O‘QUV-SEMINARI O‘TKAZILDI
Navoiy viloyatida 24 mart – jahon sil kasalligiga qarshi kurash kuni munosabati bilan Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamkorligida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Jahon miqyosida sil kasalligiga qarshi kurashish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunda aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, oilada gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish hamda belgilangan muddatda tibbiy ko‘rikdan o‘tish muhim ahamiyatga ega.
Navoiy viloyatida ham mazkur kasallikning oldini olish, bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, zarur dori vositalari bilan o‘z vaqtida ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir. Ayniqsa, chaqaloqlar va bolalarni maxsus vaksinalar bilan emlash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur seminarda sil kasalligi profilaktikasi, diagnostikasi va davolash ishlarini yanada takomillashtirish, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish kasallikka qarshi kurashishda ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi. Aholini yuqumli kasalliklardan muhofaza qilishning profilaktik tadbirlarini yanada kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Taxmina AKMALOVA