Erta nikoh – kelajak zavoli
Mamlakatimizda oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish, ayniqsa, yosh avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashini ta’minlash uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
Bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xotin-qizlarning oila va jamiyatdagi nufuzini mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda. Zero, bugungi kunda yosh o‘g‘il-qizlarni oila qurishga har jihatdan tayyorlab borish, sog‘lom, barkamol avlodni voyaga yetkazish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Oilaning negizi – bu nikohdir. Nikohlanuvchi shaxslar huquq va majburiyatlarining tengligi, muqaddas rishtaning o‘zaro ishonch asosida qonuniy tartibda bog‘lanishi sog‘lom va mustahkam oilaning shakllanishida muhim poydevor vazifasini o‘taydi.
Sog‘lom farzand ko‘rish oila baxti, ota-ona quvonchi. Uning dunyoga kelishi, ikki yoshni yanada yaqinlashtiradi. Oila mustahkamligi, farzandlar sog‘lig‘i, bevosita ota-ona salomatligiga bog‘liqdir. Ta’kidlash joiz, ayrim ota-onalarning nikoh, oila to‘g‘risidagi yuzaki qarashlari natijasida hali hayotda munosib o‘rnini topa olmagan, ham ruhan, ham jismonan oila qurishga tayyor bo‘lmagan qizlar taqdiri ayanchli oqibatlarga olib kelmoqda. O‘z farzandi salomatligi va baxti haqida o‘ylagan ota-ona bu borada ogoh turishi zarur.
O‘zingiz bir o‘ylang, farzandlarimizni 17-18 yoshga kirar-kirmas uylantirib qo‘ysak yoki uzatib yuborsak, ular oila haqida qanday tasavvurga ega bo‘ladi? Hayotning achchiq-chuchugini totmagan, biror kasb-kor egallamagan yoshlar oila atalmish muqaddas tushunchaning mohiyatini anglab yetadimi? Ular ertaga qanday farzand ko‘radi? Bolalariga qanday tarbiya beradi?
Erta yoshdagi onalikda homiladorlik va tug‘ruq asoratining o‘lim ehtimoli juda yuqori. Afsuski, ko‘pchilik oila qurayotgan yosh qizlar ham, ularning ota-onalari ham bu haqida kam ma’lumotga ega. Balog‘atga yetmay ona bo‘lgan ayollarning farzandlarida tug‘ma, irsiy kasalliklar kattaroq yoshdagi ayollarga nisbatan uchrash xavfi yana ham ko‘p uchraydi. Chunki, qizlar 16-17 yoshga to‘lgani bilan ularning organizmi homilaning rivojlanishi va bola tug‘ishga fiziologik hamda psixologik jihatdan hali tayyor bo‘lmaydi. Ilmiy ma’lumotlarga qaraganda qizlar 19 yoshga yetgach, fiziologik jihatdan to‘liq yetiladi. Xususan, bu davrda ularning endokrin tizimi va reproduktiv a’zolari to‘liq shakllanadi.
Yosh organizm homiladorlikni ko‘tara olmaydi va bola tushishi uning chala tug‘ilishi, ona qornida nobud bo‘lishi holatlari kuzatiladi. Oqibatda abort (homilani sun’iy oldirish) jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. Bu ko‘p hollarda kelgusida farzand ko‘ra olmaslikka olib keladi. Ma’lumotlarga ko‘ra ko‘p holatlarda yosh turmush qurgan ayollar 25-26 yoshdayoq ko‘p tug‘uvchilar guruhiga kiritilyapti. Aslida tibbiy nuqtai nazardan ayollar uchun farzand ko‘rishning eng maqbul davri 20-30 yosh oralig‘i hisoblanadi. Ana shu davrda ayol organizmi to‘liq shakllangan, o‘zining hayotiy bilimi ham oila qurishga, farzand ko‘rishga va bolalarini tarbiyalashga tayyor bo‘ladi.
Aholi turmush tarzi, madaniyati va dunyoqarashi o‘zgarishi tufayli yoshlarda ham oilaga, nikoh yoshi va farzandlar soniga nisbatan qarashlar o‘zgarmoqda. Ko‘pchilik bo‘lajak kelin yoki kuyovning o‘qigan, oq-qorani ajrata oladigan, oila bilan bog‘liq bilimlar (farzand tarbiyasi, oilaviy munosabatlar, uy-ro‘zg‘or yumushlari kabi)ni tushunadigan bo‘lishi zarur, degan fikrga kelmoqda. Oliy o‘quv yurti talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarda aksariyat yoshlar yuqori bosqichda yoki o‘qishni tugatgandan so‘nggina turmush qurishni ma’qullashgan.
Kuzatishlar davomida 17 va 18 yosh o‘rtasida katta farq borligi aniqlandi. Xususan, 17 yoshda bolalikka xos qarashlar saqlanib qolganligi tufayli, oilaviy munosabatlar va jamiyatdagi hodisalarga nisbatan emotsional, romantik munosabatda bo‘lish, kelajakni ideallashtirish kabi holatlar ko‘p uchraydi. 18 yoshda esa yoshlarda haqiqatan ham mustaqil shaxs ekanligini sezish hissi shakllanadi. Bu yoshda yigit-qizlarning qarashlari o‘zgaradi, fiziologik, aqliy, ruhiy tomondan ham kamolga yetadi, ma’lum ma’noda hayotga tayyor bo‘ladi.
Mutaxassislarning fikricha, turmush qurish uchun eng maqbul yosh: qizlar uchun 22-25, yigitlar uchun esa 24-30 yoshdir. Bu davrda yuqorida aytganimizdek inson organizmi farzand ko‘rish uchun to‘la tayyor bo‘ladi.
YUNISEFning “Hayot uchun dalillar” kitobida qayd etilishicha, ketma-ket ikki farzand tug‘ilishi o‘rtasidagi vaqt 2 yildan kam bo‘lmasligi zarur. Shuningdek, homilador ayolning yoshi 18 dan kam va 35 dan oshmagan hamda ayol umumiy hisobda to‘rt martadan ziyod homilador bo‘lmagan taqdirdagina ona va bola salomatligini ma’lum darajada yaxshilash mumkin.
Aziz yurtdoshlar!
Farzandlaringiz kelajagini, sog‘-salomat, barkamol bo‘lishini istasangiz yoshlarning erta yoshda nikoh qurishining oldini oling.
Mohira QAMBAROVA,
Salomatlik va tibbiy statistika instituti OAV bilan aloqa qilish bo‘limi boshlig‘i