Sog‘liq uchun zararli mahsulotlar

So‘nggi yillarda foydali mahsulotlardan ko‘ra zararli oziq-ovqat mahsulotlarining soni oshib bormoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, ayrim odamlar sog‘liq uchun foydali turli ko‘katlar, yog‘siz go‘sht, tabiiy parhez mahsulotlar, yog‘i olingan sut va qatiq mahsulotlari, sarxil, shuningdek, quritilgan meva-sabzavotlardan ko‘ra dudlangan, tuzlangan, konservalangan, yog‘li, shirin, achchiq hamda zararli transyog‘lar mavjud pishiriq, shirinliklarni xush ko‘rishadi. Sababi ular juda xushta’m bo‘lib, mazasi og‘izda qoladi.

Ishlab chiqaruvchilar iste’molchilar ularning mahsulotlarini sotib olishlari uchun jon-jahdlari bilan harakat qilishadi. Bu yo‘lda tinmay izlanishadi. Yuqorida nomlari tilga olib o‘tilgan mahsulotlar nafaqat xushxo‘r, balki sog‘liq uchun juda zararli hamdir. Chunki, ularning tarkibiga qo‘shimcha va hatto, ortiqcha miqdorda tuz, shakar, sirka, to‘yingan sun’iy transyog‘ (margarin)lar, biokimyoviy qo‘shimchalar qo‘shilmoqda. Sanoat rivojlanishi bilan birga ishlab chiqaruvchilar ham oziq-ovqat mahsulotlariga turli bo‘yoqlarni qo‘shishmoqda. Ayniqsa, turli sun’iy bo‘yoqli ichimliklardan ko‘ra gazsiz mineral suv va tabiiy sharbatlar, sarxil yoki quruq mevalardan tayyorlangan kompotlarni iste’mol qilgan sog‘liq uchun foydaliroq.

Hozirda qishloq xo‘jaligida ko‘pgina meva-sabzavotlarni yetishtirishda ham kimyoviy o‘g‘itlardan foydalaniladi. Ammo “hamma narsada me’yor yaxshi”, deydi donolar. Biroq, taomnomadan barcha mahsulotlarni olib tashlashning iloji yo‘q. Shunday bo‘lsada o‘zimiz va oila a’zolarimizning sog‘lig‘iga befarq bo‘lmaylik. Oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishda diqqat bilan uning yorlig‘ini o‘qib chiqish kerak.

Siz tanlagan mahsulot qanday tarkibga ega?

Hatto, oddiy ko‘ringan yogurtga ham turli oziq-ovqatlarga solinadigan biokimyoviy bo‘yoqlar solingan bo‘lishi mumkin. Yogurtning tarkibi qancha oddiy bo‘lsa, u shunchalik tabiiy bo‘ladi. Ma’lumki, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga choy, turli gazli va sun’iy bo‘yoqli ichimliklar berish mumkin emas. Choy tarkibidagi tanin temir moddasining ichaklarda so‘rilib, qonga o‘tishiga to‘sqinlik qiladi. Sun’iy bo‘yoqli gazli va gazsiz ichimliklar esa turli allergik kasalliklarni keltirib chiqaradi hamda yosh bolalarning ichini dam qilib, yel(gaz) to‘planishiga sabab bo‘ladi. Undan ko‘ra bolalarga gazsiz iliq mineral suv, ivitilgan turshak suvi hamda turli quritilgan meva qoqilaridan kompot ichirish ularning sog‘lig‘i uchun foydali. Yogurtni uy sharoitida o‘zingiz tayyorlasangiz ham bo‘ladi.

Barcha turdagi tez tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari, quritilgan go‘shtli va sabzavotli sho‘rvalar, ugralar, kartoshkali pyure kimyoviy sanoat mahsulotidir. Ularni iste’mol qilish-qilmaslik o‘zingizga havola.

Yana o‘qing:  KO‘KRAK SUTINING BOLA HAYOTIDAGI AHAMIYATI

Ayniqsa, to‘yingan transyog‘lar (margarin va shu kabi sun’iy yo‘l bilan olingan yog‘lar) juda ko‘plab oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida uchraydi. Bu yog‘lar yurak-qon tomir tizimi kasalliklarining asosiy sababchisidir. Ular qonda yomon sifatli xolesterinning oshishiga sabab bo‘ladi hamda qon tomirlarda yog‘li tiqilmalar hosil qiladi. Shuningdek, semizlik, qandli diabet, ko‘krak bezlari saratoni rivojlanishiga zamin yaratadi. Erkaklarda testosteron gormoni kamayib ketishiga sabab bo‘ladi.

Hozirda Yevropa Ittifoqiga kiruvchi davlatlarda oziq-ovqat mahsulotlarida transyog‘larni qo‘llamaslik qonuni mavjud. Ikkinchi o‘rinda shakar va uning o‘rnini bosuvchi mahsulotlar, misol uchun aspartam zararli hisoblanadi. Yana shuningdek, rivojlangan davlatlarda ko‘pgina shakar o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga qo‘shish ta’qiqlangan.

Aspartam – shakar o‘rnini bosuvchi sun’iy usulda olingan mahsulot. Xorijda o‘tkazilgan ko‘pgina ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra bu mahsulot miyaning ayrim sohalari tuzilishiga narkotik vositaday salbiy ta’sir etib, odamning ruhiy holati buzilishiga sabab bo‘lar ekan. O‘z navbatida insonning intellekt (aqliy salohiyati) susayib ketadi. Xotira buziladi. Axborot qabul qilish jarayoni yomon tomonga o‘zgaradi. Xuddi shunday yemiruvchi jarayon jigarda ham kuzatiladi.

Barcha turdagi “fastfud”lar geni o‘zgartirilgan mahsulotlar kompozitsiyasidan iborat. GO‘M – geni o‘zgartirilgan mahsulotlar esa texnika taraqqiyoti natijalaridir. Shu sababli dunyo bo‘yicha 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga hamda homilador ayollar va organizmida gormonal o‘zgarishlar kuzatilayotgan insonlar uchun GO‘Mlarni iste’mol qilish ta’qiqlanadi. Shunday qilib diyetolog (parhezshunos)lar fikriga ko‘ra, quyida sog‘liq uchun eng zararli bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarining qisqacha ro‘yxatini bayon etamiz.

Chips va kartoshkali fri

Bu mahsulot uglevod va yog‘ aralashmasi hamda bo‘yoqlar, ta’m beruvchi bioqo‘shimchalardan iborat. Ishlab chiqaruvchilar ko‘pincha noorganik kartoshka (tez yetilishi uchun ushbu poliz mahsulotlariga ko‘p kimyoviy ishlov beriladi. Ayniqsa, pestitsidlar ko‘proq qo‘llaniladi.)dan foydalanishadi.

Qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari

Qayta ishlangan go‘sht mahsulotlariga kiruvchi dudlangan kolbasalar va go‘sht, sosiska, pishirilgan kolbasa tarkibi gormon, nitratlar hamda turli kimyoviy qo‘shimchalardan iborat. Yana bu mahsulotlarga tovuq yoki kurka terisi (evropa uslubida tayyorlansa cho‘chqa terisi va yog‘i) ham qo‘shiladi.

Tog‘ay hamda chiqit go‘shtlar, shuningdek, 25-30 foiz geni o‘zgartirilgan soya uni, turli oziq-ovqat bo‘yoqlari xushbo‘y hid va ta’m beruvchi biokimyoviy qo‘shimchalar aralashtiriladi. Parhezshunoslar fikriga ko‘ra tabiiy so‘yilgan go‘sht mahsulotlarini uy sharoitida o‘zingiz tayyorlab iste’mol qilsangiz ma’qul.

Yana o‘qing:  QANDAY MUTOLAA QILAMIZ

Gazli va sun’iy bo‘yoqli ichimliklar

Bu ichimlik tarkibida faqatgina suv tabiiy. Qolganlari esa sun’iy bo‘yoqlar va biokimyoviy qo‘shimchalardan iborat. Ularga asosan aspartam solinadi. U esa o‘z navbatida formaldegidga parchalanadi. Bu modda A sinfiga kiruvchi kanserogen (saraton hujayralarini rivojlantiruvchi) vosita hisoblanadi. Shuningdek, formaldegid metanol va fenilalaninga parchalanadi. Bu moddalar boshqa oqsillar bilan birgalikda zaharlidir. Shirin gazli ichimliklar moddalar almashinuvini buzadi. Bo‘yoqlar esa allergik kasalliklarni keltirib chiqaradi. Undagi gaz esa me’da shirasi nordonligini oshirib gastrit (me’da yallig‘lanishi)ga sabab bo‘ladi.

“Fastfud”ni muntazam iste’mol qiluvchilarning asab tizimida turli salbiy o‘zgarishlar kuzatiladi, deya ta’kidlashmoqda AQSHning Nyu-York psixiatriya instituti tadqiqotchilari. Chunki, undagi turli biokimyoviy qo‘shimchalar miya hujayralari tuzilishiga yomon ta’sir etadi. Asab to‘qimasini parchalab, unda yallig‘lanish jarayonini keltirib chiqaradi. Bundan tashqari tez tayyorlanuvchi ovqatlar kattalar va bolalarda giyohvand moddaday qaramlikni keltirib chiqarmoqda. Bunga sabab esa uning tarkibidagi turli biokimyoviy qo‘shimchalardir.

Shuningdek, mayonez, ketchup, turli souslar, turfa xil ta’mni yaxshilovchi sun’iy qo‘shimchali oziq-ovqat mahsulotlari, shokoladli batonchiklar, saqichga o‘xshash va so‘riluvchi konfetlar, “chupa-chups”larning barcha-barchasiga sun’iy bo‘yoqlar qo‘shilgan. Yana popkorn (yog‘, shakar va ta’m beruvchi bo‘yoq qo‘shilgan shirin yoki sho‘r jo‘xori), spirtli ichimliklar, rafinadli yog‘lar ham zararli. Ushbu yog‘lar tarkibida omega – 6 va omega – 3 yog‘ kislotalari 15: 1 nisbatda uchraydi. Holbuki, ushbu me’yor 1: 1ni tashkil etadi.

Margarin organizmda yallig‘lanish jarayonlariga sabab bo‘ladi. Uning tarkibida transkislotalar mavjud. Ular esa qon tomirlarni zararlaydi va yurak qon tomirlari kasalliklariga sababchi bo‘ladi hamda onkologik kasalliklarni keltirib chiqaradi. Yana margarin ortiqcha vaznga sabab bo‘ladi. Tayyor konsentrantlar va sho‘rva uchun kubiklar tarkibida 50-60 foiz tuz bo‘ladi va yana glyutamat natriy (ta’mni yaxshilovchi yapon tuzi) 3/1 qismni tashkil etadi. Me’da osti bezi yallig‘langan bemorlar hamda buyrak va jigar xastaligiga chalinganlar uchun bu mahsulot o‘ta xavfli. Shuningdek, tuz va glyutamat kuchli kanserogen moddalar hisoblanadi.

Tuz va shakarni diyetologlar behudaga “oq ajal” deyishmaydi. Sho‘r mahsulotlar ko‘z, buyrak va jigarga zarar. Shuningdek, tanada zaharli moddalar yig‘ilishiga sabab bo‘ladi. Agar odam bir kunda 50 gramm(10 choy qoshiq) shakar iste’mol qilsa “bemalol” qandli diabet, onkologik xastaliklar, osteoporoz (suyaklar mo‘rtligi), semizlik, kariyes, allergik xastaliklarga katta yo‘l ochib beradi.

Yana o‘qing:  Qulupnay mavsumiga tayyormisiz?

Barcha turdagi rafinadlangan mahsulotlar, oq non, yog‘, qand unchalik foydali emas. Aksincha kepakli qora nonda foydali vitaminlar va mikro hamda makroelementlar mavjud. Shuningdek, qora non qabziyatning oldini oladi va kamqonlikda shifobaxsh ta’sir etadi.

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: