Kompyuter o‘yinchoq emas
undan me’yorida foydalanish zarur
Bugungi kunda zamonaviy texnika, ayniqsa, kompyuter qarshisida bolalarning soatlab, hatto kun bo‘yi o‘tirishi odatiy holga aylangan. Bu holat ularning sog‘lig‘iga naqadar katta ziyon keltirishini anglaymiz, biroq bunga hammavaqt ham birdek e’tiborli bo‘lmaymiz.
Shunday ekan, farzandlarimiz sog‘lig‘ini asrashda e’tiborli bo‘lishimiz juda muhim.
Quyidagi hollarda kompyuter salomatlikka jiddiy zarar keltiradi, ya’ni, uzoq muddat o‘tirish, monitordagi elektromagnit nurlanishlar ta’siri, ko‘zning charchashi, qo‘l-kaft bo‘g‘imlariga tushadigan bosim, axborotlar yo‘qolib qolishi paytidagi asabiylashishlar.
Kompyuter qarshisidagi bolaning bo‘yni, boshi, qo‘li va yelka mushaklari tarang holda turadi, bu umurtqa pog‘onasiga ortiqcha yuk tushiradi. Oqibatda bolalarda skoloiz (umurtqa pog‘onasi qiyshayishi) kasalligi paydo bo‘ladi. Bir joyda ko‘p o‘tirish tufayli stul bilan tana orasida o‘ziga xos “issiqlik” holati yuzaga keladi. Kamharakatlilik moddalar almashuvining buzilishiga sabab bo‘ladi.
Shuning uchun, aziz ota-onalar, bolalaringiz kompyuter oldiga kelganda, o‘ta hushyor bo‘ling. Unga qomatini tik tutib o‘tirishi zarurligini uqtiring. Vaqti-vaqti bilan o‘rnidan turib, harakatda bo‘lishi, umurtqa pog‘ona mushaklarini mustahkamlash uchun turli tomonlarga egish va bukish mashqlarini bajarish maqsadga muvofiq ekanligini tushuntiring.
Kompyuterda ko‘p ishlaganda qo‘l, kaft, barmoqlarga yuk tushadi, og‘riqlar, qo‘llarning uvishib qolishi kuzatiladi. Bunda eng avvalo, kompyuter klaviaturalaridan foydalanganda tirsakdagi qo‘lni bukish burchagi to‘g‘ri (90 daraja) bo‘lishi talab etiladi. Kompyuter uchun moslashgan stullarda tirsakni qo‘yishga mo‘ljallangan maxsus moslamalar qo‘llarga vaqti-vaqti bilan dam olish imkoniyatini yaratadi.
Elektomagnit nurlari terining ochiq joylariga tushib, teri bilan bog‘liq allergik kasalliklarni chaqirishi mumkin. Shuning uchun xonalarda havo aylanishi yaxshi yo‘lga qo‘yilishi, ularni tez-tez shamollatib turish kerakligi, xonada namlikni me’yorda ushlab turishlikni maslahat beramiz.
Bugun texnika tobora takomillashib bormoqda. Ulardan foydalanishda, avvalo, salomatlikka zarar yetkazmaslik, ayniqsa, bolalarimiz sog‘lig‘ini muhofaza qilishga harakat qilaylik. Chunki, inson salomatligi azizdir.
Ko‘zning toliqib qolmasligi uchun quyidagi oddiy qoidalarga amal qiling:
- Monitor bilan ko‘z oralig‘i masofasi 45 sm. dan kam bo‘lmasligi shart.
- Yorug‘lik monitor ekraniga tushib, ko‘rishga halaqit bermasligi kerak.
- Ekran sathini tez-tez artib turish lozim.
- Ko‘zga tez-tez 10–15 daqiqalik tanaffus bering.
- 10 daqiqaga ko‘zingizni yumib turing.
- Bir necha marta ko‘z qorachiqlarini aylantirish zarur.
- Oynadan tashqariga qarab, uzoq va yaqinni ko‘rish mashqlarini bajarish lozim.
Qibray tuman Ibn Sino nomidagi QVP bosh shifokori Muxlisa SAYDALIYEVA tavsiyalari asosida Oygul SUYUNDIQOVA tayyorladi.