Ekologik tarbiya – oiladan boshlanadi
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lidan borib ko‘plab sohalarda ijobiy natijalarga erishib bormoqda. Shu jumladan, hukumatimiz tomonidan ekologiya muammolariga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda “ekologiya” tushunchasi mamlakatimizda har bir fuqaro uchun muhim ahamiyatga ega. Zero, barcha OAVlarda hozirgi sharoitdagi ekologik muammolar hamda ularni hal etish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar to‘g‘risida ma’lumotlar berib borilmoqda.
Demakki, bir davlatdagi muammo ham, yutuq ham boshqa mamlakatlarga o‘zining ijobiy va salbiy ta’sirini bir xilda o‘tkazishi aniq. Hozirgi kunda yer sharining turli nuqtalarida keng quloch yozayotgan ekologik tangliklar tabiatga nisbatan to‘g‘ri munosabat bildirishimiz va unga ko‘proq e’tibor qaratishimiz zarurligini anglatadi. Yurtboshimiz ekologiya muammolari hozirgi kunda umumbashariy mavzu ekanligini ta’kidlab, jumladan, “Ekologik xavfsizlik muammosi allaqachonlar milliy va mintaqaviy doiradan chiqib butun insoniyatning umumiy muammosiga aylangan”, degan edi. Darhaqiqat, ona tabiatni asrash — Vatanni asrash demakdir. Vatan ostonadan boshlanadi. Shunday ekan, har birimiz atrofimizdagi tabiatni asrab-avaylashga o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarur. Shuningdek, ona yurt ne’matlarining qadrini bilaylik.
Jannatmakon yurtimizda yoz va kuz fasllarida g‘arq pishgan mevalarimizni iste’mol qilganimizda ular tarkibidagi vitaminlar, mineral moddalar organizmimizning moddalar almashinuvida faol qatnashadi. Vitaminlarning 40 dan ortiq turi bo‘lib, ularning har biri odam organizmida muhim fiziologik vazifani bajaradi.
Ayniqsa, O‘zbekistonda yetishtirilgan va quritilgan mevalar inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan foydali moddalarga va darmondorilarga boy bo‘ladi. Chunki, serquyosh yurtimizning tabiati o‘ziga xos va unda yetishtirilgan meva va sabzavotlarning ta’mi boshqa mamlakatlardagiga nisbatan mazaliroq. Shu sababdan turli xil sharbatlar o‘rniga quritilgan mevalarni iste’mol qilishimiz sog‘lig‘imiz uchun yanada foydali. Chunki, biz iste’mol qilayotgan meva va sabzavot sharbatlari vitaminlarga bo‘lgan talabimizni to‘liq qondira olmasligi mumkin. Zero, har qanday sharbat tayyorlanish jarayonida turli xildagi bo‘yoqlar va konservantlardan foydalaniladi. Demak, ular tarkibidagi kimyoviy moddalar organizmga zarar yetkazishi mumkin. Quritilgan mevalar nafaqat to‘yimli, sifatli va shifobaxsh ozuqa. Balki, ular terini yoshartirib, uni oziqlantiradi ham. Vitaminlarga boy bo‘lgan turshak, mayiz, olxo‘ridan tayyorlangan niqoblar terini mayinlashtirib, go‘zal tus olishini ham ta’minlaydi.
Anjirning quritilgan qoqisi esa sochlarning mustahkam bo‘lishiga yordam bersa, behining quritilgani yuzdagi ajinlarni yo‘qotishda samarali ta’sir etadi.
Har bir ota-ona farzandiga bolalikdan ona tabiatni sevishni o‘rgatsa hamda yurtimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarning shifobaxsh xususiyatlari haqida ma’lumot berib borsa nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Zero, ekologik tarbiya oiladan boshlanishi sir emas.
Umida ABDULAZIZOVA,
Yunusobod tumanidagi 1-son akademik litsey o‘quvchisi