Oromgohlar mavsumga shay

Joriy yil yoz mavsumida Jizzax viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi va viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi hamkorligida bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarida mazmunli dam oldirishni tashkil etish bo‘yicha bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyat maktablari qoshida 61 ta oromgohlar tashkil etilib, ularda jami 9345 nafar o‘g‘il-qizning hordiq chiqarishi mo‘ljallangan.

Tevarak-atrofi yam-yashil archazorlar bilan qoplangan Morguzar tog‘ tizmalari oralig‘idagi G‘allaorol tuman, “Guliston” qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli Jabosh qishlog‘ida joylashgan tajribali pedagog Sobir Sodiqov rahbarligidagi 2-umumta’lim maktabida tashkil etilgan so‘lim maskan hademay, 70 nafar bolajonlarning sho‘x o‘yin-kulgilari bilan yanada tarovatli bo‘ladi.

Oromgoh ostonasiga qadam qo‘yishingiz bilan “Bugun dam olish maskanida” deb ataluvchi yozuvga va ish rejasiga ko‘zingiz tushadi. “Mening o‘lkam”, “Baland qoya va tog‘lar”, “Qanotli himoyachilarimiz” kabi mavzudagi fotostendlar beixtiyor e’tiboringizni tortadi.

Shu tumanning Bolg‘ali qishlog‘ida joylashgan Asadulla Abdushukurov rahbarligidagi “Quyoshcha” nomli yozgi sog‘lomlashtirish maskanida 70 nafar dam oluvchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligining guvohi bo‘ldik. Jismoniy tarbiya madaniyati o‘qituvchisi Shuhrat O‘tanov yetakchiligidagi tarbiyalanuvchilar an’anaviy o‘yinlardan tashqari “Tortishmachoq”, “Yelkada kurash”, “Kim chaqqon?” kabi milliy o‘yinlar, oromgoh yo‘laklari bo‘ylab tez yurish va yugurish mashqlarini bajarish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Suv havzasida esa o‘g‘il-qizlar suzish sirlarini o‘rganish imkoniga ega bo‘ladilar.

Jizzax tuman, “Ziyokor” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan oliy toifali pedagog Xosiyat Jo‘rayeva rahbarligidagi “Nihol” sog‘lomlashtirish oromgohida ham 100 nafar o‘g‘il-qizning ko‘ngilli hordiq chiqarishlari, salomatliklarini mustahkamlashlari uchun belgilangan reja asosida ish olib borilayotganligining guvohi bo‘ldik.

Shu tumanga qarashli Alisher Navoiy nomli fuqarolar yig‘ini hududidagi 10-umumta’lim maktabi qoshidagi “Kamolot” nomli sog‘lomlashtirish oromgohida esa 100 nafar o‘g‘il-qizning yozgi ta’til kunlarini maroqli va ko‘ngildagidek o‘tkazishi uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilganligiga ishonch hosil qildik.

Shuningdek, Jizzax tumanidagi 30-, 31–va 46-umumta’lim maktablari, G‘allaorol tumanidagi 10-, 30-, 73–va 79-umumta’lim maktablari hamda Jizzax shahridagi 2–va 25-umumta’lim maktablari qoshida tashkil etilgan yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida ham bolajonlarning turli to‘garaklarga qatnashishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilganligidan mamnun bo‘ldik. Dam oluvchilar Sangzor daryosiga tutash joydagi qadimiy g‘orni tomosha qilib, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish imkoniga ega bo‘ladilar. Bu esa bolajonlarning yurtimiz tabiatiga bo‘lgan mehrini oshirish barobarida milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrashga o‘rgatadi.

Yana o‘qing:  Xushxabar raqamlar

– Sog‘lomlashtirish oromgohlarida olib boriladigan har bir tadbir bolalar dunyoqarashini boyitish, ijodiy qobiliyatini shakllantirish, ma’naviy kamol topishida yordam beruvchi asosiy tarbiya vositasi bo‘lib xizmat qiladi, – deydi Jizzax viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Isomiddin Umarov. – Mavsum oldidan tayyorgarlikni hukumatimiz tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish Konsepsiyasi” to‘g‘risidagi qaror asosida tashkil etganmiz.

O‘ylaymizki, bu yilgi yoz masumida farzandlarimiz har yilgidan-da maroqli dam olib, yangi o‘quv yiliga ulkan orzular bilan qadam qo‘yadilar.

Zebo MAMATQULOVA,

Abdulla SAIDOV,

Jizzax viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: