Xohish va ishtiyoq bolaning kasb tanlashidagi asosiy jihat
Farzandimizning ertasi bugun biz berayotgan tarbiya bilan chambarchas bog‘liq. Ba’zan ota-onalar ular ulg‘aygani sari tarbiya jarayonida ko‘pgina muammolarga duch kelayotganligini anglaydilar.
Bunda haddan ortiq mehri va g‘amxo‘rligi bilan farzandining faolligi, erk va qat’iyatiga soya solayotganini sezmay ham qolishadi.
Avvaliga ota-onalar o‘z orzularining ro‘yobini farzandida ko‘rishni istab, uni turli maktabdan tashqari mashg‘ulotlarga jalb etsalar, keyinroq “kasbim davomchisi” yoki “nufuzliroq” kasb egasi bo‘lishiga intiladilar. Shunday beminnat g‘amxo‘rliklar marjon sadafidek uzayib, jilolanib boradi-yu, bu shodaga osilayotgan jismning o‘z ruhidan begonalashgani, mustaqilligini yo‘qotib borayotganidan bexabar qoladilar. Oxir oqibat farzandining kasbida epsizligi, oilasi notinchligi, qat’iyatsiz va bo‘shangligidan noliy boshlaydi. Aslida qanday bo‘lishi kerak?
Psixologlarning fikricha bola tug‘ilganidan to bir yoshga kirgunga qadar tabiiy ehtiyojini qondirish yo‘lidagi tug‘ma instiktiv qobiliyatlarini ishga soladi. 1 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan oralig‘da, bolada muhim psixologik rivojlanishlar boshlanadi. Bu yoshda bola o‘zining “men”ini anglashi, uning kelgusida shaxs sifatida shakllanishiga qaratilgan harakatlarining debochasi sanaladi. Uning yetakchi faoliyati “predmetli, monupulyativ muloqot” bo‘lishi ham bolani o‘rab turgan atrofga munosabati, e’tiborining paydo bo‘layotganidan dalolat. Shu tariqa maktabgacha bo‘lgan davrida “o‘yin” faoliyati, kichik maktab yoshida o‘quv faoliyati, o‘smirlikda tengdoshlar bilan muloqot, o‘quv va kasbiy faoliyatini tanlash kabi muhim ishlarni amalga oshiradi. Shu o‘rinda bolaning yuqoridagi jihatlarda amalda bo‘lgan yetakchi jarayoni, bilish va ruhiy rivoj kasb tanlashga bo‘lgan ehtiyoj va qobiliyatini shakllantirib, turli bosqichlarda turlicha sayqallay boshlaydi:
– Maktabgacha bo‘lgan davr: o‘yin faoliyati paytida bola o‘ziga har xil kasbiy rollarni tanlashni boshlaydi.
– O‘smirlik davri: o‘smir o‘z xayolida, orzularidagi kasbni egallashga intiladi va u dastlabki kasbni tanlashga har xil faoliyat turlarini baholab ko‘rishga harakat qiladi.
– O‘spirinlikning so‘nggi bosqichida, bola amaliy qaror qabul qiladi. Bu davrda unda biror soha bilan shug‘ullanish istagi paydo bo‘ladi va aniq bir sohani tanlaydi.
Mutaxassislar tomonidan o‘rganilgan ushbu davrlar psixologiyasida amalda bo‘luvchi ushbu bosqichlar oilaviy muhit, atrofdagilar ta’siri va qiziqishlar bolada kasb tanlash haqidagi so‘nggi qarorini yuzaga chiqaradi. O‘z imkoniyati va qiziqishlaridan kelib chiqibgina tanlangan mutaxassislik jamiyat rivoji uchun xizmat qiladi. Mavjud orzu-istak, psixik-fiziologik imkoniyatlarni inobatga olib, har sohada qaror qabul qilish, inson hayoti davomida amalga oshiriladigan barcha o‘zgarish va faoliyatlarining muvafaqqiyatli yakuniga olib keladi. Bir so‘z bilan aytganda u malakali mutaxassis, jamiyat uchun zarur shaxs, qobil farzand va namunali ota yoki risoladagidek ona sifatida shakllanadi. Ota-onalar, aziz farzandlarini mustaqil, o‘z ishida faol va baxtli bo‘lishini istasa, bola hayotidagi muhim hamda ma’suliyatli pallada unga g‘amxo‘rlik, rahnamolik qilish bilan birga, istak va imkoniyatlarini ham e’tiborga olishi maqsadga muvofiqdir.
Shahnoza KARIMOVA,
TDPU “Pedagogika va psixologiya” fakulteti katta o‘qituvchisi