ShIRINTOY UCHUN UQALASH MUOLAJASI

Bolajon terisini yengil va nafis silash uning sog‘ligi va umumiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir qilishini olimlar isbotlab berishgan.

Uqalash ruhiy zo‘riqish (stress)ga sabab bo‘ladigan gormonlar miqdorini pasaytirishga yordam beradi. Shu bilan birgalikda immun tizimini mustahkamlab, qon aylanishini, nafas olishini, ovqat hazm bo‘lishini va moddalar almashinuvini yaxshilaydi.

Profilaktik massaj maxsus malaka talab qilmaydi. Bunda nozik uqalash va go‘dak reaksiyasiga diqqat bilan e’tibor qaratish lozim. Mazkur muolaja usulini onaning o‘zi shifokor bilan maslahatlashgan holda bajarishi mumkin. Ishtahasiz, kam harakatli, chala tug‘ilgan go‘daklarga uqalash muolajasi tavsiya etiladi. O‘tkir va surunkali kasalliklarda esa aksincha bu kabi muolaja tavsiya etilmaydi.

Kichkintoyning sog‘lom o‘sishi va to‘g‘ri rivojlanishida uqalash muolajasi katta yordam beradi. Mazkur muolaja kichkintoy ovqatlanganidan 30-40 daqiqa keyin amalga oshiriladi va bu 5 daqiqadan 20 daqiqagacha davom etadi. Kichkintoy tinch va to‘ygan holatda bo‘lishi lozim. Uqalash muolajasini uy sharoitida o‘zingiz bajarsangiz ham bo‘ladi. Buning uchun albatta, shifokoringiz bilan maslahatlashib oling. Uqalashni boshlashdan avval go‘dak ostiga yumshoq to‘shama yozing. Shirintoy terisi toza va quruq bo‘lishi shart. Muolajadan oldin bolani yuvintirib, terisini yaxshilab quritilsa ayni muddao. Massaj o‘tkazish uchun tinch, iliq va yelvizaksiz xona bo‘lishi kerak. Go‘dak bilan birgalikda stol, karovot yoki yerda joylashib mayin musiqa qo‘ying. Massaj vaqtini belgilashda o‘zingizga qulay vaqtni belgilang.

Onaning qo‘llari go‘dak tanasida yengilgina harakatlanishi kerak. Uqalash jarayonida bolalar uchun mo‘ljallangan yog‘dan foydalanish mumkin. Mazkur yog‘ qo‘llaringiz yengil va sirg‘aluvchan harakatini ta’minlaydi va bolajon terisini namlantiradi.

Demak, uqalash muolajasini boshlaymiz:

– Qo‘llaringiz toza va quruq bo‘lishiga ahamiyat qarating. Qo‘llaringizga keraklicha yog‘ surtib, uni ishqalab qiziting. Bola issiqlik taftini his qiladi.

– Uqalashni go‘dak boshidan boshlang. Barmog‘ingizning uchlari bilan go‘dakning tomoq va yuz sohasini mayin uqalaymiz. Quloqlarni, qosh chiziqlarini, qosh oralig‘idan chakkaga mayin siypalang.

– Soat ko‘rsatkichi bo‘ylab go‘dak qornini yengil harakatlar bilan silang. Jigar (o‘ng qovurg‘a tag qismi)ni uqalash tavsiya qilinmaydi.

– Ehtiyotkorlik bilan go‘dak ko‘kragini uqalang. Harakatni markazdan yonga qarab ko‘krak qafasini ehtiyotlab (bosmasdan) amalga oshiriladi.

Yana o‘qing:  “Pol-pola” buyrak xastaliklari davosi

– Go‘dakning qo‘llari. Bola panjasini ushlab yuqoriga ko‘taring, panjadan yelkaga qarab silang.

– Bolaning oyoqchalari tagini ushlagan holda ularni ko‘taring va tagidan tosga qarab tashqi tomonidan silang. Oyoq tagini uqalash ayniqsa, muhim. Uning ustki va pastki qismlarini nozik silang. Har bir barmoqlarni alohida uqalang.

– Kichkintoyni qorniga o‘girib, orqasini bo‘yindan dumbaga va aksincha silang. Uqalash muolajasidan keyin go‘dakni issiq kiyintirib, dam oldiring.

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: