, maslahatlashib tursang, u bilan g‘amxona bo‘lsang bunday ayriliqqa chidash qiyin. Ammo Ollohning hukmiga hech qachon qarshi borib bo‘lmaydi.
O‘zbek matbaachiligi va noshirchiligi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi muharrir, zahmatkash tarjimon va tajribali noshir O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Shomuhitdin Mansurov oltmish yetti yoshda bevaqt olamdan o‘tdi. U do‘stlari davrasida o‘tirib, yaxshi tilaklar bildirib turib, bir lahzada hayot bilan vidolashdi. So‘nggi nafasini ham do‘stlari bilan baham ko‘rdi. Jon shunchalar omonat ekanki, shoir aytganidek, “chapingdan o‘ngingga boqqancha bo‘lmas”.
U kishi o‘z ishini har jihatdan puxta biladigan taniqli va ustoz noshirlardan edi. Shomuhitdin aka 1946 yil 28 martda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1970 yilda Toshkent Davlat (hozirgi Milliy) universitetining filologiya fakultetini tugatib, qisqa muddat “Kino” birlashgan tahririyatda muharrir bo‘lib ishladi. 1972 yildan to umrining oxirigacha “O‘zbekiston” NMIUda qizg‘in va samarali mehnat qildi. Bu dargohda muharrir, tahririyat mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari, bosh muharrir, direktor lavozimlarida ishladi. 2004 yildan buyon direktorning nashr ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari edi. Shuningdek, u kishi “Yozuvchi” nashriyoti direktori, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti bosh direktor o‘rinbosari, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida boshqarma boshlig‘i vazifalarida ham qisqa muddatlarda ishlagan. Bu fidoyi va zahmatkash noshirning faoliyati kitob va kitoblarning sirli, sehrli olami bilan benihoya uyg‘unlashib ketgan edi. U kitobni farzandidek yaxshi ko‘rardi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Xuddi qizini to‘y oldidan nikohga bekamuko‘st tayyorlagan onadek kitobni ham go‘zal kelinchak misol nashrga tayyorlar edi. U muharrir yoki mas’ul muharrirlik qilgan kitob chop etilganda olam-olam quvonchga to‘lardi. Yangi kitobni qo‘liga olganida ko‘zlari mehr bilan porlardi.
U xodimlar va xizmatchilarga nisbatan hamisha insoniy va samimiy munosabatda bo‘lardi. Hech kimga, hech qachon ovozini baland ko‘tarib gapirmagan, ayrim rahbarlarga o‘xshab stolni ham mushtlamagan. Lekin u kishining topshiriqlarini hamma birdek to‘g‘ri va halol bajargan. Xonasiga biror yumush va iltimos bilan kirgan odam undan rozi bo‘lib chiqib ketgan. Yaxshi insonlarni uchratish va ular bilan hamkor bo‘lib ishlash hamisha noyob hodisa hisoblangan. Bu kishi chin ma’noda haqiqiy yaxshi inson edi. Bu odamga nisbatan, ba’zan yaxshi degan so‘z ham kamlik qilardi. Birovni yomonlash, g‘iybat qilish u kishining tabiatiga mutlaqo zid edi. Uning faoliyati yaxshilikdan iborat edi. Yaxshilik va fidoyilik uning shiori edi.
U kishi hamisha sabr-qanoat bilan yashadi. Imkoniyat va sharoit taqozo etganda ham bir burda nonga qanoat qildi, sabr-toqat qildi. Va bu sabr uni yuksaklarga ko‘tardi, ulug‘lar safiga boshladi. U go‘yo o‘zi mehr bilan tarjima qilgan yozuvchi Yovdat Ilyosovning “Ilon avrovchi” asari qahramoni, Umar Hayyom yozgan ushbu misralarga amal qilib yashadi:
Kimningki bor esa
bir burda noni,
O‘ziga yarasha uy-oshiyoni.
Na birov unga qul,
na u birovga,
Ayt, shod yashayversin,
xushdir zamoni…
U o‘z kasbining haqiqiy ustasi, bilimdon va fidoyisi edi. Muharrir sifatida muallif mehnatini qadrlab, uning uslubiga, asarning mazmun-mundarijasiga aslo putur yetkazmaslikka harakat qilardi. Tarixiy va diniy mavzulardagi kitoblarni aniq manbalarga tayanib, birma-bir solishtirib so‘ng, chop etishga tayyorlardi. Shomuhitdin aka tariximizni yetuk bir olim darajasida yaxshi bilardi.
U kishi o‘ta oddiy, kamsuqum va kamtarin edi. O‘zini har qanday to‘dalarga, guruhlarga urmasdi. Aksincha biror iltimos bilan kelganlarga yordam berishga, zarurat bo‘lsa qo‘llab-quvvatlashga, ishini beminnat bitkazib berishga astoydil harakat qilardi.
Kamina “Navoiy 30” deb nomlanadigan tarixiy binoga ishga kelib topgan noyob va bebaho insonlarimdan biri shubhasiz Shomuhitdin aka edi. Salkam olti yil bir bino, bir qavatda ishlab go‘yo uzoq yillik qadrdonlarday bo‘lib ketgandik. Bu zahmatkash va samimiy insondan ko‘p narsalarni o‘rgandim.
U kishi chin ma’nodagi o‘zbek ziyolisi edi. Millatimizga xos bo‘lgan ko‘pgina fazilatlar Shomuhitdin akada mujassam edi.
Kulgini teran tushunardi. Hazilni, hazil hangomalarni aytishni yaxshi ko‘rardi. Ba’zan askiya qilib, davradagilarning kayfiyatini ko‘tarardi. Suhbatlari maroqli va shirin edi.
Bu fidoyi inson umrini mehnat bilan o‘tkazdi. Va bu sharafli mehnat uning umrini bezadi. U halol va to‘g‘ri ishladi. Shaxsiy manfaatidan, jamiyat va millat manfaatini hamisha ustun qo‘ydi. U nafs quli bo‘lmadi. U kishi o‘ta mas’uliyatli va har doim mas’uliyatni his qiladigan mehnatkash edi. Qo‘lyozmalarni uyiga olib ketib ishlardi.
Mustaqillik yillarida Shomuhitdin Mansurov yanada g‘ayrat va shijoat bilan ishladi. Mamlakatimiz noshirchiligini rivojlantirishda, uni yangi pog‘onalarga ko‘tarilishida munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyilardan biri edi.
Shomuhitdin Mansurov “Xalq dostonlarida estetik ideal”, “Xalq badiasi va qarashlari”, “Ma’naviy madaniyat va axloqiy tarbiya”, “Hayot va xayol farzandi”, “Sahnada tug‘ilgan san’at”, “Ming bir xazina” kabi bir-biridan qiziqarli ilmiy-ommabop risolalar va maqolalarning muallifi edi. U tarjimon sifatida Kuba yozuvchilari hikoyalarini, Yangi Zelandiya xalqlari ertaklarini, qator rus ma’rifatparvarlarining estetikaga oid maqolalarini hamda rus tilida ijod qilgan mashhur adib Yovdat Ilyosovning “Ilon avrovchi” qissasi va “Olachipor ajal” romanini mahorat bilan tarjima qildi. Roman “Jahon adabiyoti” jurnalining 2012 yil 8, 9, 10- sonlarida chop etildi. Bu tarjimalar o‘quvchilar, mutaxassislar va adabiy jarayonning yuksak baholariga sazovor bo‘ldi.
Fidoyi inson va noshir Shomuhitdin Mansurovning xizmatlari davlatimiz va hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, u “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni va “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan edi.
Yillar o‘tadi. Lekin Shomuhitdin Mansurovni ko‘rganlar, bilganlar va u kishi bilan birga ishlaganlar uning yaxshi insonligini, fidoyi va zahmatkashligini, hamisha nur yog‘ilib turadigan samimiy chehrasini bir umr qalblarida gavharday asraydilar.
Oxiratingiz obod bo‘lsin, Shomuhitdin aka!
Ashurali JO‘RAYEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist