TANTI TABIATNING DARMONBAXSH TUHFALARI

Har faslning o‘z ko‘rki va tarovati o‘zgacha. Bu yil qish anchayin iliq keldi. Gidrometeorolog ma’lumotlariga ko‘ra tarixda bu holat 110 yil avval ham kuzatilgan ekan.

Bu notabiiy iliq qishdan so‘ng yoqqan qor esa barvaqt uyg‘ongan dov-daraxtlarga salbiy ta’sir ko‘rsatgani rost.

Havoning bir isib, bir sovushi, gohida osmonga bulut to‘planib, yomg‘ir yog‘masdan o‘tib ketishi qon bosimi mavjud bemorlar, noto‘g‘ri ovqatlanish va chekish sababli qoni quyilgan insonlarga hamda ortiqcha vaznga ega, shuningdek, surunkali charchoq sindromi, kamqonlik dardiga chalinganlarni va keksalarning ahvolini yanada tang qiladi.

Bahorga kelib kuzda yig‘ilgan meva-sabzavotlar va poliz ekinlarining o‘z namligini yo‘qotishi sababli ularning tarkibidagi darmondorilar kamayadi. Shunda ko‘klam ne’matlari bo‘lmish ismaloq, beda, hilol, mator (mador), semizo‘t, jag‘-jag‘, sho‘raning qizil sho‘ra, dumba sho‘ra kabi turlari, rediska, ko‘k piyoz, shivit, kashnich, selderey, sarimsoqpiyoz, yalpiz, shovul, otquloq “ilik uzildi”da joningizga oro kiradi.

Ammo jag‘-jag‘ tarkibida K vitamini bo‘lgani sababli qoni quyuq bemorlarga tavsiya etilmaydi. Yalpiz, ko‘k piyoz hamda sarimsoqpiyoz esa me’da-ichak tizimida yallig‘lanish va yara mavjud bemorlar uchun zararli. Ismaloq, otquloq va shovul shifobaxsh giyohlarini buyrak-tosh kasalligiga moyil insonlar tanovul etmaganlari ma’qul. Shuningdek, bahorda ko‘proq quyoshli kunlarda ochiq havoda piyoda uzoq sayr etish ham kishi kayfiyatini ko‘taradi. Sut, qatiq mahsulotlari esa vujudning kalsiy mikroelementlari va D darmondorisiga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydi.

Havoda magnit bo‘roni kuzatilsa yoki bulutli kunda o‘zingizni lohas his etib, qon bosimingiz ko‘tarilsa jigarrang olma yoki uzum sirkasini tizzangizdan pastga qarab oyoq uchlarigacha surtib, uqalab chiqing. Shunda oyoqdagi qon tomirlar kengayib, ahvolingiz yaxshilanadi. Ammo allergiyaga moyil bemorlarga va terisi ta’sirchan insonlar hamda bolalarga bu muolaja tavsiya etilmaydi. Yana olma va uzum sirkasi go‘sht hamda xamirli ovqatlar hazmini yaxshilaydi. Oyoq va qo‘l tirnoqlaridagi zamburug‘li kasalliklar hamda terlashning oldini oladi.

Havoda magnit bo‘roni kuzatilsa va katta bosim bilan havo sizni siqayotganday his etsangiz hamda boshingiz og‘risa gazsiz mineral suv iching. Pista moyi va sarimsoqpiyoz solingan qizil lavlagili salat yoki sitrus mevalar, olma, anor, uzum yeng. Chunki, bunday holatlarda qonni suyultirish kerak. Tarvuz, qovun ham qonni suyultiradi. Turli meva qoqilari (olma, o‘rik, anjir qoqi, olxo‘ri, shaftoli, mayiz)ni ta’bingizga ko‘ra qaynoq suvga ivitib yoki ularni 5-10 daqiqa qaynatib iching. Ular ham organizmda vitaminlar, mikro va makroelementlar yetishmovchiligining oldini oladi.

Yana o‘qing:  Qo‘li ochiqlik – baxt kaliti

Quyosh charaqlab turgan kunlarda bosh miyada joylashgan gipotalamusdan endorfin “baxt gormoni” ajralib chiqadi. Bu gormon kishi kayfiyatini ko‘tarib, uning ishchanlik qobiliyatini oshiradi.

Agar havoga qora bulutlar chiqib, kayfiyatingiz tund bo‘lsa, qora achchiq shokolod iste’mol qiling yoki 1-2 finjon qahva iching. Shuningdek, ishxonada yoki uyda vazaga sariq tusli sitrus mevalar hamda behi solib qo‘ying. Yana ularni vaqti-vaqti bilan hidlab turing. Ish stolingizning to‘g‘risiga kungaboqar yoki quyosh tasviri tushirilgan surat yoki fotosurat iling. Yorqin rangli liboslar kiying.

Bahorgi darmonsizlikda nafaqat sifatli va to‘yimli ovqatlanish, shuningdek, to‘yib uxlash ham katta ahamiyatga ega. Katta odamlar tiniqib dam olishlari uchun kechasi 8 soat uxlashi lozim. Kunduzi imkon bo‘lsa yarim yoki bir soat mizg‘ib olish ham tanani tetiklashtiradi. Nafaqat uyquga to‘ymaslik, balki besabab 10-12 soat uxlash ham odamni kasal qiladi. To‘yib uxlamaslik yurak-qon tomir kasalliklari, ruhiy zo‘riqish (stress) hamda jizzakilik, xotira susayishiga sabab bo‘lsa, ko‘p uxlash gipodinamiya (kamharakatlik), ortiqcha vazn va uning natijasida moddalar almashinuvi buzilishi sababli qandli diabet rivojlanishi hamda tanada balg‘am (shilliq) to‘planishi tufayli depressiya (ruhiy tushkunlik)ni keltirib chiqaradi.

Ko‘p uxlashga sabab kamqonlik, surunkali charchoq sindromi yoki mijozning buzilishi tufayli tanada sovuq balg‘amning ko‘payishidir.

Bunday holatda qizdiruvchi oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilib, balg‘amni yetiltirish zarur. Qizdiruvchi mahsulotlarga qora choy, novvot, asal, yong‘oq, mayiz, pista, bodom, hind yong‘og‘i, kedr yong‘og‘i, qalampir, zanjabil, murch, karri (hindcha ziravor) sholg‘om, no‘xat, qo‘y yoki ot go‘shti, qazi-qarta, dumba, piyoz, sarimsoqpiyoz, gorchitsa (xantal), turp, qora achchiq shokolad, qahva kabi mahsulotlar kiradi.

Shuningdek, turli surunkali og‘ir dardga chalingan bemorlar ham kam quvvat bo‘lganligi sababli ko‘p uxlashadi. Ularni shifokor yoki xalq tabobati akademiyasi litsenziyasi bilan faoliyat yuritayotgan tabiblar tavsiyasiga ko‘ra sifatli va to‘yimli parhez taomlar, dori-darmonlar, shifobaxsh giyohlar bilan davolab, parvarish qilish zarur. Zarur holatlarda ularga psixolog yordami ham kerak bo‘ladi.

Yana bahorda noto‘g‘ri ovqatlanish va ko‘p o‘tirib ishlash, kamharakatlik, suyuqliklarni kam iste’mol qilish, quyuq ovqatni ko‘p tanovul etish sababli ayrim kishilarda qabziyat kuzatiladi. Ich qotishi tananing sekin-asta zaharlanishi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi kabi alomatlarni keltirib chiqaradi. Bu holat jigar va taloqqa ham salbiy ta’sir etadi. Ivitilgan turshak suvi qabziyatga moyil bemorlarga shifobaxshdir. Yana u yurakka quvvat berib, organizmni kaliy va magniy bilan to‘yintiradi. Shu sababli organizmni xiltlardan tozalash uchun avvalo suyuq va quyuq taomlarni navbati bilan iste’mol qilish zarur. Yana quyuq ovqat yeyilganda uning hazmiga yordam beruvchi turli oshko‘klar, qatiq, salatlarni ham qo‘shib iste’mol qilish kerak.

Yana o‘qing:  QON BOSIMI TUSHGANDA SAMARALI MASHQLAR

Ko‘klamning quyosh charaqlagan kunlarida yerga tushgan shaftoli gullaridan tayyorlangan chuchvara organizmni xiltlardan tozalaydi. Chunki, bu taom surgiday ta’sir etadi. Yana yangi ivitilgan qatiq zardobi va tvorog suvi ham shunday ta’sirga ega. Ushbu tabiiy surgi vositasini ichish muolajasidan uch kun avval quyuq va go‘shtli taomlar iste’mol qilinmaydi. Yengil hazm bo‘ladigan sabzavotli va suli yormasi (perlovka)dan tayyorlangan sho‘rva hamda meva-sabzavotli salatlar, kepakli qora non tanovul etish kerak.

Bu muolaja ertalab och qoringa bajariladi. Xona haroratida turgan qatiq zardobi yoki tvorogdan ajralib chiqqan suv ho‘plab-ho‘plab, ta’bga qarab 0, 5-1 litrgacha ichiladi. Oradan 1-1, 5 soat o‘tgach esa u ichni suradi.

Shuningdek, bahorning tansiq taomlari halim va sumalak ham “ilik uzildi” davrida organizmni darmondorilar bilan to‘yintiradi. Xitoy, Yaponiya, Koreya aholisi dukkakli don mahsulotlarining yangi undirilgan oqish maysalaridan turli salatlar tayyorlashadi. Parhezshunoslar fikricha sumalak uchun undiriladigan bug‘doyning oqish maysasi ham noyob jen-shen o‘simligi kabi Ye vitaminiga boy ekan.

Kamin yoki o‘choqqa o‘t qalab, uning yonida o‘tirish ham qishda zaiflashib qolgan aura (biomaydon)ni tiklaydi. Yer qizigandan so‘ng oyoq yalang yurish undagi organizmning barcha a’zolari bilan chambarchas bog‘liq biofaol nuqtalarni “qitiqlaydi”. Bu bahorgi darmonsizlikda foydali. Mavsumdagi behollikda mevali va manzarali daraxtlarga suyanish ham darmonga kirishingizga ko‘maklashadi. Ammo bundan chinor daraxti mustasno. Chunki, u sizdan quvvat so‘radi. Eng kuchli quvvat manbai – bu eman (dub) daraxtidir. Ijobiy fikrlash ham sizga quvvat beradi.

Atrofdagilarga kulib boqish, mehru-muruvvat bilan ko‘makka muhtoj odamga yordamga shoshish, ezgulik ulashishga intilish avvalo har bir insonning o‘zini kayfiyatini ko‘taradi. Qalbingizga bahor quyoshi bilan birga ulkan yaxshilik qilish istagi kirib borsin, azizlar.

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: