OG‘RIQSIZ TAHDID
yoki elektromagnit nurlanishlarning inson organizmiga salbiy ta’siri
Inson organizmi yer yuzidagi barcha mavjudotlar singari o‘zining maydoniga ega. Bu – biomaydon deb ataladi. Uning ayrim odamlarga ko‘rinadigan qismi aura (xola) deb ham nomlanadi. Unutmang, tuxumsimon shu nurli qobiq tanamizni turli tashqi, salbiy quvvatlardan himoya qilib turadi. Uning shikastlanishi esa vujudimizdagi a’zolar va tizimlar faoliyatini ishdan chiqarib, turli kasalliklarga chalinishimizga sabab bo‘ladi. Agar inson organizmiga tashqaridan uning nurlanishidan kuchliroq elektromagnit maydoni ta’sir etsa tanamizning himoya qobig‘i yemiriladi.
Bunday holatda sog‘lig‘imizga jiddiy putur yetadi. Turli maishiy elektr asbob-uskunalar, uyali aloqa vositasi (“sotka”), kompyuter, televizor va hatto transport, shuningdek, odamlar gavjum joylar (ularning qanday kayfiyatda ekanligi ham muhim ahamiyatga ega), geopatogen (bexosiyat) hududlar, magnit bo‘ronlari ham salomatligimizga xavf solar ekan. Shuning uchun oilamiz bilan doimo sog‘-salomat yurishimiz uchun har narsada me’yorga e’tibor qaratishimiz va zararli hududlardan uzoqroq yurishimiz zarur. Ayniqsa, chaqaloqlar va yosh bolalar, shuningdek og‘ir xastalikni hamda kuchli ruhiy zo‘riqish (stress)ni boshidan o‘tkazgan odamlarning aurasi zaif bo‘ladi.
Mavzudan biroz chetlashgan holda biomaydon (aura)ni tozalash va uni himoya qilishga doir ayrim noan’anaviy tavsiyalarni berishni lozim topdik. Ya’ni, go‘daklarni ko‘pchilik yig‘iladigan joylar (bozor, transport, to‘y-ma’rakalar)ga iloji bo‘lsa olib bormaslik kerak. Zarurat bo‘lganda ham yosh bolalarni ko‘pchilikdan xoliroq joyda bo‘lishiga sharoit yaratish lozim. Mabodo biomaydoni zaif odam gavjum joylarga borib kelsa albatta iliq dushda o‘zini yaxshi his etguncha cho‘milishi kerak. Chunki, suv salbiy quvvatni yuvib yuboradi.
Yosh bolalarga salbiy quvvat (“yuk”)ning o‘tganini quyidagi alomatlardan bilish mumkin. Ya’ni, ular yig‘loqi va injiq bo‘lib qolishadi, uyqusida cho‘chib tushadi, ko‘zi chala yumuq holda uxlaydi. Ishtahasi past bo‘ladi. Agar o‘z vaqtida e’tibor berib go‘daklarni ham cho‘miltirmasangiz, ularning biomaydonini o‘rab turgan tuxumcimon parda shikastlanib misoli yelvizak o‘tganday tashqaridan salbiy quvvat inson tanasiga o‘tib turadi. Bu esa o‘z navbatida organizmning turli a’zo va tizimlar faoliyatini noto‘g‘ri ishlashiga olib keladi. Shuningdek, ular rivojlanishdan orqada qoladi. Noan’anaviy davolash usullaridan biri chakralar (tanamizga koinotdan quvvat kiruvchi yo‘llar)ni tozalash ham vujudimizdan salbiy quvvatni chiqarishga yordam beradi.
Katta yoshli aurasi zaif odamlarda tanaga salbiy quvvat kirsa, ularning ko‘ngli aynib, o‘qchish, ba’zan esa qusish, shuningdek, bosh aylanishi va behollik kuzatiladi. Shunday holatda darrov sun’iy dori vositalarini ichishga harakat qilmasdan, dastlab 30-40 daqiqa iliq suvli dush ostida cho‘milish shart. O‘sha paytda cho‘milishning iloji bo‘lmasa, yuz-qo‘llaringizni suv bilan yuving. Qo‘llaringizni ho‘llab boshingizni silang. Boshdan oyoq nam qo‘llaringiz bilan a’zoi badaningizdagi ko‘rinmas salbiy quvvat (“yuk”)ni sidirib tashlang. Keyin qo‘llaringizni sovunlab yuving. Atrofingizda mevali, baquvvat daraxtlar bo‘lsa yoki dub (eman), tolga biroz suyanib turish yoki uni quchoqlash ham salbiy quvvatdan xalos bo‘lishga yordam beradi.
Yana mavzuga qaytsak, Fransiya, Rossiya, Ukraina va Shveysariya davlatlarida o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra elektromagnit nurlanishlar bosh og‘rig‘i, asabiylikka sabab bo‘lib, uyqusizlik, insonni ruhiy xotirjamligini buzib, uni muvozanatdan chiqarishga qodir ekan.
Shuningdek, yuqori kuchlanishli elektr tokining yuzdan bir va hatto mingdan bir qismiga teng zaif elektromagnit maydoni ham inson sog‘lig‘iga o‘z salbiy ta’sirini o‘tkazadi. Chunki, inson biomaydonining nurlanish intensivligi shunday elektromagnit maydoni bilan to‘qnash kelganda zararlanar ekan. Ish faoliyati muntazam ravishda kompyuter, noutbuk bilan bog‘liq mutaxassislar, fen, bluts, radiotelefon va “sotka”dan huda-behudaga foydalanadigan odamlarda immunitetning pasayib ketishi (tez-tez kasallikka chalinish), doimiy ruhiy zo‘riqish (stress), jinsiy quvvatning pasayishi, kuchli charchoq kuzatiladi.
Ayniqsa, elektromagnit maydonining salbiy ta’siri qon yaratish tizimi, bosh miya, ko‘z, immun tizimi va jinsiy a’zolarga katta xavf tug‘diradi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, elektromagnit maydoni nurlanishlari har kuni va har daqiqada inson ko‘zi, miyasi, me’da-ichak tizimi, siydik-tanosil a’zolari tizimi, qon yaratish va yana immun tizimiga bilintirmay ta’sir etadi.
“Nima qilibdi, axir zamonaviy elektr asbob-uskunalardan foydalanmaslikning iloji yo‘q-ku?” deyishingiz mumkin. Quyidagi dalil va raqamlarga e’tibor bersangiz muammoning naqadar jiddiy ahamiyatga ega ekanligiga amin bo‘lasiz. Bilasizmi, 9-10 yashar bolakay 15 daqiqa kompyuter oldida o‘yin o‘ynagach uning qoni va peshobi mutaxassis-shifokorlar tomonidan tahlil etib ko‘rilganda saraton (rak) kasaliga chalingan bemorning qon hamda peshobi kabi salbiy elementlarni o‘zida namoyon etdi. Xuddi shu ko‘rsatkichlar 16 yashar o‘smirda yarim soat monitor qarshisida o‘tirganda va katta yoshli odam ikki soat tinimsiz kompyuter qarshisida o‘tirganda kuzatildi. Bundan tashqari o‘zgaruvchan elektr maydoni past chastotali tokni elektrolitlarda yig‘adi. Elektrolitlar esa to‘qimaning suyuq qismini tashkil etadi. Bu jarayonning o‘zgarishlar miqyosi keng ko‘lamli salbiy ta’sirga ega. Tadqiqot davomida bosh miya elektroensefalogramma qilinganda unda o‘zgarishlar ya’ni, bosh miyaning ta’sirotlarga javob reksiyasi susayib, xotira pasaygani, depressiya (tushkunlik) holatlari kuzatildi.
Shuningdek, laboratoriyada tajriba ostidagi hayvonlar ustidan kuzatuvlar olib borilganda elektromagnit maydoni ta’sirida yuqumli kasalliklarning tuzalish jarayoni cho‘zilib ketganini ko‘rsatdi. Endokrin tizim ham elektromagnit maydoni nurlanishlari uchun nishon hisoblanadi. Birinchi o‘rinda organizmga tashqi tomondan ko‘rsatiladigan salbiy ta’sirlarga gipotalamus — gipofiz — buyrak usti bezlari tizimi javob reaksiyasini beradi. Yana tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, elektromagnit maydon nurlanishi ta’sir etganda gipofiz faoliyati kuchayib ketadi. Bu esa o‘z navbatida qonda adrenalin miqdori va qon quyulishining oshishiga sabab bo‘ladi.
Amerikalik olimlarning kuzatishlaricha kompyuterda ishlovchi homilador ayollarning homilasi ko‘p holatlarda nuqsonli rivojlangan, shuningdek, ularda homila tushishi ehtimoli 80 foiz bo‘lgan. Yana shu xorijlik mutaxassislarning fikricha boshqa soha mutaxassislariga nisbatan elektriklarda miya raki 13 marta ko‘p uchrar ekan. Elektromagnit nurlanishlarning issiqlik ta’siri bo‘lmasada organizmning hayotiy muhim tizimlarida o‘z aksini ko‘rsatishi aniqlandi. Ayniqsa, asab tizimi undan aziyat chekar ekan. Buning ta’sir mexanizmini tushuntirish oson. Ya’ni, elektromagnit maydon hujayra membranasiga salbiy ta’sir etib, kalsiy ionlarining o‘tishiga xalaqit berarkan. Shu sababli asab tizimi noto‘g‘ri faoliyat yuritib, odamda jizzakilik, asab tarangligi va ruhiy zo‘riqish, depressiya (tushkunlik), xotira pasayishi kuzatiladi.
Hurmatli ota-onalar!
Uyali aloqa vositasi (“sotka”) bolalar o‘ynaydigan va go‘daklarni tinchlantirishda qo‘llaniladigan o‘yinchoq emas. Vaqti kelib farzandingiz sog‘lig‘i jiddiy zaiflashsa bunga o‘zingiz ham yaxshigina hissa qo‘shayotgan bo‘lishingiz mumkinligini eslatib qo‘ymoqchimiz, xolos.
Elektromagnit nurlanishlar homilador ayol va homilaga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Bolalar organizmi kattalar organizmiga nisbatan o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Ya’ni, ularning mijozi ho‘l bo‘ladi va miya to‘qimasining o‘tkazuvchanligi yuqori. Yosh bolalarda kattalarga nisbatan kalla suyagi yumshoqroq bo‘ladi. O‘sayotgan va rivojlanayotgan organizmga elektromagnit nurlanishlar ko‘proq ziyon yetkazadi. Ya’ni, embrion bachadonda rivojlangan davrdan boshlab to 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlik chog‘ida odam organizmida suv va ionlar ko‘p bo‘lar ekan. Bu esa organizmga elektromagnit nurlanishlarning tezroq singishiga zamin yaratadi. Kattalarda suyaklar o‘sishi bilan yo‘g‘onlashib, kalla suyagi ham zichlashib, qattiq bo‘la boshlaydi.
Homilador ayol va homilaga elektromagnit maydoni ko‘proq xavf tug‘dirishini ham yuqorida aytib o‘tilgan sabablar bilan izohlash mumkin. Ammo bo‘lajak ona uyali aloqa vositasidan qancha ko‘p foydalansa bu nafaqat uning butun organizmiga, balki homilasiga ham salbiy ta’sir o‘tkazar ekan. O‘tgan asrning 90-yillarida sobiq Ittifoq davrida elektromagnit maydonining ta’siri jonivorlar ustida o‘tkazilgan tajribalar orqali ko‘p o‘rganilgan edi. Tajribalar shuni ko‘rsatdiki, laboratoriya sichqonlariga hatto kichik miqdorda elektromagnit nurlanishlar ta’sir ettirilganda ham nurlangan jonivorlarning nasli yashashga kam layoqatli, zaif, nuqsonli, kam vaznli, markaziy asab tizimining ko‘pgina shartli reflekslari buzilgan holda dunyoga keldi. Tug‘ilgan sichqonchalar ham rivojlanishdan orqada qolib, tezda nobud bo‘lishdi. Katta sichqonlarda esa elektromagnit nurlar ta’siridan so‘ng jinsiy a’zolarida o‘zgarishlar, kam sonli nasl ko‘rish, ular homilasining nuqsonli rivojlanishi, o‘lik tug‘ish holatlari kuzatildi. Nurlangan laboratoriya sichqonlarida o‘tkazilgan tajriba xuddi homilador ayol “sotka”da gaplashganda homilasiga uyali aloqa vositasidan chiqayotgan elektromagnit nurlanishlar ta’sir etgani bilan teng ekan.
Endi o‘ylab ko‘ring, aziz bo‘lajak onalar! O‘z ixtiyoringiz bilan naslingiz hayotiga tahdid solmayapsizmi? Zarurat bo‘lganda faqat uy telefonlaridan foydalanishni sizga tavsiya etgan bo‘lar edik.
Aziz yurtdoshlar! Unutmang, nurlanishlar esa turli xavfli o‘sma (rak) kasalliklarining rivojlanishiga zamin yaratadi.
Gulchehra ShIRINOVA