Yaxshi yashash baxti
Istiqlol yillarida erishgan muvaffaqiyatlarimiz shu Vatanda yashayotgan har bir inson qalbini faxr-iftixorga to‘ldiradi. Qisqa muddat ichida ulkan marralarga erishganimiz, eng avvalo, xalqimizning fidokorona mehnati samarasidir.
Aynan ana shu ahillik, fidoyilik samarasida O‘zbekiston 25 yil ichida butun dunyoga tanildi. Bugun dunyo hamjamiyati mamlakatimizni jahonning eng tez rivojlanayotgan davlatlaridan biri sifatida tan olmoqda. Prezidentimizning har tomonlama chuqur o‘ylangan ijtimoiy-iqtisodiy siyosati – taraqqiyotning “o‘zbek modeli” xalqimizni mustaqillikning ilk yillaridagi qiyinchiliklardan, moddiy va ma’naviy bo‘hronlardan eson-omon, betalofat olib o‘tdi. Ana shunday islohotlar natijalari bugun barcha sohalarda erishilayotgan yutuqlarimizda namoyon bo‘lmoqda.
Bank, sug‘urta, lizing, konsalting va boshqa turdagi bozor xizmatlari barqaror sur’atlar bilan rivojlanmoqda, ular xususiy sektor va kichik biznes rivojiga xizmat qilmoqda. Xizmat ko‘rsatish sohasida 80 ming 400 ta kichik biznes sub’yekti faoliyat yuritmoqda va bu xizmat ko‘rsatish sohasi korxonalari umumiy sonining 80 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi. Jahon bankining ma’lumotlariga ko‘ra O‘zbekiston keyingi yillarda tadbirkorlik faoliyati uchun ishbilarmonlik muhitini yaxshilash sohasida eng yaxshi natijalarga erishgan dunyodagi o‘nta davlat qatoridan joy olgani qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlanganidek, yurtimizda yalpi ichki mahsulotimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 2000 yildagi 31 foizdan bugungi kunda 56, 7 foizga yetgani yoki 1, 8 barobar oshganini alohida ta’kidlash lozim. Hozirgi paytda ushbu sohada jami sanoat mahsulotlarining uchdan bir qismi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 98 foizi ishlab chiqarilmoqda. Ish bilan band jami aholimizning 77 foizdan ortig‘i mazkur tarmoqda mehnat qilayotgani, balki mamlakatimiz boyligiga boylik qo‘shayotgani, avvalo, mustaqillik bizga ochib bergan imkoniyatlarning yaqqol isbotidir.
Xalqaro miqyosda katta nufuzga ega bo‘lgan Jahon iqtisodiy forumi reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 2014–2015 yillardagi rivojlanish yakunlari va 2016–2017 yillarda iqtisodiy o‘sish prognozlari bo‘yicha dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakat qatoridan joy olgani albatta barchamizni mamnun etadi.
Bundan tashqari, 2015 yilda mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ga a’zo davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishgani uchun beriladigan mukofotiga sazovor bo‘lgan 14 ta davlatdan biri sifatida e’tirof etildi.
O‘tgan yili bank tizimini yanada mustahkamlash, banklarning kapitallashuv darajasini oshirish va investitsiyaviy faolligini kengaytirish ta’minlandi. Bank tizimining jami kapitali 2014 yilga nisbatan 23, 3 foiz ko‘payib, 7 trillion 800 milliard so‘mga yetdi. So‘nggi 5 yilda mazkur ko‘rsatkich 2, 4 barobar o‘sdi. Bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi qariyb 24 foizni tashkil qildi. Bu umumiy qabul qilingan xalqaro standartlardan 3 marta, bank likvidligi esa eng yuqori ko‘rsatkichlardan 2 marta ko‘pdir.
Bugungi farovon hayotimiz, erishayotgan muvaffaqiyatlarimizda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-totuvlik va xotirjamlik muhim omil bo‘layotir. Zotan, tinchlik bor joyda taraqqiyot bo‘ladi. “Biz kim edik va bugun qanday natijalarga erishdik, qanday bebaho qadriyatlarga vorismiz” degan haqli savol ustida mushohada yuritishga, ota-bobolarimizga, yurtga munosib farzand bo‘lishga undaydi.
Behzodxon ASATULLAYEV,
“Trastbank” amaliyot boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari