ONA-BOLA SALOMATLIGIGA BAG‘ISHLANDI
Milliy matbuot markazida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan aholi salomatligini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar va galdagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Bu borada “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan ham qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy tibbiy yordamni oilalarga yaqinlashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ommaviy sportni rivojlantirish, tug‘ma va orttirilgan xastaliklar bilan kasallangan bolalarni sog‘lomlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda ixtisoslashgan tibbiy yordamga muhtoj bemor bolalar xorijiy klinikalarda sog‘lomlashtirilmoqda. Joriy yilda o‘n bir nafar bola Germaniya klinikalariga davolanish uchun jo‘natildi. Hamkorlik doirasida 64 nafar bola mamlakatimiz klinikalarida operatsiya qilinib, sog‘lomlashtirildi.
“Save the Children Koreya” xalqaro tashkiloti bilan imzolangan memorandumga ko‘ra yurak tug‘ma nuqson mavjud bemor 12 nafar bolaga Toshkent pediatriya tibbiyot instituti kardioxirurgiya klinikasida operatsiya qilinishi uchun bepul oksigenatorlar va butlovchi qismlar topshirildi.
Fondning ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari tomonidan xotin-qizlar qo‘mitalari va Xalq ta’limi boshqarmalari hamkorligida oilalarning ijtimoiy sharoiti, undagi psixologik muhit va bolalar sog‘ligi o‘rganildi. Ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari harbiy muassasalarda bo‘lib, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
Ekologik noqulay sharoitda yashovchi aholiga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan “Salomatlik poyezdi”ning malakali mutaxassislari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatining chekka tumanlarida yashovchi aholiga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatdi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi o‘rinbosari N. Mo‘minov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ona va bola salomatligini mustahkamlash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, tibbiy madaniyatni yuksaltirish borasida olib borilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
Z. MAMATQULOVA