Qishloqdagi begoyimning yaqin sirdoshi
Oy-kuniga hali vaqt bo‘lsa-da, tananing bel qismidagi og‘riqlar Go‘zalni tez-tez bezovta qila boshladi. U og‘riqlarga o‘z vaqtida e’tibor bermadi. “Biroz toliqibman-da”, deya navbatdagi yumushiga urindi. Ammo dard hech qo‘ymay simillardi.
Ahvolidan oiladagilarni boxabar qilib, xavotirga solgisi kelmagan kelin, erta tong bilan malakali ayollar shifokori, onkoginekolog Malohat Yunusova qabuliga shoshildi. Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi “Ko‘kterak” poliklinikasida qariyb 40 yildan buyon ayollarning dardiga malham bo‘lib, ularning yaqin maslahatchisiga aylangan qo‘li yengil, xushmuomala, tajribali shifokor bo‘lajak onaga shirin so‘zlari bilan tavsiyalar berdi.
Bemorning xavotirini aritgan shifokor xonasidan chiqib borayotgan kelinchakka yana qat’iy uqtirdi:
– Barcha ko‘rsatmalarga amal qiling-a. Shunda hammasi yaxshi bo‘ladi.
Xona bo‘shamasidan qabulga yana birin-ketin bemor ayollar kira boshladi. Shifokor kun davomida qirqqa yaqin bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazadi. Har birining o‘ziga yarasha dardi, jismida bezovta qilayotgan og‘riqlari bor. Kimdir ko‘ngliga yaqin shifokordan maslahat so‘raydi. Ammo Malohat Yunusova ko‘rigiga kelgan hech bir ayolni shunchaki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmaydi. Ularga kerakli ko‘rsatmalar beradi, turli tabiiy malhamlarni tavsiya qiladi, ularni qanday tayyorlashni o‘rgatadi.
Darhaqiqat, shifokorning davo choralari ro‘yxatida tabiiy malhamlar asosiy o‘rin olgan. Malohat Yunusovaning ta’kidlashicha, ayollar orasida turli xastaliklarning kelib chiqishi, yosh organizmda xavfli va xavsiz o‘smalarning yuzaga kelishida asosan kimyoviy dorilardan o‘zboshimchalik va pala-partish foydalanish sabab bo‘lar ekan.
Ginekolog navbat bilan ayollarni tekshiruvdan o‘tkazib, ularning so‘zlarini tinglarkan, beixtiyor ko‘nglida turli o‘ylar charx ura boshladi. – Ayolning tabiati qiziq-da. Oilasi va farzandlarining baxtu iqboli, yorining huzur-halovati, adog‘siz yumushlari qarshisida hamisha o‘zini, o‘zligini unutadi.
Shifokor shu haqda o‘ylar ekan, xonaga nigohlarida sarosima aks etgan kelinchak, uning ortidan esa bir ayolning kirib kelishi, o‘ylarini har yonga to‘zg‘itib yubordi. Ayol biroz tortindi-da, shifokorga yuzlanib, so‘z ochdi: “Qizimning turmush qurganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. To‘ydan so‘ng turli og‘riqlar uni bezovta qila boshladi. O‘tib ketar deb o‘yladim, ammo uning ahvoli kundan-kun yomonlashib borayapti”. Malohat opa kelinchakni ko‘rikdan o‘tkazarkan – Xastalik yaqinda boshlangan emas bu alomatlar uning o‘smirlik paytida paydo bo‘lgan, – deya o‘yladi. Xavotirdagi onaga yuzlanib, “Vahimaga o‘rin yo‘q, muolajalarni o‘z vaqtida tartib bilan olib borsangiz o‘tib ketadi”, – deya bosiqlik bilan javob berdi va qog‘ozga muolaja ko‘rsatmalarini yoza boshladi.
Chindan ham, kelinchak belgilangan muolajalarni o‘z vaqtida olib, butkul sog‘ayib ketdi. – Ayrim yosh ayollarda uchraydigan xastaliklar, uning bolalik paytiga borib taqaladi, – Shifokor ayollarning salomatligi borasida so‘z ochar ekan chehrasini sergaklik va kuyunchaklik egallaydi. – Demakki, ayrim onalarimizning e’tiborsizligidan qizlar katta hayotga jismoniy jihatdan to‘liq tayyor emas. Zero, qizlarni kelinlikka, onalikka tayyorlash oson ish emas. – Ayrim yosh qizlarimiz havoning sovuq bo‘lishiga qaramay, yupun kiyinishadi. Bu esa vaqti kelib, o‘z asoratlarini ko‘rsata boshlaydi. Agar ayol nozik jismini turli yot narsalardan asrab-avaylasa, issiq tutsa, yaxshi oziqlansa, salomatligi borasida hech ham tashvishga tushmaydi.
Tibbiyotda ma’lumki, makro va mikroelementlar inson organizmidagi hujayralarning yashovchanligini ta’minlovchi muhim omil. Agarda ular yetarlicha bo‘lmasa, hujayralar tezda nobud bo‘ladi va ayolda erta qarish jarayoni boshlanadi. Bu esa uning nafaqat chiroyiga putur yetkazadi, balki sog‘lig‘iga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, ayollarda uchraydigan turli o‘smalarning rivojlanishi, oddiy e’tiborsizlikdan boshlanadi. Ba’zan hujayraga yetarli miqdorda suv, oqsil va minerallarning yetib bormasligi sabab, u o‘z tuzilishini o‘zgartiradi va onkologik xastaliklarning yuzaga kelishiga turtki bo‘ladi.
– Ba’zi ayollar kunlik ovqatlanish ratsioniga rioya qilishmaydi. Bundan tashqari kasallik avj olib ketgandan so‘nggina shifokorga murojaat qilishadi. Bu esa xastalikni butkul bartaraf etishda turli qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi, – deydi Malohat Yunusova.
Chindan ham ba’zi ayollarimiz mehnat va uy yumushlariga shu qadar berilib ketganidan, shifokor huzuriga borish uchun vaqt topa olmaydi. Jismini og‘ritib turgan dardga sabr qiladi. Ba’zan o‘zgalarga bildirgisi kelmaydi, ba’zan esa iymanadi. Shunday kezlarda u uchun tibbiyot muassasasidagi ayollar shifokori eng yaqin sirdoshga aylanadi. Bunda esa Malohat Yunusovaga o‘xshagan fidoyi shifokorlarning xizmati yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shifokor ayollarning salomatligi borasida o‘ylantirayotgan barcha muammolariga osonlik bilan yechim topishga harakat qiladi. U goh turli o‘quv dargohlarda o‘quvchi qizlarga, goh mahalla fuqarolar yig‘inida qishloq ayollariga xotin-qizlar salomatligi borasida ma’ruzalar o‘qiydi. Ba’zan tuman bo‘ylab onkologik xastaligi bor bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazish, ularning holidan xabardor bo‘lish maqsadida xonadonlarga yo‘l oladi.
Bir so‘z bilan aytganda, sodda va mehnatkash ayollarning salomatligi borasida fidoyilik qiladi. Ammo kamtarin shifokor o‘z mehnatini ko‘p ham e’tirof etgisi kelmaydi. Fidoyilikni o‘z burchiga yo‘yadi. El orasida burchga sadoqat kishini hamisha ulug‘laydi, degan gap mana shunday jonkuyar insonlar haqida aytilgan bo‘lsa, ajab emas.
Ma’rifat TOLIPOVA