Boshlang‘ich ta’lim – kelajakning muhim poydevori
Pedagog yunoncha so‘z bo‘lib, “bola yetaklayman” degan ma’noni anglatadi. Ustoz, pedagog qalb qo‘rini, aql-idrokini, bilimi va tajribasini kelajak avlod – farzandlarimizning ilmli, ma’naviyatli bo‘lishi uchun sarf etadi. Ularning yutuqlaridan quvonadi, ular uchun qayg‘uradi.
Ustozlarining go‘zal insoniy fazilatlaridan, ularning har bir amalidan ibrat olib pedagoglik kasbiga chin dildan mehr qo‘ygan Nasibaxon Berdiboyeva ham ana shunday insonlardan hisoblanadi.
Onasi Namixon Matchonova umumta’lim maktabida ona tili va adabiyot fanidan saboq bergan. Nasiba onasining ertangi kun ish rejasini tuzish hamda uyqusiz tunlariga guvoh. O‘z ishini sevgan kishigina ana shunday hayot kechiradi.
– Oilamizda olti nafar farzandning besh nafari bugungi kunda o‘qituvchilik kasbini egallagan. Eng birinchi ustozim onam bo‘lsa, maktabda Gulsara opa Jumaniyozova, oliy o‘quv yurtida pedagogika-psixologiya fani o‘qituvchisi Jamila Abdujabborova, bugungi kunda bo‘lim mudirimiz Marat aka Shomurotov o‘zining talabchanligi bilan har bir ishni oxiriga yetkazishga o‘rgatganligini aytishim lozim, – deydi Nasibaxon Berdiboyeva. – Ayol kishini qo‘llab-quvvatlab turuvchi umr yo‘ldoshi hamda yaqinlarining borligi uning omad kalitidir. Turmush o‘rtog‘im Tursunbek Hayitboyev shifokor. O‘g‘limiz Shaxriyorni jismonan sog‘lom voyaga yetkazishda ularning ko‘magiga suyanaman, albatta. Ish faoliyatimda ham u kishi meni qo‘llab-quvvatlaydi.
Nasiba Berdiboyeva Navoiy viloyati Uchquduq tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi boshlang‘ich ta’lim metodisti vazifasida faoliyat yuritayotganiga uncha ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. U davlat tomonidan yosh mutaxassislar uchun yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib o‘z iqtidorini namoyon etib, muvaffaqiyat qozonib kelayotir.
Yosh mutaxassisga boshlang‘ich ta’lim metodisti sifatida ta’lim sifat va samaradorligini oshirishda, yangi axborot va pedagogik texnologiyalarni qo‘llashdagi tashkilotchilik qobiliyati qo‘l kelmoqda. Ta’lim jarayonida bolalarning tasavvurlarini kengaytirish, hayot va atrof-olam to‘g‘risidagi tushunchalarini shakllantirishda “Bumerang” metodi, ya’ni ertaklar, ayniqsa, o‘zbek xalq ertaklari, didaktik o‘yinlar eng yaxshi tarbiya namunasi bo‘lishini, shu bois dars jarayonida qayta va qayta ertaklarga murojaat qilish, interfaol metodlardan foydalanish lozimligini ta’kidlaydi. “Matematika fanidan 1-sinflar uchun metodik tavsiya”, “Matematika darslarida tenglamalarni yechish metodikasi”, “Zinama-zina” va “Baliq skeleti”, metodik usuli, “Boshlang‘ich ta’limni rivojlantirishda pedagogik texnologiyaning mohiyati va muammolari”, “Tabiatshunoslik darslarida innovatsion pedagogik texnologiyalardan foydalanish”, “Ayirishning qulay usullari” va boshqa qator mavzudagi metodik tavsiya va dars ishlanmalaridan ta’lim muassasalarining boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari dars jarayonlarida ta’lim sifatini oshirishda unumli foydalanib kelmoqdalar.
Shuningdek, Nasiba Berdiboyeva tomonidan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining ko‘plab ilg‘or ish tajribalari ommalashtirilgan.
Yosh pedagog tashabbusi bilan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun “Interfaol metodlarni dars jarayonida tatbiq qilishning ahamiyati”, “Barkamol avlod – tayanchimiz va suyanchimiz”, “Boshlang‘ich ta’limda zamonaviy ilg‘or pedagogik texnologiyalarni dars jarayonlarida qo‘llashning ijobiy tomonlari”, “Til – millat ko‘rki”, “Tejamkorlik saboqlari” va boshqa mavzularda viloyat va tuman miqyosida o‘quv seminarlari tashkil etilib, ularda faol ishtirok etib kelmoqda.
Tashabbuskor o‘qituvchi o‘z bilimini boyitish uchun kundalik ta’lim nashrlaridan tortib elektron portallargacha murojaat qiladi. Yangilikka intiluvchan bu yosh mutaxassis o‘zining kamtarligi, to‘g‘riso‘zligi va talabchanligi bilan ishchi xodimlar va o‘qituvchilar o‘rtasida hurmatga ega.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
Navoiy viloyati