HUNAR – XAZINA

unga qunt va yuksak ishtiyoq bilan erishiladi

Kamolaning chizgan suratlariga hammaning havasi keladi. U “Kamalak yulduzlari” ko‘rik-tanlovi g‘olibi. Kamola Qurbonovaning muvaffaqiyatiga havasmand sinfdoshlarining ham “mohir qo‘llar” to‘garagiga qiziqishi ortib borayotir.

Toshkent shahar Bektemir tumanidagi 292-umumta’lim maktabning mehnat ta’limi va kasbga yo‘naltirish fani o‘qituvchilari Rahimjon Mamayusupov, Soliha Beknazarova birgalikda mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, ularga o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashib kelmoqda. Zero, navqironlikning bu pallasida bir ishning boshidan tutish, hunar egallash muhim sanaladi. Bunda esa maktab qoshida ochilgan to‘garaklarning ahamiyati katta. Maktabni tugatish arafasida o‘quvchilar oldida ma’lum bir kasbni tanlash va shu kasb bo‘yicha akademik litsey va kasb-hunar kollejlaridan birida o‘qishni davom ettirish vazifasi turadi. Bunda o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish va to‘g‘ri yo‘lni tanlashda ustoz va murabbiylari tirgak bo‘lishadi.

– Bola tarbiyasida, albatta, mehnat ta’limining ham alohida o‘rni bor. Ushbu fan o‘quvchilarda aqliy va jismoniy mehnat turlari, mehnat jarayonlari haqida keng tushuncha hosil qilish, mehnatga oid ko‘nikma va malakalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, yoshlarni mehnatga o‘rgatish, ijtimoiy hayotda ularning ahamiyatini tushuntirish, kasb asoslari haqida bilim hosil qilish hamda maktab davridan bolada kasbiy tayyorgarlikni shakllantirish o‘qituvchining asosiy vazifasiga kiradi. Bunda ayniqsa, turli ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etish, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarga sayohat uyushtirish, uchrashuvlar o‘tkazish yaxshi samara beradi, – deydi Rahimjon Mamayusupov.

Maktabdan tashqari mashg‘ulotlar ixtiyoriy bo‘lib, o‘quvchilar o‘z qiziqishi va layoqatlariga qarab turli to‘garaklarga qatnashadilar. Sinfdan va maktabdan tashqari ishlar asosan o‘quvchilarning qiziqishlariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Rahimjon akadan saboq olayotgan shogirdlari kelajakda qaysi kasb egalari bo‘lishini hozirdanoq belgilab olishgan. Xususan, Umid Abidov rassom bo‘lmoqchi, Lutfulla Qahhorov esa quruvchi-arxitektor, Samandar Soliyev avtomobillar bo‘yicha muhandis, Oybek Ahmedov madaniyat xodimi, Sarvinoz Begmatova esa pedagog tarbiyachi kasbini egallash istagida.

– Ustozimiz Rahimjon aka o‘z ishining mohir ustasi. To‘garaklarida nima o‘rgangan bo‘lsam, ustozimning yordami va shu sohaga bo‘lgan astoydil qiziqishimdan o‘rganganman. Bironbir ishni mustaqil boshlaganimizda dastlab barchasini o‘zimiz erkin bajarishimizga qo‘yib beradi. Xatolarimiz va yutuqlarimizni ko‘rsatadi. Biz bunday vaziyatda yanada ko‘proq maqtov eshitish uchun ham harakat qilamiz, – deydi shu maktabning 9 sinf o‘quvchisi Lutfulla Qahhorov.

Yana o‘qing:  O‘rik guli

Abu Ali Ibn Sinoning fikricha bolaga yoshligidan biror kasb-hunarni o‘rgatish lozim. U kasb-hunarni ma’lum darajada o‘zlashtirib bo‘lgandan so‘ng undan hayotda foydalanish, ya’ni halol mehnat bilan mustaqil hayot kechirishga o‘rgatish kerak.

Mayna HASANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: