OILADA SADOQAT, FAOLIYATDA FIDOIYLIK AYOLNING SAODATI
Malakali shifokor Kavsar Qodirovaning hayot yo‘liga nazar solar ekanmiz, havas qilsa arzugulik jihatlari ko‘pligiga amin bo‘lamiz.
– Hozirda ayollarimiz o‘z iqtidorlari, bilim va salohiyatlari bilan dunyoni lol qoldirmoqda, – deydi Kavsar opa. – Bolaligimdan shifokor bo‘lish orzusida astoydil o‘qib, o‘rgandim. Toshkent davlat tibbiyot institutining davolash fakultetini, keyinchalik internaturani tamomlagach, Temiryo‘l poliklinikasida vrach-terapevt bo‘lib ish faoliyatimni boshladim.
Oliygohda o‘qib yurgan kezlaridanoq shifokorlikni qahramonimiz mashaqqatli, mas’uliyatli, shu bilan birga sharafli kasb ekanini anglab yetgan. U o‘z kasbiga jon-jahdi bilan yondashib, fidoyi bo‘lib yashashni hayotining ezgu amaliga aylantirdi. Kavsar opa Qodirova uzoq yillardan buyon Temiryo‘lchilar poliklinikasining bosh shifokori lavozimida ishlab kelmoqda.
– Aytish joiz, davlatimiz rahbarining mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, sohaga ilg‘or texnologiyalar va yutuqlarni izchil tatbiq etishga qaratilgan farmon va qarorlariga asosan “O‘zbekiston Temir yo‘llari” AK poliklinikasida ham zamonaviy tibbiy jihozlar aholi salomatligi yo‘lida foydalanib kelinmoqda. Plastik operatsiyalar bo‘yicha eng malakali shifokorlardan Andrey Diksovich Koreya Respublikasiga borib o‘z malakasini oshirib qaytdi. Shuningdek, rentgenolog Yevgeniy Xegay, terapevt Aleksandra Sultonova hamda 32 mutaxassislik bo‘yicha malakali shifokorlar el salomatligi yo‘lida sidqidildan ishlab kelmoqda. Dilfuza Inoyatova ikki oy Janubiy Koreyada, Viktoriya Mui Sankt-Peterburgda o‘qib, o‘z tajribasini oshiradi. Kristina Pak-Sheeva, Ziyoda Azimova, Yelena Greshkina, Dilfuza Nosirova, Gulnora Usmonovalar ham ular izidan borib doimiy izlanishda.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturiga asosan, “O‘zbekiston Temir yo‘llari” AKda faoliyat yuritgan faxriy xizmatchilar, keksa va yosh bolali onalar va ularning bolalariga ham juda katta e’tibor qaratilmoqda. Korxonalardagi ayollar, onalar va bolalar o‘z vaqtida muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib boriladi, – deydi Kavsar Qodirova.
Bularning bari davlatimiz rahbari tomonidan sog‘liqni saqlash tizimiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, soha xodimlarining moddiy, ma’naviy manfaatdorligini oshirish yo‘lida ko‘rsatilayotgan cheksiz g‘amxo‘rlik samarasidir.
Kavsar opaning otasi Roziq Qodirov ziyoli pedagog bo‘lgani uchun 1937 yildagi qatag‘onlarda Novosibirskka surgun qilinadi. Ana shu surgunlik paytida dunyoga kelgan Kavsar opa otasining ro‘shnolik ko‘rmay o‘tganini yuragida cheksiz og‘riq, o‘kinch bilan eslaydi.
– Mustaqillik sharofati bilan ko‘plab qatag‘on qurbonlari qatorida otamning ham nomi to‘la oqlandi, – deydi Kavsar opa. – Ana shunday imkoniyatlar uchun shukronalik keltiraman. Endi bevosita faoliyatimga qaytadigan bo‘lsam, qariyb 25 yildan buyon shu dargohda bosh shifokor lavozimida faoliyat yuritib kelmoqdaman. Dastlab ish boshlagan kezlarimda hayotiy saboq berib, doimo yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turgan ustozlarim Normat Ermatov, Shavkat Jo‘rayevlardan minnatdorman. Meni yana quvontirgan bir jihat, faoliyatim mamlakatimiz temir yo‘l tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan barobar kechmoqda. Faxrlanib aytaman, istiqlol yillarida yurtimizning har bir go‘shasida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘l liniyasi ishga tushirildi. Farg‘ona vodiysi viloyatlarini yurtimizning boshqa hududlari bilan bog‘lovchi Angren-Pop temir yo‘l qurilishi, “Afrosiyob” tezyurar poyezdi qatnovining yo‘lga qo‘yilishi temiryo‘l sohasida ulkan tarixiy voqea bo‘ldi. Bu esa soha xodimlaridan doimiy ravishda izlanishni, bilim va malakalarini oshirib borishni talab qiladi. Qolaversa, xodimlarning salomatligini muntazam nazorat qilib borish, tibbiy ko‘riklar o‘tkazish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda biz shifokorlardan katta mas’uliyat talab qilinadi.
Quvonarlisi, bemorlarga to‘g‘ri tashxis qo‘yish, zaruriy muolajalarni ko‘rsatish uchun tibbiyot muassasamiz barcha zaruriy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan.
Kavsar opa Qodirova hayotda to‘kis baxtga erishgan ayol desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘g‘li Behruzjonning, nevaralarining quvonchi yuragini nurga to‘ldiradi.
Ezgulik va go‘zallik timsoli bo‘lgan ayolga ehtirom ko‘rsatish Sog‘lom ona va bola yilida yanada ustuvorlik kasb etdi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Ayollarga sharqona ehtirom va e’zoz ko‘rsatish avlodlarimizdan qolgan meros bo‘lib, biz bunday an’analarimizga doimo sodiq yashaymiz”, – deydi Kavsar opa Qodirova.
Shunday ekan, Kavsar opa ham oilasi, ham jamoasi bilan hamjihatlikda yuksak yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Bunday yutuqlarda ularga omadlar yor bo‘lsin, deymiz.
Oygul RAZZOQOVA,
jurnalist