SANGZORLIK KULOL

U bolalik chog‘laridayoq musavvir bo‘lishni diliga tugib, mo‘yqalam ustalarining asarlarini diqqat bilan kuzatar, tinmay mashq qilardi.

Ish stoli ustida hamisha turli shakl, chizma va xomaki surat nusxalari turardi. Chizayotgan suratlarida aksariyat yosh, quvnoq bolalar aks etardi.

Fayzulla keyinchalik loy va gipsdan turli o‘yinchoqlar yasash bilan mashg‘ul bo‘ldi. Bu qiziqish unda atrof-muhit ta’siri va maktabda o‘tkazilayotgan kasb-hunarga yo‘naltirish ishlari orqali shakllana boshladi. Uning ishtiyoqini payqagan ustoz Bahrom Hamdamov yo‘l-yo‘riq va maslahatlarini ayamaydi. Fayzulla sekin-asta kichkintoylar uchun havas qilsa arzigulik turli o‘yinchoq va haykalchalar yasashga bel bog‘ladi. Ular hali san’at darajasiga yetmagan bo‘lsada, nafis va bejirim ishlangani tufayli ko‘pchilikda havas uyg‘otdi. Uning gipsdan ishlangan kichik hajmdagi byust va haykalchalarida ma’noni to‘laroq ifodalashga, ishonarli qiyofalar yaratishga harakat qilayotgani sezilib turardi.

O‘rta maktabni tugatgach Fayzulla Jizzax san’at bilim yurtiga (hozirgi San’at kasb-hunar kolleji) o‘qishga kiradi. Bu yerda mashg‘ulotlar davomida ustozlaridan rangtasvir va haykaltaroshlik sirlarini o‘rgana boshlaydi. Bilim yurtida o‘tkaziladigan turli tadbir va ko‘rgazmalarda rasm hamda hunarmandchilik buyumlari bilan ishtirok etadi.

Fayzulla Jo‘rabekov o‘quv dargohini tamomlab, Jizzax shahar, “Sangzor” mahallasida kulolchilik sexi ochdi. Vaqt o‘tishi bilan ishlab chiqarish hajmi kengaytirilib, zarur jihozlar bilan to‘ldirib boriladi. Aholidan birin-ketin buyurtmalar tusha boshladi. Mahallada ko‘pchilik uni “usta kulol” deb ataydigan bo‘ldi. Usta bilan sexda uchrashdik.

Usta kulol yigirma yildirki, o‘z kasbini e’zozlab, yoshlarga hunarmandchilik sir-asrorlarini o‘rgatishdan charchamaydi. Uning shogirdlari bugun viloyatning turli tumanlarida faoliyat yuritmoqda. Ahil jamoa har yili viloyat bo‘yicha o‘tkazib kelinayotgan turli yarmarka va ko‘rik-tanlovlarda gipsdan koshinlar, naqshlar, kichik hajmdagi haykalcha va o‘yinchoqlar, loydan ishlangan uy-ro‘zg‘or buyumlari bilan ishtirok etadi. Ayniqsa, Hasan va Husan Mamarahimov, Zoyir Xudoyqulov kabi ustalar ishlari ko‘pchilikka ma’qul bo‘lmoqda. Ustoz Fayzulla Jo‘rabekov 2010 hamda 2012 yillarda “Tashabbus” respublika ko‘rik-tanlovining sovrindori. Yaqinda “Usta-shogird maktabi”ni tashkil etgan ustoz Fayzulla aka Jo‘rabekov “Tashabbus – 2016” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida “Eng yaxshi hunarmand” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lib, diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi hamda tanlovning respublika bosqichida faol ishtirok etdi.

Yana o‘qing:  Ezgu maqsadlarimizning hayotiy ifodasi

O‘z kasbining ustasi Fayzulla Jo‘rabekov o‘z ijod namunalarini bolajonlarga sovg‘a qilishni yoqtiradi. Bolalar ham vaqti-vaqti bilan kulolchilik ustaxonasida bo‘lib, kasb o‘rganishga harakat qilmoqda.

Abdulla SAIDOV,

Jizzax viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: