HAYOT – DOVON: Dovon yo‘li ravon bo‘lmaydi
Yurtimizda bahor nafasi ufurmoqda. Tabiat uyg‘onib, daraxtlar turfa xil rangdagi gullarga burkanganini ko‘rgan har bir inson borki, ko‘nglida ajib hisni tuyadi. Ushbu faslni bejiz ayolga qiyos etishmaydi. Uning bor tarovati ayol siyratida namoyon bo‘ladi.
Bugungi kunda xotin-qizlarimiz har sohada peshqadam. Ularning ma’naviyat, san’at, sport sohasida erishayotgan yutuqlari tahsinga sazovor.
Inson ma’naviyatini yuksaltirishda san’atning o‘rni beqiyos. Ayniqsa, teatr san’ati inson ruhiyatiga ijobiy ta’sir qilib, unga estetik zavq bag‘ishlaydi.
– O‘zimga topshirilgan har bir rolni maromiga yetkazib ijro etishga harakat qilaman. Teatr va kinoning inson ma’naviyatini yuksaltirishda tarbiyaviy ahamiyati beqiyos, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarasheva. Tomoshabin asarlardagi mavzuni komediya orqali “qalampirli” gaplar bilan, hazilomuz tarzda yaxshi qabul qiladi. Inson ma’naviyatini yuksaltirish uchun kitob o‘qiydi, ustozlaridan bilim oladi. Teatrga kelganda esa hayotda bo‘layotgan voqealarni jonli tarzda his etadi. Sahna asarini ko‘rib noto‘g‘ri qadam bosmaslikka, ijobiy qahramonlarga o‘xshashga va salbiy qahramonlarning xatolarini takrorlamaslikka harakat qiladi.
Hech bir inson o‘zicha shakllanib qolmaydi. Bunga xalqimizning “Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar” degan maqolini misol tarzida aytib o‘tmoqchiman. Maktabda, oliy o‘quv yurtidagi ustozlarimizning o‘gitlari meni hayotning o‘nqir-cho‘nqirlaridan bezavol o‘tishimda suyanch bo‘lgan. Bevosita ustozim O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulchehra Sa’dullayevaning “Qismat” nomli videofilmdagi rolini ko‘rib aktrisa bo‘lishga ahd qilganman. Qolaversa, O‘zbek Milliy akademik drama teatrida birinchilardan meni qo‘llagan ustozim O‘zbekiston xalq artisti Rixsi Ibrohimovaning xizmatlarini juda qadrlayman. U kishi Cho‘lponning “Yorqinoy” dramasida rol ijro etishimda juda katta yordam bergan. Aktyorlikka yo‘l ochib, menga imkon yaratib bergan ustozlarimdan O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov, To‘ti Yusupova, Turg‘un Azizovdan alohida minnatdorman. Har bir rolimizni u kinoda bo‘ladimi, teatrda bo‘ladimi xato va kamchiliklarini aytib maslahat berib turishadi. Hozirda yetishib chiqayotgan yosh aktyor va aktrisalardan ko‘nglim to‘q. Ayniqsa, oliygohni bitirib kelayotgan yoshlarimiz iqtidorli, ma’suliyatli. Ularning ijro mahoratini kuzatar ekanman, ijodiy salohiyatlaridan quvonaman. “San’atning nonini yeyish uchun temirdan tish kerak, po‘latdan tirnoq”, deyishadi. Bu degani ijoddan tashqari oila, uy-ro‘zg‘or tashvishlari, farzand tarbiyasi, otalik yoki onalik mas’uliyatini unutmasdan barchasiga ulgurish kerak degani.
Ra’no Yarasheva ko‘plab kino va teatr sahnasida ijro etgan takrorlanmas rollari orqali tomoshabinlar qalbidan o‘rin egallagan. Aktrisa yaratgan har bir obrazda qahramon harakterining eng nozik nuqtalari ham e’tibordan chetda qolmaydi. U xoh dramatik, xoh komedik janrda rol ijro etishidan qat’iy nazar asar mazmunini tomoshabinga yetkazib bera oladi. Teatr sahnasida “Bevalar”, “Tong otgan taraflarda”,“Chimildiq”,“Qalliq o‘yin” singari ko‘plab spektakllarda turli obrazlarni ijro etgan. “Mening akam bo‘ydoq”, “Oq padar”, “Sarob”, “Qabrdan qaytgan umr”, “Sevinch”, “Makrli dunyo” filmlari aktrisani kino san’atida o‘ziga xos o‘ringa ega ekanligini ko‘rsatadi.
Go‘zallikka intilish barcha ayollarga xos. Bu ajoyib xilqat egalari qaysi sohada faoliyat yuritmasin, doimo latofatli, nazokatli ko‘rinishga intiladi.
– Tashqi ko‘rinishi bilan bir qatorda salomatlikka ham e’tibor qaratish har bir inson uchun juda muhim deb o‘ylayman, – deydi Ra’no Yarasheva.
Prezidentimiz tomonidan 2016-yil “Sog‘lom ona va bola” yili deb nomlandi. Oilada sog‘lom turmush tarziga qat’iy rioya qilinsa, kelajakda voyaga yetayotgan kichkintoylarimiz ham bundan o‘rnak oladi. Jismoniy mashqlar bilan doimiy ravishda shug‘ullanib turadigan aktrisamiz, har bir soha vakillari uchun ham buning ahamiyati katta ekanligini alohida ta’kidlaydi. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” deganlaridek, hozirda Ra’no opaning shirindan-shakar nevaralari ham sevimli buvijonlaridan o‘rnak olishmoqda. Bu bejiz emas, zero o‘zbek ayoli oila, turmush tashvishlari bilan hamisha band bo‘lsada go‘zalligiga va salomatligiga doimo vaqt topishga urinadi. Muxtasar qilib aytganda go‘zal, dilbar va har jabhada faol ayol millatning sha’ni va iftixorini belgilab beradi. O‘zining beqiyos obrazlari orqali ayolning latofati, irodasi, vafo-yu sadoqatini tarannum etib kelayotgan Ra’no Yarasheva kabi iste’dodli aktrisamizning ijodi hamisha gullab yashnayversin.
Charos XUSHVAQTOVA