Ustoz – kelajak ijodkori
Birinchi sinfga qadam qo‘ygan bolaga nazar solsangiz, uning yuz-ko‘zidan mamnuniyat aks etib turadi. Bolakayning bilim sari qo‘ygan ilk qadami, uni hayratga solib, bir zumda barcha-barchasini bilib olgisi, sirli ko‘ringan olamning bo‘y-basti bilan anglagisi keladi. bilimga chanqoq o‘quvchining qiziqish va ishtiyoqini darhol anglab, unga qanot bo‘lishda esa birinchi ustozning tutgan o‘rni beqiyosdir.
Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 270-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Sayyoraxon Xoliqova ana shunday mehridaryo insonlardan. U 26 yildan ortiq pedagogik faoliyati davomida yuksak bilimi, pedagogik mahorati bilan shogirdlari qalbidan chuqur o‘rin egalladi. Ustoz o‘quvchilarga tahsil berish bilan bir qatorda, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari vazifasida ham faoliyat olib boradi. U 2012–2013-o‘quv yilida “Yil ma’naviyat targ‘ibotchisi” ko‘rik-tanlovining tuman va shahar bosqichida faol ishtirok etdi. Shuningdek, 2012-yil “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ustoz maktabdagi faoliyatidan tashqari Chilonzor tumanidagi “Beshyog‘och” mahallasida maslahatchi lavozimida ish olib boradi.
– Bolaning yomoni bo‘lmaydi. Aksincha tarbiyada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ota-ona yoki ustoz bo‘ladi, – deydi Sayyoraxon Xoliqova. – Boshlang‘ich sinf muallimi har bir o‘quvchini o‘z farzandidek sevishi, ularni diqqat bilan tinglay olishi lozim. Shundagina bola unga qalbini ochadi. O‘quvchida ustoziga hurmat, kishilarga ishonch, zavq bilan o‘qib-o‘rganish hissi uyg‘onadi. O‘qituvchining vazifasi bolaga bilim berish, uni yurtga munosib farzand etib tarbiyalashdir. Bu yo‘lda u har bir darsga puxta hozirlik ko‘rsa, ko‘rgazmali vositalardan ko‘proq foydalansa, albatta muvaffaqiyatga erishadi. Bugun mamlakatimizda ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor, o‘qituvchilarga yaratib berilayotgan imkoniyatlarni ko‘rib, shu kunlarga shukrona aytaman.
Kelajagimiz bo‘lmish yoshlarning mustaqil hayotda o‘z o‘rnini topib, el koriga yaraydigan insonlar bo‘lib kamol topishi, ularga ilk qalam tutishni o‘rgatayotgan fidoyi muallimlarga bog‘liq. Zero, ustoz – Vatan bunyodkorlarining tarbiyachisidir.
Feruzaxon XOLIQOVA,
TDPU talabasi