MAHALLA – QADRIYATLAR OSHIYONI, HAMJIHATLIK MASKANI

Yaqinda tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imga bordim. Men uchun qadrdon hovliga kirib borarkanman, qalbimni hech bir so‘z bilan ta’riflab bo‘lmas, ajib hislar egalladi.

Ota-onam, yaqinlarim bilan shu kuni uzoq suhbatlashib, yarim tun bo‘lganini ham bilmay qolibmiz.

Erta tong onamning “Axir bolam kecha yo‘ldan kelgan bo‘lsa, biroz dam ola qolsin” deyishiga qaramay, otam meni qo‘shni mahalladagi Soyibjon akanikiga nahorgi oshga olib bordi.

– O‘g‘lim, shu ishing yaxshi bo‘ldi-da. Ancha vaqtdan beri mahalla-ko‘yga aralasholmading. Seni ko‘rib, qo‘ni-qo‘shni, yoshu keksa, ayniqsa, Soyibjon rosa xursand bo‘ladi, – dedi dadam yo‘l-yo‘lakay ketib borarkanmiz.

Avval hech e’tibor bermagan ekanman, to‘y mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shni, keksa-yu yosh bilan fayzli o‘tarkan. Qishloq ahli erta tongdan “Bizga nima xizmat?” deya qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib yumushga shay bo‘lib turishini, tan olib aytish kerakki, hech bir yurt, hech bir xalqda uchratmaymiz. Mahallaning raisidan tortib undagi faollargacha to‘yning chiroyli tarzda o‘tishiga bosh-qosh bo‘ldi. O‘sha kez qishloqdoshlarimning yuz-ko‘ziga boqib, shunday muqaddas zaminda tug‘ilib o‘sganimdan, tanti va sodda o‘zbek xalqi farzandi ekanimdan ich-ichimdan sevindim.

Ha, yaxshi kunlarimiz, turmush tashvishlarimiz el bilan birga. Mehmondo‘stlik, ahillik, saxiylik, bag‘rikenglik kabi chin insoniy fazilatlar ham ongu shuurimizga mahallada singgan. Qo‘shnichilik oqibati, yordamga muhtojlarga ko‘mak berish, keksalar holidan xabar olish, hashar o‘tkazish kabi ezgu fazilatlar ham xalqimizga xos qadriyatlardandir.

Quvonarlisi, istiqlol yillarida mahallaning maqomi mustahkamlanib, uning xalqimiz hayotida tutgan o‘rni yuksalib bormoqda. Prezidentimiz rahnamoligida mahalla faoliyatini tubdan yaxshilash, uni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, vazifalari ko‘lamini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bosh qomusimizda ham uning huquqiy maqomi belgilanib, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini tartibga solishga oid qonunlar qabul qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2013 yil 22 apreldagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq uning faoliyati yanada kengaytirildi. Endilikda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, hududni obodonlashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, ayniqsa, kasanachilikni rivojlantirish kabi ko‘plab vazifalar ham mahalla zimmasiga yuklatildi.

Mahalla faollari, yetakchi yoshlar tomonidan bayram kunlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar holidan xabar olish, “Mehribonlik”, “Saxovat”, “Muruvvat” uylaridagi fuqaro va tarbiyalanuvchilarga muruvvat yordamlari ko‘rsatilayotgani ham ko‘plab insonlarning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlayotir.

Yana o‘qing:  Quyosh tuhfa etgan tong

Ana shunday e’tibordan mamnun yurtdoshlarimizdan biri Nadejda Kuzminadir. Nadejda “Mehribonlik” uyida tarbiyalangan. Quvonarlisi, yaqinda Toshkent shahar, Mirobod tumani hokimiyati, tumandagi “Olmazor” mahalla faollari sa’y-harakati yordamida bu qiz o‘z uyiga ega bo‘ldi. Chuqur bilimi, namunali xulqi bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘layotgan Nadejda kelajakda yurtimiz ravnaqiga o‘zining munosib hissasini qo‘shishni niyat qilgan.

– Bolaligimdan ota-ona mehridan bebahra o‘sdim. Meni shu xalq, shu Vatan ulg‘aytirdi, o‘qitdi, voyaga yetkazdi. Hukumatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor tufayli bugun jamiyatda o‘z o‘rnimni topishga, malakali kadr sifatida yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga intilmoqdaman. Kelajakda ona Vatanimga munosib farzand bo‘lishga va’da beraman, – deydi Nadejda.

Mana shunday so‘zlarni eshitib, tinchlik hukm surayotgan jonajon yurtimizda inson qadri har narsadan ustun va aziz ekanligiga, mahallalarimizda sog‘lom ma’naviy muhit qaror topib borayotganligiga yana bir bor amin bo‘ldik.

Keling, shu o‘rinda raqamlarga murojaat qilaylik. O‘tgan 2015 yilda O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 3, 5 milliard so‘mga yaqin moddiy yordam ko‘rsatildi. Aholi sog‘lig‘ini tiklash, Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylarining uy-joylarini ta’mirlash bo‘yicha ham salmoqli mablag‘ ajratildi. 398 nafar nogiron va chin yetimlarning 525, 8 million so‘mlik o‘quv-shartnoma puli to‘lab berildi. Bu ham ushbu sohaga hukumatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor namunasidir.

Xabaringiz bor, joriy yilning may-iyun oylarida yurtimizda fuqarolar yig‘inlari raislari va ular maslahatchilarining saylovi bo‘lib o‘tadi. Ushbu jarayonda mahalla ahli faollik ko‘rsatib, insonlar dardi, ularning quvonch va tashvishlari bilan yashaydigan, har jihatdan munosib nomzodga ovoz berishi muhim ahamiyatga ega. Zero, mahallalarda amalga oshiriladigan barcha ezgu ishlar ko‘p jihatdan fuqarolar yig‘inlari raislariga bog‘liq.

Toshkent shahar, Mirobod tumanidagi “Olmazor” mahallasida bugun 3162 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 2452 nafari saylov yoshidagi fuqarolardir. Barcha joylarda bo‘lgani kabi ushbu mahallada ham mazkur siyosiy tadbirga jiddiy hozirlik ko‘rilmoqda.

– Turmush o‘rtog‘im bilan og‘ir zamonlarni ko‘rdik, – deydi mehnat faxriysi La’lixon Samedova. – Shukr, bugun yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mahallalarimiz esa kundan-kun obod bo‘lib boryapti. Farzand va nabiralarimning yuz ko‘zidagi quvonch-u shodlikka qarab, ularga shunday dorulomon zamonlarning qadriga yetinglar, deyman. Yaqinda mahallamizda fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilari saylovi o‘tkaziladi. Men ham ushbu siyosiy tadbirda ishtirok etib, o‘z nomzodimga ovoz bermoqchiman.

Yana o‘qing:  San’atim, sozimda madhing Vatan!

Mahalla – qadriyatlar beshigi, hamjihatlik maskani. Uning gullab-yashnashi, taraqqiy etishi sizga, bizga, barchamizga bog‘liq.

Sa’dullo TURSINOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: