Ko‘ngil ko‘zlari

Kasalxona bo‘lmasida ikkita og‘ir bemor yotardi. Kasallarning biri deraza yoniga, ikkinchisi eshik yaqiniga joylashgandi.

– Tashqarida nima gaplar? Oynadan u-bu ko‘rinyaptimi? Juda siqilib ketdi-yu odam… – dedi eshik oldidagi kishi.

– O‘-o‘! – dedi jonlanib ikkinchi xasta. – Osmonni, bulutlarni, ko‘lni va olisdagi o‘rmonni ko‘ryapman.

Deraza yonidagi kishi har kuni xonadoshiga deraza ortida nimalar bo‘layotganini so‘zlab berardi. U ko‘ldagi baliqchilar, ularning katta ilmoqlari, tutgan baliqlari, sohilda o‘ynab yurgan bolalar, ufqqa bosh qo‘ygan quyosh, suvning mavjlanib turishi va hokazolar haqida gapirardi.

U ajoyib-g‘aroyib manzaralarni hikoya qilarkan, sherigining ichini it tirnardi. “Bu adolatdan emas, – deb o‘ylardi. – Nimaga uni deraza yoniga qo‘yishgan-u, meni poygakka, oyoqostiga itqitishgan? U har kuni dunyoni tomosha qilib, rohatlanib yotadi. Men bo‘lsam, bo‘yog‘i ko‘chgan eshikdan boshqa narsani ko‘rmayman”.

Bir kuni oyna yonidagi bemorni qattiq yo‘tal tutdi, xirillab nafas ola boshladi. U hamshirani chaqirish uchun bosh tomonidagi qo‘ng‘iroq tugmasiga intildi, biroq yeta olmadi. Chunki, bunga majoli qolmagandi, yo‘tal kuchaygan, a’zoyi badani “dir-dir” titrardi. Xonadoshi bo‘layotgan voqealarni jimgina kuzatib turdi. Xohlasa, o‘zining tugmachasini shundoqqina bosar, hamshira zumda yetib kelardi. Lekin u xohlamadi.

Biroz vaqt o‘tgach bemor tinchib qoldi. U bu g‘alvali va diqqinafas dunyoni manguga tark etdi.

Uni olib chiqib ketishayotganda xonadoshi hamshiradan: “Endi meni oyna yoniga olib o‘tib qo‘ysangiz”, deb iltimos qildi. Hamshira uning o‘tinchini yerda qoldirmadi. Ko‘rpa-to‘shaklarni to‘g‘riladi, ustidagi jildini yangilagach, yaxshilab surdi. So‘ng bemorni ko‘chirib o‘tkazdi. Hammasi joyida ekaniga ishonchi komil bo‘lgach, eshik tomonga yo‘naldi. Biroq uni kasalning tovushi to‘xtatdi. Uning ovozida ajablanish bor edi:

– Axir bu qanaqasi?! Bu oynadan qup-quruq devorlargina ko‘zga tashlanyapti-ku! Anavi o‘lgan xonadoshim menga o‘rmonni, ko‘lni, bulutlarni, odamlarni ko‘rgani haqida gapirgandi. Qanday qilib? Axir bu oynadan odamni zavqlantiradigan hech narsa ko‘rinmayapti!

Hamshira ma’yus jilmaydi:

– U umuman ko‘ra olmasdi. Bechora sherigingizning ko‘zlari ojiz edi.

 

Orif TOLIB

Yana o‘qing:  Mehr

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: