Sangardak – ona yurt mo‘jizasi

Surxon vohasi o‘zining go‘zal manzarasi, betakror tabiati bilan alohida ajralib turadi. Boysun tog‘laridagi shifobaxsh suvlar, Bobotog‘ pistazorlari, Sherobod tog‘laridagi toshlarga o‘yilgan qadimgi bitiklar, Denov, Sariosiyo tog‘laridagi ko‘hna archalaru go‘zal sharsharalar, barcha-barchasi yurtimizning betakror ekoolamga ega ekanligini bildiradi.

Bulutlarga bosh qo‘ygan purviqor tog‘lar bag‘rida sizni ilk qarashdanoq o‘ziga maftun etadigan ajoyib maskanlar talaygina. Shulardan biri Sangardak sharsharasidir.

Yoz faslida kunlar isib, odamlar o‘zini soya-salqinga ola boshlaydi. Ana shunday vaqtda tog‘ yon-bag‘irlaridagi so‘lim go‘shalarga borib dam olgingiz, madaniy hordiq chiqargingiz keladi. Men ham ishxonadan mehnat ta’tili olib, yurtimizning so‘lim vohasi Surxondaryo sari yo‘l oldim.

 

Bolaligim o‘tgan ushbu jannatmakon o‘lkada bir-biridan go‘zal, takrorlanmas tarovatga ega tabiat maskanlari juda ko‘p. Ayniqsa, Sangardak sharsharasi tabiat yaratgan buyuk mo‘jizadir.

 

Dengiz sathidan 3 ming metr balandlikdan otilib chiquvchi sharshara 150 metrdan ortiq balandlikdan, atrofdagi qoyalarga urilib oqadi. Atrof hududlarida anjir, na’matak, uzum kabi bir qancha daraxt va butalar o‘sadi. Bu hududda tabiat yovvoyi tarzda saqlangan bo‘lib, inson tomonidan zarar yetkazilmagan. Ma’lumotlarga qaraganda, Sangardak sharsharasini hosil qiluvchi buloqning manbai qoyalar ichidagi ko‘lda joylashgan. Bu sharshara “Sharsharamozor”, “Sharrakmozor” nomlari bilan ham mashhur bo‘lib, har yili yoz mavsumida mazkur go‘sha ziyoratchilar bilan gavjum bo‘ladi. Uning atrofida kishini hayratga soladigan serjilo kamalak hosil bo‘ladi. Sangardak tog‘larida yana ko‘plab buloqlar ham mavjud bo‘lib, ular Sangardakbuloq, Shirinbuloq, Qorabuloq, Sirsoybuloq kabi nomlar bilan atalib keladi. Buloq suvi tog‘ yon-bag‘irlaridagi turli giyoh ildizlarini yuvib chiqqanligi sababli ham inson organizmi uchun shifobaxshlik xususiyatiga egadir.

Sharsharaga yetib borgach, ta’riflaganlaridan ham ortiqroq go‘zallikka guvoh bo‘ldim. Saratonning issiq taftidan salqin joy izlab kelgan odamlar bu yerda juda ko‘p ekan. Kimdir balandlikdan marjon donalari kabi quyoshda tovlanib tushayotgan sharsharani tomosha qilyapti. Yana kimdir Sangardak daryosida mazza qilib cho‘milyapti. Boshqalar esa sharshara yaqinidagi soya-salqin joylardagi supalarda oilaviy hordiq chiqarishyapti. Bu jarayonni kuzata turib, qalbimda shunday go‘zal yurtda tug‘ilib-o‘sganligimdan faxrlanish hissi jo‘sh urdi. Ushbu go‘zalliklarni tarixga muhrlash uchun suratga ola boshladim. Shu onda ko‘zim bir chekkada o‘ychan nigohlar bilan tog‘larga boqib turgan otaxonga tushdi. Basavlatligidan tog‘lik bo‘lsa kerak, deb sekin yoniga borib salom berdim. Salomimga alik olgach, o‘tkir nigohlari bilan menga boqdi-da, “mehmonmisiz” deya so‘radi.

Yana o‘qing:  “Ayol qalbi – mehr bulog‘i”

– Ha mehmonman, bu yerlarni go‘zalligi haqida eshitib, ziyoratga keldim, – dedim.

– Barakalla, yurtni tanish, uning har bir go‘shasini muqaddas bilish insonning burchidir, – deya gapimni ma’qulladi. Shundan keyin o‘zini shu qishloqdan ekanligini, 40 yil maktabda fizika fanidan dars berganliklari, yoshliklarida to‘ylarda kurash tushib, ot minib, uloq chopganliklari haqidagi qiziqarli xotiralarini so‘zlab berdi. Salomatxon desa qishloqdagi yoshu qari birday hurmat qiladigan bu inson shu yoshda ham Alpomishday kuch-quvvatga ega ekanligi, yoshligida mohir choboxon (uloqchi) va polvon bo‘lganidan darak berib turardi.

– Otaxon nega bu sharsharani “Sharrakmozor” deb ataysizlar, – deya so‘radim qiziqsinib.

– Bu haqda aniq ma’lumotga egamasmanu, ammo bolaligimda otamdan eshitgan bir afsona esimda. – Qadimda Sangardak katta qishloq bo‘lib xalqi to‘kin-sochinlikda yashagan, boylari ko‘p, yigitlari polvon bo‘lgan. Qizlari juda go‘zalligi uchun tillarda doston bo‘lgan ekan. Bir kuni tunda qaroqchilar qishloqqa xujum qilib, odamlarning mol-mulkini talabdi. Son jihatdan ko‘p bo‘lgan yov, qo‘liga qurol olishga qodir barchani qilichdan o‘tkazadi. Go‘zalligi tillarda doston bo‘lgan qishloq qizlarini asir qilib, olib ketishmoqchi bo‘ladi. Bundan xabar topgan hur qizlar tog‘ tomon qocha boshlashadi. Qaroqchilar izma-iz quvib keladi. Mana shu yerga kelganda qizlar holdan toyadi va ko‘kka qo‘l cho‘zib “Bizlarni dushman qo‘lida xor qilma, or-nomusimizni saqla”, – deya Yaratganga nola qiladi. Shu onda katta toshdan eshik ochiladi. Barcha qizlar kirgach, eshik yopilib, o‘rnidan katta sharshara otilib chiqadi. Shu-shu bu yer “Sharrakmozor” deb ataladigan bo‘lgan ekan, – deya Salomat ota so‘zini yakunladi va chuqur o‘yga toldi.

Ha, bu afsona qanchalik haqiqatga yaqinligini bilmadimu, ammo o‘zbek qizlarini qadimdan or-nomusini hayotidan ustun qo‘ygani haqiqat. Qishloq odamlari orasida yurgan yana bir afsonaga ko‘ra ko‘ngli toza, qalbi pok, mard insonlar sharsharaga yaxshilab razm solsa, qoyadagi toshlarda o‘sha hur qizlarning aksi ko‘rinar ekan.

 

Jamoliddin ABDULLAYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: