TURMUSH OBODLIGI
va tabiatga oqilona, odilona munosabat
Ekologiya – bu siz bilan biz yashab turgan muhit, yashayotgan joy, qishloq va shaharlarimiz. Har kuni sahar tongdan bog‘cha, maktabga, o‘quv yurtlariga, ishga, el xizmatiga chopamiz. Atrof- muhitga e’tibor bilan qarashga vaqt yo‘q. Qarasak ham, qaramasak ham, xuddi hayot bir maromda davom etayotgandek. Lekin bir zum to‘xtab yashayotgan joyimizga, atrofga nazar tashlasak, dalalarimiz, bog‘larimiz naqadar go‘zal, chiroyli ekanligini ko‘rib qalbimiz yayraydi. Ona yerimiz boy, saxovatli va undan olinayotgan ko‘plab noz-ne’matlar, xom ashyolar, oqar daryolarimiz, o‘simlik dunyosi, hayvonot olamiga egamiz. Bular barchasi tabiat tomonidan berilgan in’om. Xo‘sh, mana shu berilgan in’omlardan oqilona foydalana olayapmizmi? Tabiatning ifloslanishi nafaqat mahalliy yoki mintaqaviy bo‘libgina qolmay, balki bugungi kunda umumbashariy tus olmoqda.
Tabiatda yuz beradigan har qanday o‘zgarishlar, albatta, uning muvozanatiga ta’sir qiladi. Biz buni hech qachon unutmasligimiz kerak.
Hozirgi davrga kelib, ekologik muammolar insoniyat oldida turgan eng asosiy masalalardan biri bo‘lib qoldi. Bugungi kunda ekologik muammolarni hal etish va ekologik xavfni bartaraf qilish qanchalik muhimligini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘zining “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarida batafsil yoritib berganligini alohida qayd qilib o‘tish lozim. Chunonchi, Prezidentimiz bu asarlarida “Bizdagi barqarorlik va xavfsizlik yo‘lida tahdid bo‘lib turgan muammolarni anglab yetayapmizmi? Xavfsizlikka tahdid solib turgan muammolarga nimani qarshi qo‘ya olamiz?.. Biz istiqomat qilayotgan mintaqada jug‘rofiy-siyosiy muvozanatning saqlanishiga nimalar kafolat bera oladi. Xavfsizlikni qanday qilib saqlab qolish mumkin?” kabi savollar dolzarb muammolar sifatida kun tartibidan o‘rin olgan.
Ekologik xavfsizlik – milliy xavfsizligimizning ajralmas qismi hisoblanadi. Shu bois biz umummilliy boyligimiz bo‘lgan Ona zamin, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralarimizni asrashimiz, ulardan oqilona foydalanishimiz lozim. Chunonchi, Konstitutsiyamizning 55-moddasida “Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir”, deb ta’kidlangan. Shuningdek, 50-moddasida esa, “fuqarolar atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar”, deb qayd qilingani ham bejiz emas. Shunday ekan, umummilliy boyliklarimizdan oqilona foydalanish barchamizning ham majburiyatimiz, ham fuqarolik burchimizdir, undan noto‘g‘ri foydalanish ekologik muammolarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Ekologik xavfsizlikni ta’minlashda xar bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Zero, bejizga 2013 yil – “Obod turmush yili”, deb e’lon qilinmadi. Xonadonimiz, uyimiz obod bo‘lsa mahallalar jamoli yana ochiladi. Yurtning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shiladi.
Aslida qadimdan xalqimiz ona yerni, tabiatni e’zozlab, undan oqilona foydalanib kelgan, uni qadrlagan, inson bilan tabiat o‘rtasidagi bog‘liqlikni, uning sirlarini o‘rganishga intilgan, tabiatga bo‘lgan o‘z ehtiromini namoyon qilgan.
Tabiat hodisalarining takomillashib borishidagi tushuncha va ta’limotlar, inson bilan tabiat o‘rtasidagi bog‘liqlik Abu Nasr Farobiy, Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarning asarlarida o‘z ifodasini topgan. Amir Temur, Alisher Navoiy kabi davlat arboblari doim obodonlashtirish, bog‘-rog‘lar barpo etish ishlariga alohida e’tibor qaratgan.
Tabiat sirlarini o‘rganishga bo‘lgan intilishni, buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan durdona asarlarni o‘rganish orqali bilib olish mumkin. Al-Xorazmiyning “Kitob surat ul -arz” nomli asarida 637 ta noyob tabiiy joylar, 209 ta tog‘ning geografik tafsiloti, dengizlar, daryolar, okeanlar, havzalar shakli, ularda joylashgan orollar koordinatlari to‘g‘risida fikrlarni bayon qilgan. Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Saydana” asarida 1116 turdagi dorivor xususiyatga ega nabotot va hayvonot olamiga mansub 750 o‘simlik hamda 101 ta hayvonlarni batafsil ta’riflab bergan. Eng olamshumuli shundaki, u o‘z tajribalari orqali tabiatdagi barcha hodisalar muayyan tabiiy qonuniyat asosida yuz berishi, tashqi kuchlar ta’siri uni izdan chiqarishi mumkinligi to‘g‘risidagi xulosaga kelgan.
Shuningdek, Farobiyning “Hindiston dorilari va dorivor o‘simliklari”, “Nabotot dehqonchiligi haqida” kitoblari, “Inson a’zolari haqida risola”, “Hayvon a’zolari haqida so‘z” kabi asarlari uning tabiat, nabotot va hayvonot olamini ulug‘vorligini ifoda ekanligining isbotidir.
Buyuk sarkarda Amir Temur tomonidan davlat boshqaruvida birlamchi obodonlashtirish ishlariga katta e’tibor qaratgani “Temur tuzuklari”da ham o‘z ifodasini topgan. Chunonchi, asardagi qarovsiz yerlarni obod qilishga, ularni hosildor yerlarga aylantirish haqidagi ko‘rsatmalariga asosan xarob bo‘lib yotgan yerlar egasiz bo‘lsa, xolisa, ya’ni davlat yerlarini boshqaruvchi mahkama tomonidan obod qilinishi qayd qilinganligi e’tiborga loyiq. Yana uning xarob bo‘lib yotgan yerlarda qurilishlar qilinishi, buzilgan ko‘priklarni tuzatish va daryolar ustiga ko‘priklar solish kabi qator ko‘rsatmalari atrof- muhit, tabiatga bo‘lgan e’tibordan dalolat berib turibdi.
Bugungi kunda ekologik muammolarni hal etish va atrof muhitni muxofaza qilishda, jamiyatda ekologik ong va ekologik madaniyatni shakllantirishda xalkimizning boy milliy an’analaridan foydalanish maqsadga muvofiq, hisoblanadi.
Mamlakatimizda so‘nggi 20 yil mobaynida atrof-muhitni muhofaza qilishga oid qonunchilik sohasi bosqichma bosqich yangilanib takomillashib bormoqda va shu sohada majmuaviy qonuniy-huquqiy baza yaratildi. Hozirda qariyb 30 ga yaqin qonun va 350 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlaydigan hamda fuqarolarning maqbul atrof-muhitga bo‘lgan huquqini kafolatlaydigan xalqaro konvensiyalar, shartnoma va bitimlar ratifikatsiya qilindi hamda imzolandi.
Oldimizda turgan vazifa mamlakatimizning noyob tabiatini asrab-avaylash, milliy boyliklarimizdan oqilona foydalanish, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi milliy hamda xalqaro qonun hujjatlari talablariga qati’y rioya qilish hamda ijrosini ta’minlashni talab etadi.
Bizning asosiy maqsadimiz – yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirish, mana shu maqsadimiz yo‘lida ekologik xavfsizlikni ta’minlash burchimiz ekanligini unutmaylik.
Mavjuda RAJABOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati