MARDLAR ELDA AZIZ
Jasorat, mardlik yuksak qadrlanadigan davlat eng qudratli davlatdir. Bu fikrni tarixiy tajribadan kelib chiqib, allomalar aytishgan. Yana shunday hayotiy bir haqiqat bor: Mard odam boshqalarga qaraganda himmatliroq bo‘ladi. Demak, mardlik – ma’naviy jasorat.
Barcha davrlarda ham mardlik qadrlangan. Kimlardir xatar mardlikni oshiradi, deydi. Bu gapda jon bor. Negaki xatarni qo‘rqmasdan bartaraf etish, uni yuzma-yuz qarshi olish jarayonida mardlik yanada shakllanadi.
Biroq, bugun mardlik tushunchasi yangicha mazmun-mohiyat bilan boyib borayotganini ham unutmaylik. Bugun zamon talab qilayotganidek, kundalik hayotda fidoyi bo‘lish, jonkuyar bo‘lish, ruhan bukilmaslik hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Shunday fazilat va xislatlari bor insonni mard sanashimiz mumkin.
Xatar masalasiga keladigan bo‘lsak, u haqida hali maqolamiz davomida to‘xtalamiz.
Mardlik bizlarga ajdodlardan meros. Inson qalbining eng buyuk fazilati bo‘lgan mardlikdan bejiz so‘z ochmadik. Mustaqilligimizning 21 yilligi arafasida Oliy Majlis Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan ma’qullangan “Mardlik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni tasdiqlandi. Ushbu yuksak orden bilan uning nizomiga muvofiq o‘zlarini Vatanni himoya qilishga va ona yurt xizmatiga bag‘ishlagan, bunda mardlik hamda jasorat ko‘rsatgan harbiy xizmatchilar shuningdek, boshqa fuqarolar mukofotlanishi belgilangan. Alohida hollarda mamlakatimiz fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan. Demak, bu mard insonlarni, mardlikni qadrlash yo‘lida davlatimiz yana bir muhim qadam qo‘yganidan qolaversa, Vatan himoyachilariga bo‘lgan yuksak e’tibordan dalolat beradi.
Bugungi hayotimizda mardlikning qiyofasini ko‘plab kishilarda uchratganman. Mustaqilligimiz, tinch va osoyishta hayotimiz himoyasi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan farzandning otasi ko‘zlarida to‘qnash kelganman, bu tuyg‘uga. Yolg‘iz o‘g‘li istiqlolimizni, ozod va obod Vatanimizni ko‘rolmaydigan bir guruh g‘alamislarga qarshi kurashda mardlarcha halok bo‘lgandi.
Xonadoniga borib, ta’ziya bildirganimizda undagi iroda, bosiqlikni ko‘rib qoyil qoldim. G‘amning za’faron rangi ko‘zlarida, yuzlarida aks etib turgan bo‘lsa-da, bilintirmaslikka urindi. Ota bo‘lib, uyiga kelin tushirolmadi. O‘g‘lini kuyovlik sarposida ko‘rolmadi. Bir etak nevaralari quchog‘ida yayramadi. Bunday ko‘rgilikka, taqdir zarbasiga mard insongina dosh bera olishini shunda yana bir bor anglaganman. Mard odam azob cheksa ham nolimaydi, deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Men halok bo‘lgan ofitserning mardligi otasidan o‘tganini his qildim. Vatanga bo‘lgan muhabbatdan kuch olayotgan mardlikni ota qiyofasidan ko‘rdim.
XATARLARDAN OGOHMIZMI?
Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuida Vatanimiz ozodligi va mustaqilligi yo‘lida qurbon bo‘lgan ajdodlarimizni xotirlash marosimida Prezidentimiz Islom Karimov ishtirok etib, shunday dedi: “Bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida, xususan, arab mamlakatlarida sodir bo‘layotgan noxush voqealar har qanday sog‘lom fikrli insonlarni chuqur tashvishga soladi. Turli mojarolar, o‘zaro qarama-qarshiliklar, qon to‘kilishlar jahonning qaysi mamlakatida ro‘y bermasin, bundan ko‘nglimiz g‘ash tortadi.
Dilni xira qiladigan bunday voqealar bizdan uzoqda, deb unga loqayd qarash xomxayollikdir. Nega deganda, bunday balo bir mamlakat yoki mintaqa doirasida chegaralanib qolmaydi, vaqtida bartaraf etilmasa, tobora kuchayib, boshqa mamlakat va mintaqalarga ham yoyilishi mumkin. Shuning uchun dunyoda bo‘layotgan voqea va hodisalardan hamisha ogoh bo‘lish, ona Vatanimizdagi tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga yetish, shu farovon, osuda hayotni yanada mustahkamlash uchun har bir inson o‘z hissasini qo‘shmog‘i, el-yurt taqdiri, kelajagi uchun daxldorlik tuyg‘usini diliga jo qilmog‘i darkor”.
Ha, yuqorida ta’kidlanganidek, bugun tinchlikka, halovatga rahna solishi mumkin bo‘lgan ana shunday xatarlar bor, xavf bor. Bugun ta’bir joiz bo‘lsa, haqiqiy mardlik har qanday xavfni, xatarni bartaraf etishga tayyor turish, qahramonlikni jasorat emas, burch deb bilishdadir.
To‘g‘ri tinchliksevarlik xalqimizga xos fazilat. Xatto biz duoga qo‘l ochganimizda ham nafaqat o‘zimizga, balki dunyoga tinchlik so‘raymiz. Ezgu va xayrli niyatlarimiz zamirida ham hamisha tinchlik mujassam. Biroq davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikdan xotirjamlikka berilish, ogohlik va sezgirlikni yo‘qotish kerak emas. Qolaversa, tinch, osoyishta hayotni qo‘riqlaydigan armiyamiz, huquq-tartibot organlarimiz bor, deb xotirjamlikka berilish loqaydlikni keltirib chiqaradi. Sirasini aytganda ulug‘ ne’matni asrab-avaylash uchun yanada jips bo‘lishimiz, hamjihatlikda harakat qilishimiz lozim. Demak, tinchligimizga bo‘ladigan tahdidlarni his qilish, ularga qarshi tura bilishdagi ma’naviy tayyorgarlik ham mardlikni toblaydi.
Rajabboy ota va Orzigul ayalar nevarasini kursant bo‘lgani, harbiy qasamyod qabul qilgani bilan tabriklash uchun Buxorodan kelishgan. Mardlar kasbini tanlagan farzandining ilk qadamlarini qutlashdan ham xayrli ish bormi?! Sharafli kasbni tanlagan o‘g‘lon bundan ruhlanadi, g‘ururlanadi. Qalbida Vatan, xalq manfaati yo‘lidagi mardlik, jasorat hamisha ulug‘lanishi bilan bog‘liq tuyg‘ular shakllanadi. Bugun mustaqil yurtimizning farzandlari beshigidayoq mardlik qo‘shig‘ini eshitib, kamolga yetishmoqda.
VATANGA DAXLDORLIK MAS’ULIYATI
Ochig‘i, ba’zan mardlik tushunchasini biroz noto‘g‘ri talqin qilamiz. Mardlikni manfaat bilan to‘qnashtirmoqchi bo‘lamiz. Yaqinda bir otaxon tahririyatga keldi. Saxovatpesha, serhimmat inson ekan. Maktablarni ta’mirlashga mablag‘ ajratibdi, bayramlarda mahallaga osh qilib beribdi. Bu tadbirkor insonning qalbida xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan orzulari bisyor ekan. Saxovatdagi eng buyuk mardlik Vatanga muhabbat tufayli yuzaga keladi, degan haqiqat xayolimdan o‘tadi. Bundayin ezgu niyat va orzularga yo‘g‘rilgan ishlarni qancha ko‘p qilsak, eng katta qurolimiz – ma’naviy jasorat shakllanadi-ku.
Kimki Vataniga daxldor bo‘lmasa, u insoniyatga ham daxldor emas, degan keskin fikrni o‘qib qolib, maqolamni daxldorlik haqidagi fikrlar bilan yakunlashni lozim topdim. Ya’ni yurt, xalq manfaatlariga daxldor bo‘lmagan, demak mardlik kabi oliyjanob tuyg‘udan bebahra kishidan ma’naviy qashshoq odam topilmasa kerak, dunyoda.
Alijon SAFAROV