Farmatsevtika faoliyatining huquqiy asoslari takomillashtirildi

Inson, uning manfaati, turmush farovonligini yuksaltirish, huquq va erkinliklarini ta’minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezoniga aylandi.

Xususan, aholi salomatligini mustahkamlash borasida ham. Chunonchi, sog‘liqni saqlash tizimidagi sa’y-harakatlar tibbiy xizmat sifatini tubdan yaxshilash, ayniqsa, aholini sifatli, kafolatlangan dori vositalari bilan ta’minlash, farmatsevtika faoliyatini tubdan takomillashtirish kabi qator vazifalarni hal etishda muhim omil bo‘layotir.

Shuni alohida ta’kidlash joiz, istiqlol yillarida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Bunda sohaning huquqiy asosi izchillik bilan mustahkamlanib borayotgani ahamiyatlidir. Ayniqsa, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, mahalliy, tabiiy dorivor o‘simliklarni ko‘paytirish va mahsuldorligini oshirish, yangi dori vositalarini ishlab chiqarishning samarador texnologiyalarini yaratishning qo‘llab-quvvatlanayotgani va ishlab chiqarishga joriy qilinayotgani diqqatga sazovordir.

Yaqinda kuchga kirgan yangi tahrirdagi “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunda shu jihatlar o‘z ifodasini topgan. Qonundagi normalar davr talablari hamda amaliyotdan kelib chiqib, sezilarli darajada yangilangani va umume’tirof etilgan xalqaro talablarga mos qo‘shimchalar bilan to‘ldirilganini alohida ta’kidlash lozim.

Parlament quyi palatasida mazkur huquqiy hujjatni yangi tahrirda tayyorlash jarayoniga yurtimizda aholi salomatligini ta’minlash ustuvor o‘rin tutishi hisobga olingan holda yondashildi va bunda siyosiy partiyalar fraksiyalari faol qatnashdi. Xususan, dastavval hujjat fraksiyalar yig‘ilishida keng muhokama qilindi, uni takomillashtirish yuzasidan takliflar berildi. Bundan tashqari, joylarda aholi, soha xodimlari, mutaxassislar, fuqarolik jamiyati instituti, mahalliy farmatsevtika sanoati korxonalari vakillari ishtirokida muhokamalar tashkil etildi va ularning fikr-mulohazalari inobatga olindi. Bildirilgan takliflar qo‘mita huzurida tuzilgan olimlar, amaliyotchilar, mutaxassislardan iborat ekspert guruhi ishtirokida ishchi guruhi yig‘ilishlarida ko‘rib chiqildi. Yangi tahrirdagi qonunda dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlash (Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Tayyorlashga ruxsat etilgan dori vositalari ro‘yxatiga kiritilmagan dori vositalarini tayyorlash taqiqlanadi), shuningdek, ularni saqlash, sifatini nazorat qilish va rasmiylashtirish dorixonalar tomonidan amalga oshirilishi bilan bog‘liq normalar o‘z ifodasini topgan. Bundan tashqari, sifatsiz, qalbakilashtirilgan dori vositalari va tibbiy buyumlar, shuningdek, muomaladagi dori vositalari va tibbiy buyumlarning inson sog‘lig‘iga zararli ta’sirini tasdiqlovchi faktlar aniqlangan taqdirda, ularning tegishli tartibda muomaladan chiqarilishi belgilandi.

Yana o‘qing:  UYINGIZDA GO‘DAK TUG‘ILDI (davomi)

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, qonunda uning avvalgi tahriridan farqli ravishda Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’uliyati yanada oshirildi.

Shuningdek, mazkur qonunda Asosiy dori vositalari ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ikki yilda kamida bir marta ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi aks ettirildi. Bu endilikda byudjet mablag‘lari maqsadli ishlatilishi, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamining dori ta’minotini yaxshilashga va aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatilishi sifatini oshirishga, mahalliy farmatsevtika sanoatining rivojlanishiga olib keladi. Zero, aholini xavfsiz, sifatli va samarador dori vositalari, tibbiy buyumlar bilan ta’minlash maqsadida ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, xususiy farmatsevtika korxonalari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, ularga keng va teng sharoitlar yaratish kabi masalalar davlatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatda ustuvorlik kasb etadi.

Bilamizki, inson salomatligi – bebaho boylik. Shu bois, qonun fuqarolar sihat-salomatligini asrash, ularni sifatli dori vositalari bilan ta’minlash, ularning nojo‘ya ta’sirini oldini olish bilan bog‘liq qator yangi normalar bilan to‘ldirildi. Dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji realizatsiyasi farmatsevtika faoliyati yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayonki, dori vositalarining ayrim turlarini saqlash va tashish maxsus shart-sharoitni talab etadi. Unga rioya qilmaslik dorilarning sifati, xavfsizligi va samaradorligining yomonlashuviga olib kelishi mumkin. Shu bois, dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qiluvchi tashkilotlarning omborxona binolari, ularning tegishli tarzda jihozlanishi, saqlash davrida havo harorati rejimiga rioya etilishi amaldagi sanitariya qoida va me’yorlari hamda gigiyenik normativlarning talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.

Ushbu faoliyatni amalga oshirish esa, tabiiyki, maxsus farmatsevtik ma’lumotga va tegishli malakaga ega bo‘lgan mutaxassislarga bevosita bog‘liq. Bunday talab dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji realizatsiyasi bilan shug‘ullanadigan tashkilot faoliyatining amaldagi standartlarga mos bo‘lishini ta’minlaydi.

Shu sababli, dori vositalari va tibbiy buyumlar ulgurji realizatsiyasini tartibga soladigan hamda mutaxassislarga qo‘yiladigan talablarning qonun yangi tahririda mustahkamlab qo‘yilgani uning yanada samarali ishlashiga xizmat qiladi. Binobarin, endilikda dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faqat dorixonalar va ularning filiallari tomonidan amalga oshiriladi. Bu esa Prezidentimizning 1994 yil 14 iyuldagi “Respublikada dori-darmonlar sotishni tartibga solish to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalarga to‘la mosdir.

Yana o‘qing:  Vasiylik va homiylik

Umuman aytganda, mazkur qonun farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirishga, aholi salomatligini mustahkamlash, dorixonalarni sifatli dori vositalari bilan ta’minlashga oid chora-tadbirlarni tizimli ravishda amalga oshirishda mustahkam huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qiladi.

Mavluda XO‘JAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari,

Sattor RAHMATOV,

mazkur qo‘mita a’zosi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: