KO‘RKAM BOG‘LAR – YURT KO‘RKI
O‘zbekiston Ekologik harakati va BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida tashkil etilgan ekobog‘da «Biz – barkamol yoshlar Vatan obodligi va ozodaligiga mas’ulmiz» shiori ostida ekologik aksiya o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Ekologik harakati markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Sanginov va boshqalar Navro‘z bayrami munosabati bilan hashar o‘tkazish xalqimizning xayrli an’analaridan bo‘lib, uning zamirida ajdodlarimizning tabiatga bo‘lgan beqiyos muhabbati, ezgu qadriyatlarimizni kelgusi avlodlarga mukammal yetkazishga intilish hissi namoyon bo‘lishini ta’kidladi.
Mamlakatimizning turli hududlarida tashkil etilgan, umumiy maydoni qariyb 120 gektardan iborat yigirma beshdan ziyod ekobog‘larga o‘ttiz ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazilgan.
Ekologik aksiyadan ko‘zlangan maqsad xalqimizga xos ezgu fazilatlarni namoyon etish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, sanitariya-epidemiologik holatni yanada yaxshilash, “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida qayd etilgan vazifalarni amalga oshirishdan iborat.
Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi doirasida o‘tkazilgan ekologik aksiyada yoshlar daraxtlar tagini yumshatib, ularni oqladi, shakl berdi, yangi nihollar o‘tqazdi.
Z.MAMATQULOVA