Noxush odat – odobsizlik ostonasi
So‘nggi paytlarda bolangizda negadir o‘zga bolalarning buyumini olib qo‘yish odati paydo bo‘ldi.
Kuni kecha o‘qituvchisi yoki tarbiyachisi farzandingiz o‘rtog‘ining o‘yinchog‘ini olib qo‘ygani haqida aytib qoldi. Bunga e’tibor bermaslikka urinasiz-u, ammo bu hol tez-tez takrorlanib tursa bu borada jiddiy mushohada qilishga to‘g‘ri keladi.
O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi “Farzandimda bunday yoqimsiz odat qayerdan paydo bo‘ldi”, ba’zi onalar o‘zi “yaxshi bilaman” deb o‘ylaydigan dilbandidagi bu kabi ruhiy o‘zgarishlarning asl sababini tushunib yetavermaydi.
Psixologlarning ta’kidlashicha, tartibsiz odatlarning kelib chiqishidagi bosh omil bolaning taqlidga kuchli moyilligi hisoblanadi. Shuning uchun bola qarshisida ota-ona hamisha sergak bo‘lmog‘i lozim. Ammo shunday bo‘lsada bunday paytda bolani hech qachon jazolamang. Uni yomon odatlardan xalos etish uchun birgalikda kurashing. “Ikkimiz yengamiz”, deya bolaga bu borada ko‘makdosh bo‘ling. Misol uchun bolangizga “Agar sen menda tirnoq tishlash, yoki o‘zgalarning buyumini olib qo‘yish kabi xunuk odatlarni ko‘rsang meni ogohlantir. Men esa seni”, deya unga uqtiring. Bola bog‘chadagi do‘stlaridan ham turli odatlarni “ko‘chirib” olishi mumkin. Bunday paytda unga “Dadang, men, akang bunday xunuk odatlarni uyga olib kelmaymiz-ku”, “Sen sevgan qahramonning ham bunday odatlari yo‘q, shunday emasmi?!” deya ta’kidlab o‘ting.
Bordiyu, bolangiz shunda ham o‘z odatlarini tark etmasa unga baqirish va urish yo‘lini tanlamang. Zero, do‘q urish uni yanada qaysar bo‘lishiga olib keladi.
Ayrim bolalarda begonaning mulki, birovning buyumi degan tushuncha bo‘lmasligi mumkin. O‘g‘irlash yoki olib qo‘yish bolada kattalarning unga e’tibori tushishi istagi kuchliligidan yoki ko‘ziga chiroyli ko‘ringan buyumning unda ham bo‘lishini xohlashidandir. U tajovuzkorlik va o‘g‘rilik odatini bilib turib sodir qilsa, bu uning ruhiyatida jiddiy o‘zgarish yuzaga kelayotganidan dalolatdir. Bunday hollarda bolani oshkora jazolamang va buni imkon boricha o‘zgalarga namoyish etmang. Bu vaziyatni faqatgina chigallashtiradi va bolada sizga nisbatan ishonchsizlik hissi shakllanadi. Bolaga buyumini oldirib yoki o‘g‘irlatib qo‘ygan o‘zga insonning ahvolini bosiqlik bilan tushuntiring. Farzandingizni uni o‘rniga o‘zini qo‘yib ko‘rishini o‘rgating va bunda u o‘zini qanday his etayotganini so‘rang. Bola chindan ham o‘g‘irlab olgan yoki olib qo‘ygan buyumga ehtiyoji bo‘lsa ham bu muammoning yechim emasligini tushuntiring. Ona sifatida unga buni olib berishga so‘z bering va buni uddasidan albatta chiqing. Ammo zinhor o‘zgalarning buyumiga tegmaslik lozimligini ayting. Bolangizning sodir etgan qusurini hadeb unga uqtiravermang. Unga vaqt ajratish haqida emas, u bilan kunni qanday o‘tkazish haqida o‘ylang. Bu ona va bolaning bir-birini tushunishdagi eng maqbul va samarali yo‘l.
Psixolog Matluba TAGAYEVA tavsiyasi asosida Gulnoza EGAMBERDIYEVA tayyorladi