Bola kulsa, olam kuladi
Bolalik – xayolot olami. Yosh ulg‘ayib, bu olamdan uzoqlashib borganing sari u tushga, yetib bo‘lmas ro‘yoga aylanadi. Bolalikning zavq-shavqli, orzu-hayajonli, betakror va olis xotiralarini entikib-entikib eslaysan. Yer – o‘sha, osmon – o‘sha, faqat sen boshqasan. Bolalikka xayolan sayr qilgan paytlaring qadrdon damlarga bir pas qaytganday, olam-olam shodlik bilan chopqillab yurganday bo‘lasan, diling tozaradi, iliydi. Ko‘nglida bolalik tuyg‘ularini, beg‘ubor quvonchlarini asrab qola bilgan odamlar qanday baxtli-ya, deb o‘ylaysan beixtiyor.
1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan ayrim yurtdoshlarimizning bolalik haqidagi o‘y-fikrlari bilan qiziqdik.
Anvar OBIDJON,
O‘zbekiston xalq shoiri:
– Yaqinda Farg‘onada “Biz – buyuk yurt farzandlarimiz!” festivali bo‘lib o‘tdi. Yoshlardagi shijoat, g‘ayrat va faollikni ko‘rib chin yurakdan quvonadi odam. Bu shior shunchaki emasligi, farzandlarimiz haqiqatan ham buyuk yurtda yashayotgani dalili bu.
Festival doirasida bir qator uchrashuvlarda ishtirok etdik. Shunda men bir narsani ta’kidladim. Biz o‘qigan maktab eski bir binoda joylashgandi. Qishda o‘quv xonamiz pechka tutuniga to‘lar, yog‘ingarchilik paytlari tomidan chakki o‘tib ketardi. Endi hozirgi sharoitni qarang: ko‘rkam binolar, jihozlangan fan xonalari, sport zallari, stadionlar… Qaniydi, yoshligim qaytib kelsa-yu, qaytadan mana shu maktablarda, kollej-litseylarda o‘qisam, deb o‘ylab qolaman.
Bular mustaqillikning, yoshlarga berilayotgan yuksak e’tiborning samarasi. Eng muhimi, ana shu mustaqillikni, yurt tinchligini asrashimiz, bu ishga bor kuchimiz bilan hissa qo‘shishimiz kerak. Xudo xohlasa, hayotimiz bundan-da farovon, kelajagimiz bundan-da yorug‘ bo‘ladi.
Tursunboy ADASHBOYEV, bolalar shoiri:
– Odamning bolaligi mundayroq sharoitlarda o‘tsa ham, o‘zi uchun aziz, qadrli. Bolaligida ichgan yovg‘on oshining ta’mini ulg‘aygach topolmaydi, yalangoyoq tuproq kechib yurganidagi zavqini qidirib ovora. Go‘dak uchun olamdagi hamma narsa yangi, shuning uchun barcha narsaga hayrat bilan qaraydi. Ko‘rganlari ongiga muhrlanadi. Mening bolaligim haqida ham shunday gaplarni aytish mumkin.
Harflarni taniy boshlagan paytimdanoq adabiyotga mehr qo‘ydim. Birinchi she’rim oltinchi sinfda o‘qiyotganimda hozirgi “Tong yulduzi” gazetasida bosilgan. Ana endi quvonganimni ko‘ravering! Go‘yo butun olam meniki. Keyinroq o‘ylab ko‘rsam, tahririyatdagilar menga imtiyoz qilishgan ekan. Rag‘bat bo‘lsin, ilhomlanib ko‘proq yozsin deyishgan-da.
Bugungi yoshlarga qarang, ularga qanday imkoniyatlar yaratilgan. Ko‘rib faqat havas qilish mumkin. Mana shu imkoniyatlardan unumli foydalangan farzandlarimiz katta-katta yutuqlarga erishyapti, ko‘plari dunyo miqyosidagi tanlov va musobaqalarda g‘olib bo‘lyapti. Bularni ko‘rib, ko‘ngling to‘ladi, diling yayraydi. O‘zimning bolaligim bilan qiyoslaganda yer bilan osmoncha farq bor. Hozirgi bolalar zamonaviy texnologiyalardan foydalanishning hadisini olgan. Mana, o‘zimdan misol. Qo‘l telefonimga tushunmay qolsam yo kelgan xatni ocholmay xunob bo‘lsam, nevaram jonimga oro kiradi. Zamon bilan hamnafas bo‘lgan yoshlar kelajakda boshqa sohalarda ham yetakchi bo‘ladi deb umid qilaman.
Oybek MAMARAHIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati:
– Mustaqil mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish, ular salomatligini mustahkamlash, ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi borasidagi ishlar davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Joriy yilning “Sog‘lom ona va bola yili” deb atalishida ham ana shu ezgu maqsad mujassam.
Shukurki, bugun farzandlarimiz baxtli bolalik zavqini surib, tinch va osuda yurtda emin-erkin voyaga yetmoqda. Bundan har qancha faxrlansak arziydi. Afsuski, ayni paytda ommaviy axborot vositalari orqali xorij davlatlarida, jumladan, Afg‘oniston va Yaqin Sharq mintaqasining ayrim mamlakatlarida kuzatilayotgan notinch vaziyat barchamizni xushyor bo‘lishga undaydi. Hozirda ushbu hududlarda bolalarning och va yupun holda og‘ir ishlarga jalb etilayotgani, hatto qurol ushlashga majbur etilib, beg‘ubor bolaligi uvol qilinayotgani ana shu mamlakatlarning inqirozi deyish mumkin.
Bizning demokratik davlatimizda fuqarolar, jumladan, onalar va bolalarning salomatligi, huquq va erkinliklari hamda manfaatlari, ta’lim-tarbiya olishlari, yoshlarni kasb-hunar va mehnatga jalb etish kabi masalalarning qonun bilan himoyalanganligi tahsinga loyiq.
Jumladan, Mehnat qonunchiligimizda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan shu toifa xodimlarining sog‘lig‘i, xavfsizligi yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan mehnat sharoiti, noqulay ishlarda foydalanish ta’qiqlangan. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 242-moddasiga ko‘ra ish vaqti muddati 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlarga haftasiga 36 soatdan, 15 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun haftasiga 24 soatdan oshmaydigan qilib belgilangan.
Bir so‘z bilan aytganda mamlakat kelajagining yorug‘ va to‘kis bo‘lishi, ana shu yurtda kamol topayotgan yosh avlodning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishiga bog‘liqdir.
Daler SHAVKATOV, “Dancing Catalonia” nomli xoreografiya va vokal xalqaro tanlovi g‘olibi:
– Har bir insonning muvaffaqiyatga erishishida kimningdir daldasi kerak bo‘ladi. Ana shu ko‘mak ortidan inson kamolotga erishadi, hayotda o‘zining munosib o‘rnini topadi, yorqin kelajagini bunyod etadi. Bolaligim kunlarimga guvoh bo‘lgan qadim go‘sha – Samarqand ko‘chalari, uning tarixiy obidalari, moviy gumbazi ilhom manbaim bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. Zero, bu zamindagi o‘ziga xos ruhiyat va ko‘tarinkilik hech bir yerda uchramaydi.
Bolaligimdan musiqa va raqs men uchun o‘zga bir olam bo‘lib tuyulgan. Onamning aytishlaricha, arzimagan narsalardan musiqa asbobi yasab, o‘zimcha turli qo‘shiqlarni hirgoyi qilib yurar ekanman. Qisqasi, ana shu olamga ko‘nglim oshufta bo‘lib ulg‘aydim, kamol topdim. So‘ngra, Samarqand shahridagi 4-sonli musiqa va san’at maktabida malakali ustozlardan musiqa sir-asrorlarini puxta o‘rgandim.
Joriy yilning mart oyida Ispaniyaning Kosta Bravo shahrida “Dancing Catalonia” nomli xoreografiya va vokal xalqaro tanlovida ishtirok etdim. O‘sha lahzalarda ko‘nglimdan otam, onam va ustozlarimning “mahoratingga ishon, musiqa va harakatlarni dildan his et. Ana shunda yaxshi bo‘ladi”, degan ko‘rsatmalari o‘tdi va tabiiyki bu hayajonni yengib o‘tishimda katta yordam berdi. Men dunyoning 11 davlatidan 200 nafardan ortiq ishtirokchilar orasida birinchi o‘rinni egallab, ustozlarmining mehnatini, yurtimning beqiyos bayrog‘ini yana bir bor yuksakka ko‘tardim.
Ustozlarimning ko‘p yillik tajribasi va bergan bilimining samarasi meni yurtimizda o‘tkazilgan ko‘plab tanlovlarda g‘olib bo‘lishimga yordam berdi. Ularning arzimagan yutug‘imdan quvonib, bildirgan samimiy tilaklari meni behad quvontirib yuboradi. O‘tgan yili Riga shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro raqs festivalida Street Dance nominatsiyasi bo‘yicha granpri, hamda birinchi o‘rin sovrindori bo‘lganim ana shunday yuksak muvaffaqiyatlarimdan biri sanaladi. Bu chinakam tajriba va mahorat maktabi bo‘ldi. Bu g‘alaba meni joriy yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan konkursda ishtirok etishim uchun maxsus sertifikatni qo‘lga kiritishimga ham yordam berdi.
Bu osuda va farovon zamin biz kabi yoshlar uchun ulkan imkoniyatlar oshiyonidir. Ona Vatanimizning buguni, ertasi ulkan bunyodkorlikka, yuksak muvaffaqiyatlarga guvoh bo‘ladi. Biz yoshlar bunga va’da beramiz!