Ko‘z yoshlar g‘alaba olib kelmaydi

Batutda parvoz qilayotgan sportchini ko‘rsangiz, uning harakatlariga beixtiyor maftun bo‘lasiz. Bu sport turida muvaffaqiyat qozonish uchun uning mashaqqatlariga bardosh berish, o‘z ishining fidoyisi bo‘lish zarur. Balandlik qirolichasi deya e’tirof etiladigan Yekaterina Xilkoni muxlis va ishqibozlarga tanishtirishning hojati yo‘q. 2000 yilda u ilk bor Sidneydagi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan. 2008 yili Pekin Olimpiadasida bronza medalga sazovor bo‘lgan bu sportchi davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan.

U bilan suhbatlashayotganda qarshingizda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi”, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvonlariga sazovor bo‘lgan inson turganligiga ishonmaysiz. Sportda erishgan natijalaridan qat’iy nazar u nihoyatda kamtar, samimiy va insonlarning mashaqqatli mehnatini qadrlaydigan inson.

Hayotimni batutsiz sira tasavvur qila olmayman. Chorak asrdirki, shu sport turi bilan shug‘ullanaman. Mendagi sportga bo‘lgan mehr onamdan o‘tgan desam, xato bo‘lmaydi. Volidam gimnastika bo‘yicha murabbiy bo‘lganligi uchun bolaligimda ular meni gimnastika zaliga olib borgan. Sizga aytsam, hech qachon balandlikdan qo‘rqmaganman. Birinchi marta batutni ko‘rganimda esa o‘zimga-o‘zim, aynan shu sport turi bilan shug‘ullanaman, deganman.

Sportda yuqori natijalarga erishish uchun bolaning ko‘nglini ko‘taradigan, uni tushunadigan, kun tartibi, ovqatlanish me’yorlariga rioya qilishda yordam beradigan oila a’zolarining o‘rni katta.

Avvalambor, onam meni doim qo‘llab-quvvatlab turgan. Oilada onajonimning e’tibori, mehri men uchun juda muhim. Otamning ham alohida o‘rni bo‘lgan. Buni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Nima desam ekan, doim menga yordam berishgan. Bir voqea hamon yodimda. Bizning sportimizda vazn me’yorda bo‘lishi kerak. O‘smirlik paytimda men bir oz to‘lishganman. Ko‘pchilik qizlarda bunday muammo bo‘lib turadi. Ozmoqchi bo‘lganimda, otam bilan onam men bilan birga mashq qilib, ertalab yugurishgan. Mening muammomni birgalikda hal qilganmiz. Bunday e’tibor, mehr, menimcha, har qanday farzandning ko‘nglini ko‘taradi.

Nafaqat sportchilar, balki barcha odamlar sog‘lom turmush tarziga, to‘g‘ri ovqatlanishga rioya qilishlari zarur. Vaznini me’yorida ushlab tura olgan, shu bilan birga, foydali mahsulotlardan tayyorlangan ovqatlarni tanovul qilganlar kun davomida tetik yuradilar. Yekaterina Xilkoning bu boradagi o‘ziga xos tavsiyalari bilan qiziqdik.

Gimnastikachilar uchun to‘g‘ri ovqatlanish nihoyatda muhim. Agar ortiqcha vazn bo‘lsa, batutda sakrash qiyin bo‘ladi. Har bir gimnastikachi parhezga rioya qilishi kerak. Agar oz-ozdan me’yorda tanovul qilinsa, parhez tutmasa ham bo‘ladi.

Men unchalik ham ovqat tanlamayman. Kunlik ratsionda albatta go‘sht, tuxum va meva-sabzavotlar bo‘lishiga e’tibor beraman. Shirinlik ham ta’qiqlanmaydi. Mashg‘ulotlardan avval bir bo‘lak shokolad yeyman. Balki o‘zimni shunga odatlantirgandirman. Menga bu yordam beradi, deb o‘ylayman.

Sportning mashaqqatli damlari ko‘p bo‘ladi. Vazn muammosidan tortib, hatto jarohat olish holatlarigacha. Ammo maqsad sari intilgan, orzusi amalga oshishini istagan har bir atlet ko‘zlagan maqsadidan voz kechmaydi. Tanlagan yo‘lini o‘zgartirmaydi.

Yana o‘qing:  Olam juft yaralgan

Bolaligimda mashg‘ulotlarga katta ishtiyoq bilan kelardim. Hech qachon xohlamayman, bormayman deb aytmaganman. Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishni istagan atlet o‘zi tanlagan sportga butun borlig‘ini bag‘ishlashi kerak.

Ayollar nihoyatda hissiyotli bo‘lishadi. Xursand bo‘lishganida ham, qayg‘urishganida ham yig‘lab yuborishadi. Ayniqsa, mag‘lub bo‘lgan paytda har qanday sportchining ko‘zlaridan alam ko‘z yoshlari chiqsa kerak.

 

Balki bu sizga biroz g‘alati tuyular, lekin men musobaqalarda yig‘lamaganman. Nima bo‘lsa, bari yaxshilikka deyman. Omadsiz chiqishdan keyin harakatlarimni tahlil qilaman. Doimo ezgulikka intilib yashayman.

 

Bu yil Yekaterina Xilko Rio de-Janeyroda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Endilikda, u dunyoda besh marta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan yagona batutchi ayol sportchi bo‘ladi. Umrining asosiy qismini sport zalida o‘tkazgan, bu olamning achchiq-chuchugini yaxshi bilgan atlet barcha ota-onalarga bolalarini sport zaliga olib kelishlari zarurligini aytadi.

Yurtimizdagi barcha ota-onalarga farzandlarini sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratib berishlarini istagan bo‘lardim. Sport kishida iroda, sabr-toqat, mehnatkashlik kabi insoniy fazilatlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Balandlikni o‘ziga bo‘ysundira olgan Yekaterina Xilko suhbatdoshining ko‘nglini ham osongina zabt eta oladi. Uning chiroyli moviy ko‘zlarida esa, iroda, matonat, soddadillik bilan qat’iyatning uyg‘unligini ko‘rasiz. Suhbat so‘nggida omad kuchlilarga, o‘z ishining fidoyilariga, o‘ziga ishonganlarga nasib etishini tushunamiz…

 

Suhbatdosh:

Yulduz ORTIQOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: