BAXTNING SURATI
– Baxtning surati qanday bo‘ladi, deb so‘rashsa, hech ikkilanmasdan yurtimiz yoshlarini, Zulfiya qizlarini ko‘rsatgan bo‘lar edim. Chunki, hech bir davlat o‘z qizlarini O‘zbekistonchalik sevmaydi, e’zozlamaydi.
Respublika va jahon miqyosida o‘tkazilayotgan qator sport musobaqalarida akrobatika yo‘nalishi bo‘yicha muvaffaqiyatlarga erishdim. Buning barchasi mamlakatimizda biz yoshlarning jismoniy va ma’naviy sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishimiz uchun yaratilgan imkoniyatlar tufaylidir. Mening Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lishim ana shu tinimsiz izlanishlar, el-yurtimning menga bo‘lgan ishonchi natijasidir, deb bilaman. Biz yoshlar ana shu ishonchni oqlash maqsadida o‘z bilim va iqtidorimizni Vatanimiz bayrog‘ini har bir sohada sharaflashga bag‘ishlamog‘imiz lozim, – deydi farg‘onalik Zulfiya Mamajonova.
Zulfiya Mamajonova 8 yoshidan boshlab opasi bilan 2-Bolalar va o‘smirlar sport maktabida akrobatika bilan shug‘ullandi. Ustozlari Albina Arslonova hamda Ozoda Po‘latovalardan akrobatikaning barcha sirlarini o‘rganib kelmoqda.
Zulfiya bugungi kunda Farg‘ona viloyati Quva pedagogika va iqtisodiyot kollejining 3-bosqichida tahsil olayotir. U yoshlarni milliy va zamonaviy ruhda tarbiyalashning eng ta’sirchan usullari sport va madaniyat ekanini juda yaxshi anglaydi. Shu bois o‘quv dasturi fanlarini chuqur o‘rganish bilan birga sportning akrobatika turi bilan ham bir necha yillardan beri shug‘ullanib kelmoqda. Tinimsiz jismoniy mashg‘ulotlar natijasi asta-sekin bo‘y ko‘rsata boshladi. Bugungi kunda u O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, sport ustasi.
2011 yil Zulfiya uchun omadli keldi. U O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi musobaqasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Shu yili Germaniyaning Mayns shahrida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, 1-o‘rinni egalladi. So‘ngra O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasi tomonidan sportda erishgan yutuqlari uchun “Yilning eng yaxshi sportchisi” deb topilgani uning ustozlari va yaqinlari, ayniqsa ota-onasi qalbiga cheksiz faxr va iftixor tuyg‘ularini baxsh etdi.
2014–2015 yillarda o‘tkazilgan respublika chempionatlarida ham sportchi qiz g‘olib bo‘lib, ikki karra O‘zbekiston chempioni degan faxrli nomni qo‘lga kiritib, elda e’tibor qozondi. Erishilgan muvaffaqiyatlar zamirida albatta uning sportga bo‘lgan qiziqishi bois betinim sa’y-harakatlari, ota-onasining uni tushunishlari va albatta ustozlarining ko‘magi, yosh sportchida o‘ziga bo‘lgan ishonchning mustahkamligi mujassamdir. U ota-onasi, ustozlari haqida to‘lqinlanib gapiradi. O‘z muvaffaqiyatlarida barchasining o‘z o‘rni borligini ta’kidlaydi.
Ha, qizlar bo‘lajak onalar. Ona sog‘lom va uning salohiyati yuksak bo‘lsa ana shu oilada sog‘lom va ma’naviyatli farzandlar voyaga yetadi. Zero, farzandlari, qizlari ardoqlangan yurtda sog‘lom farzandlar unib-o‘sadi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA