Beg‘ubor olam sehri
Bolalik – betakror olam. Uning qiyosini sira topib bo‘lmaydi. Unda g‘ubor yo‘q, tashvish yo‘q, hammasi osuda va dilkash.
Bolaligimni yodga olarkanman, mahallamizdagi dugonalarim bilan miriqib o‘ynagan o‘yinlar, oromgohda mazza qilib dam olgan paytlarim ko‘z oldimga keladi. Buvimning beozor koyishi, xolamnikida pishgan qovunlar shirasi, chorpoyada nomozshom vaqtidagi go‘zal va unutilmas lahzalar, bari fayzli, bari unutilmas edi. Onam yopgan non, bog‘imizda pishgan mevalarning betakror mazasi esa hech hachon yoddan chiqmaydi.
Yozgi ta’til kunlari… Mo‘jazgina qishloq… Devori yo‘q loysuvoqli fayzli xonadonlar… Uy yonidagi supada momomning totli “pari oshi”dan yegani kelib, mehmon bo‘lib qolgan bir talay nevara qizlar dimoqqa xush yoquvchi tonggi shabada quchog‘ida ko‘rpalarga burkangancha uxlab yotibmiz. To‘satdan momomning “turinglar, hoy qizlar”, degan ovozidan barchamiz sergak tortamiz. Birimiz supa ustida turib o‘rin-ko‘rpalarni yig‘sak, yana birimiz tonggi toza havo uyga kirsin deb derazalarni katta qilib ochib qo‘yamiz. Ko‘rpa-to‘shaklarni taxmonga xuddi momom o‘rgatgandek, gulu rangini biri-biriga moslashtirib yig‘amiz. Uy yumushlariga talabchan bo‘lgani uchun momojonim ishimizni to‘g‘ri bajarishga undaydi.
Yodimda, bir kuni ular barcha nevaralarni hovli atrofida pishib yetilgan isiriqlarni terishga undadi. Tog‘avachchalarim esa darhol “bu meniki, bu meniki” degancha talashib-tortishib giyohlarni tera boshlashdi. Bunday yumushga birinchi bor guvoh bo‘lganim uchun ishni nimadan boshlashni bilmay turib qoldim. Buni ko‘rgan momom meni yoniga chaqirib “Isiriqni bu tarzda terilishining o‘ziga xos sababi bor. Hozir senga bir voqeani aytib beraman”, deya o‘tirishga joy ko‘rsatdi. Ikkimizning suhbatga shaylanayotganimizni ko‘rgan qizlarjon zumda atrofimizga yig‘ilishdi. Momom asta hikoyasini boshladi.
“Qadim zamonda bir ayolning ikki qizi bo‘lgan ekan. Bir kuni ona farzandlarini tongda turg‘azib, uyi atrofida o‘sib yotgan giyohlarni terib kelishni buyuribdi. Shunda opa-singillar onasidan ko‘proq maqtov eshitish uchun talashib-tortishib ko‘proq giyoh terishga harakat qilishibdi. Buni qarangki, qizlar orasida aziz bo‘layotgan bu ne’matning shifobaxshligi yanada ortibdi. O‘sha giyoh isiriq ekan. Qissadan hissa shuki, agar talashib-tortishib terilsa, uning noyobligi yanada ortar va savobi ham shunga yarasha bo‘larkan”.
Momomning hikoyasi tugashi bilanoq, qizlarning bari isiriq terishga kirishib ketishdi. Men ham savobdan bebahra qolmay deya, hali qizlar oralamagan maydonga o‘zimni urdim. Shu kabi ibratli voqealar, yaxshilikka yetaklovchi hikoyalar bolalik deb nomlanuvchi sehrli olamning bir bo‘lagi edi.
Ba’zan o‘zimizcha qaysidir orzu-niyatlarimiz ushalmadi, deya taqdirdan gina qilib qo‘yamiz. Aslida armon qilishga haqqimiz bormikan? Hozir garchi turmush, oila, ish deb yelib-yugurayotgan bo‘lsak-da, farzandlarimiz qurshovida tinch va osuda yurtda baxtli hayot kechirmoqdamiz. Endi barchamiz o‘g‘il-qizlarimizga unutilmas bolalikning go‘zal olamini hadya etmog‘imiz lozim. Chunki, ertamiz davomchilari, bor umidimiz ana shulardir.
Mayna HASANOVA