Bir ruchkada 16 million rang
Ko‘pchilik, ayniqsa, bolalar rangli ruchkalar, flomasterlar va qalamlar bilan rasm chizishni yaxshi ko‘radilar. Ammo, qalamlar tez sinadi, flomasterlar esa qurib qolib, chizmay qo‘yadi.
Endi tasavvur qiling, barcha rangli qalam yoki flomasterlarning to‘plami bitta g‘aroyib ruchkada jam bo‘lsa.
Scribble – bu istalgan rangda yozish yoki bo‘yash mumkin bo‘lgan g‘aroyib ruchka. Ushbu noyob o‘quv quroli “Adobe Photoshop” redaktoridagi “tomizgich”ga o‘xshab avtomat tarzda rang tanlay oladi. Buning uchun ruchkaning bir uchini istalgan buyumga yaqinlashtirsangiz, u predmet rangini aniqlaydi. Bir necha soniyadan so‘ng esa sizning ixtiyoringizda shu rangdagi siyoh bo‘ladi. Masalan, ruchkani pomidorga tekkizsangiz, birdaniga qizil rang bilan, sabziga tekkizsangiz aynan uning rangida chizishingiz mumkin.
“Aqlli” sensor va g‘aroyib siyohlar
Ruchkaning barcha siri RGB-sensor va rangli siyoh to‘ldirilgan kartrijlarda bo‘lib, uning tepa qismiga maxsus rang datchigi va mikroprotsessor o‘rnatilgan. Ular hayotda uchraydigan deyarli barcha rangni farqlaydi.
G‘aroyib qurilmani yaratuvchilar, ushbu ixtiro 16 million rangni aniqlay oladi, deb va’da berishmoqda.
G. EGAMBERDIYEVA