Tarmoqlararo sanoat yarmarkasi

Yangi mahsulotlarni o‘zlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi

Ayni kunlarda poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” majmuida sog‘liqni saqlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari kompleksi hamda Yoshlar siyosati, ta’lim, madaniyat va sport masalalari kompleksining tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tmoqda.

Yurtimizda tashkil etilayotgan bu kabi sanoat yarmarkalari mavjud korxonalarining o‘zaro hamkorligini kengaytirish, mahalliylashtirish dasturini rivojlantirish va importni qisqartirish, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

2015 yilda mazkur tarmoqlararo sanoat yarmarkasida to‘rt yuzdan ziyod korxona ishtirok etib, bir yarim mingga yaqin, jumladan, ellik turdagi yangi mahsulotlarini namoyish etdi. Sanoat kooperatsiyasi asosida mahsulot yetkazib berish va eksport qilish bo‘yicha 237 milliard so‘mlikdan ortiq hamda 600 ming dollarlik shartnomalar imzolangan edi.

Joriy yil yarmarkada O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, “O‘zfarmsanoat” aksiyadorlik konserni, “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi va boshqa tuzilmalar tarkibidagi besh yuzdan ziyod korxona va tashkilot, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yekti mahsulotlari namoyish etilmoqda.

Mamlakatimiz tibbiyot muassasalari zamonaviy uskuna va texnologiyalar bilan jihozlanmoqda. Mahalliylashtirish dasturi samarasida bu jarayonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ham faol ishtirok etmoqda.

Mazkur tadbirda ham O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi ellikka yaqin korxona ikki yuzdan ziyod tibbiy texnika va texnologiya, buyum va jihozlarni namoyish etmoqda.

Poytaxtimizdagi “Magnum medikal servis” korxonasida ishlab chiqarilayotgan fizioterapiya, jarrohlik sohasida ishlatiladigan apparatlar, zamonaviy bakteritsid lampalar, bolalarning og‘irligini o‘lchaydigan tarozilar, laboratoriya jihozlari bunga misoldir. 2007 yilda yetti turda mahsulot ishlab chiqarish bilan faoliyat boshlagan korxonada bugungi kunda jahon tibbiyotida keng qo‘llanilayotgan yuzdan ziyod asbob-uskunalar ishlab chiqarilib, amaliyotda foydalanilmoqda.

Mamlakatimiz farmatsevtika korxonalari tomonidan to‘qsonta farmakoterapevtik guruhlarga mansub ikki mingdan ko‘proq turdagi zamonaviy va shifobaxsh dori vositalari, tibbiyot buyumlari ishlab chiqarilmoqda. Qirq ikkita korxonada ISO-9001 sifatni boshqarish tizimi va sakkizta korxonada GMP xalqaro standarti joriy etilgan.

Davlatimiz rahbarining 2015 yil 11 fevraldagi “2015–2019 yillar uchun tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida bu boradagi ishlar ko‘lami kengaymoqda.

Yana o‘qing:  OILAMIZ MUSTAHKAM, SPORTGA OSHNO HAR DAM

Yarmarkada ta’lim va bolalar sporti muassasalari uchun o‘quv-laboratoriya jihozlari, sport inventarlari ishlab chiqaruvchi xususiy tadbirkorlik sub’yektlarining pavilonlari ham gavjum.

Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sporti izchil rivojlanmoqda. Bugungi kunda 120 turdagi sport inventarlari va uskunalarining 119 tasi mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilmoqda. Ularning sifati xorijnikidan qolishmaydi, narxi esa bir necha barobar arzon. Buni yarmarkada namoyish etilayotgan sport tovarlari – to‘plar, boks qo‘lqoplari, krossovkalar, gimnastika anjomlari, tennis stoli, mini-futbol darvozasi va boshqa mahsulotlar misolida ko‘rish mumkin.

Andijon viloyati Baliqchi tumanida faoliyat yuritayotgan “Mini teks” korxonasida o‘ttizdan ziyod turdagi sport kiyimlari va anjomlari ishlab chiqarilmoqda. O‘tgan yilgi tarmoqlararo sanoat yarmarkasida korxona buyurtmachilar bilan qariyb 2, 5 milliard so‘mlik shartnoma imzolagan edi.

Mamlakatimizda yengil sanoat tarmog‘ini rivojlantirish, bu sohada tadbirkorlikka keng yo‘l ochishga yo‘naltirilgan ishlar jamiyatimiz rivojida muhim omil bo‘layotir.

Yarmarka doirasida turli seminar va davra suhbatlari tashkil etish rejalashtirilgan.

F. TOLIPOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: