Uyga tomon yo‘l (esse)
… Qizlarimiz timsolida biz avvalambor bo‘lg‘usi onalarni, xalqimiz, millatimizning umidi va tayanchi hisoblangan kelajak avlodni dunyoga keltirib, voyaga yetkazadigan naslimiz davomchilarini ko‘ramiz.
Islom KARIMOV
Hayot – adoqsiz yo‘l. Uning avvali ham, so‘nggi manzili ham Vatan. Undan ayro yo‘l havoga yozilgan nomadek izsiz – yashaganing ta’msiz bir ne’matni totganing kabi taxir. Unga tutash yo‘l esa mehnat mashaqqatlari, izlanish sinovlari bir saodat bo‘lib umrga baraka beradiki, rizqu nasibangni teradigan faslga kirganingda shukronaliging dunyoga sig‘maydi. Olamning rohati uyingda qo‘rg‘on tiklaydi. Unga jonu taning bilan oshiqasanki, bir qadam manzilga yarim hatlab yetasan. Dunyoning qay burchida bo‘lsang-da, eng yaqin yo‘l – uyga eltar yo‘l. O‘z uying halovatini kun chiqish bilan kun botish oralig‘idan izlab topolmaysan. Unda seni oilang kutadi, jufting, farzandlaring. Kunlar bilan ulg‘ayayotgan shirin tashvishlaring tuguni hayotning pastu balandlarida yechilib-echilib boraveradi.
Bir qarasang hayot degani inson o‘ylaganidan ham viqorli, yaqinlashga cho‘chiysan! Bir qarasang oddiy! Va shu oddiy – jo‘nligi bilan ko‘ngilga yaqin. Umrning aziz ne’mati farzand ko‘ngling ichidagi tog‘ki, butun vujuding u bilan nafas oladi. Ko‘zingdagi nur, chehrangdagi tabassum, jismingdagi kuch-quvvat – farzand. Ona jonu jahonini unga baxsh etgan – qadam olganda oyoqlariga mador, qo‘lchalarini uzatganda har barmog‘iga mehr taftini singdirgan. Oromini berib shu baxtga xaridor bo‘lishni qanchalar intiq kutgan.
– Odamdan odamning tug‘ilishi ikki dunyo oralig‘i bolam, – derdi buvim. – Sochidan tirnog‘igacha dard tortadi. Ayolning yetmish ikki ming tomiri titrab, ikki dunyosi bir bo‘lganda bolaning yig‘isi onani hayotga qaytaradi. Shundan ona degani bolasini jonidan aziz biladi. Shu quvonchi uchun olamning barcha azobini tortishga tayyor. Xudoyim oq yo‘l bersin…
Mahallada qaysi kelin og‘iroyoq bo‘lsa, buvim shu gaplarni tez-tez takrorlardi. U paytlar o‘quvchi edik. Buvimizni eshitardig-u, o‘qish va ishimiz bilan ovora bo‘lardik. Qulog‘imga o‘rnashib qolgan u xotiralar ulg‘ayganimda ko‘z o‘ngimda qayta bo‘y ko‘rsatdi. Endi men uning ichida yashardim, endi meni hech narsa befarq qoldirmas – har bir ayol hayoti bir ertak – bir taqdir edi. Ular eng baxtli inson bo‘lishni – orzulari hademay ushalib, bekam dunyoning bekasi bo‘lishni niyatlardi. Ularning vujudida ikki jon yashardi: bu ayollar palatasi edi.
Kechki payt kelgan o‘ttiz besh yoshlardagi ayol hammaning e’tiborini tortdi. Yuzlarini dog‘ bosgan, keng yelkali kelin hamma bilan kulib so‘rashardi-yu, ko‘zlaridan yosh dumalardi. Xonadoshlar jim bo‘ldi. U joylashib ulgurmay, deraza taqilladi. Kattaroq yoshli kishi, Husniya kerak edi, dedi. Yangi hamxonamiz ko‘zlarini artib, derazani bir tortib ochdi. Va derazaning raxiga yengilgina ko‘tarilib o‘tirdi.
– Shu bolam sog‘ qolishi kerak, ota, bu so‘nggi imkoniyatim, – Husniya opa qornini qo‘li bilan to‘sdi. Yuzi qizarsa-da, engashib otasining yelkasiga boshini qo‘ydi. – Uchta bolamni berdim… endi chidolmayman. Qancha azob bo‘lsa chidayman. Faqat bolamni asrab qolishsin. Vrachlar bilan gaplashing…
– Qaniydi qizim mening qo‘limda bo‘lsa, olovga kirib chiqqandan ham azobdaman bilsang…
U yig‘lab turib kular, kulib turib yig‘lardi. Kulgusining ichiga yig‘ilar bog‘lab tashlanganini hech kim bilmasdi. Nimalarnidir anglagandek bo‘ldik. Qishloqda u paytlar kelinlar oy kuni yaqinlashganda ota uyiga borishni ep bilishmas, tortinibroq yurishardi. Bu notanish manzara o‘yga toldirdi. O‘qiganim xayolimda takrorlandi: “Ma’naviy va axloqiy poklanish, imon, insof, diyonat, or-nomus, mehr-oqibat va shu kabi chinakam fazilatlar o‘z-o‘zidan kelmaydi. Hammasining zaminida tarbiya yotadi”.
Tong otmasdan yigirma yoshga ham to‘lmagan kelinchak o‘ziga oro beradi. – Bilasizlarmi, men o‘g‘il ko‘rishim shart-da, – deydi. – Erimning hamma o‘rtoqlari o‘g‘illi bo‘lgan. Astoydil so‘rayapman, – u mo‘jiza yaratib, oilasini yana ham baxtliroq ko‘rishni istaydi.
Kechagina bizga hamxona bo‘lgan Barno ikkinchisiga ham egizak ko‘rganini eshitib, u yotgan to‘shakka ayollar bir-bir yotib, niyat qilishdi. Xonani qiyqiriq tutdi. Keyin baravariga qo‘llarini og‘ziga qilib, jim bo‘lishdi. Xonamizning qarshisidagi tug‘ruq bo‘limi binosi ko‘rinib turardi. Hovli gulzor edi. Erta kuz gullarning rangini yanayam quyuqlashtirgandi. Shom chog‘i gulzorda bir yigit gul uzib dastalardi. So‘ng qo‘llarini orqaga qilib, dastasini berkitdi va deraza tomon yaqinlashdi. Va tirqishdan gullarni tutdi. Shunda u egizaklarning otasi ekanligini tanib, yana xonada kulgu ko‘tarildi. Qarshimizdagi bino derazasida qo‘llarini yuziga qilgancha Barno qotib-qotib kulardi.
Bunda ayol hamma narsani butun ko‘rgisi keladi: quvonchi, orzu-o‘ylari yo‘lidagi nimaiki yumushga birinchi bo‘lib qadam tashlaydi. Quroq kam-ko‘stlarini panalatib, mashaqqatlaridan rohat topganda o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi. U dunyo yelkalamaydi – farzandlari kamoli, oila saodatini davlatim, deb shukrona aytadi. Erta-kech qo‘llarini duoga ochadi.
Eshitganim bir rivoyat yodimga tushdi: bir mamlakatda katta maydonga jami aholi va jami boyliklar to‘planibdi. Har kim ko‘targanicha javohirlardan olib, bitta-bitta chiqib ketishi tayinlanibdi. Hamma o‘yga tolibdi: bu sinovmi yo siylov, deb cho‘chishib, botinolmabdi. Shunda bir ayol go‘dagini qo‘liga olib, xasta umr yo‘ldoshini yelkasida tutib eshik tomon odimlabdi. Sukunatni podshoning so‘rovi buzibdi:
– Senga molu davlat kerak emasmi? – debdi.
– Shu ikki qo‘rg‘onim yonimda salomat bo‘lsa, qolgani yo‘limdagi nasibam, – javob qaytaribdi.
Odil podshoh ayolni izzat-ikrom bilan kuzatib qo‘yishni tayinlabdi.
Bu bir rivoyat, ammo onaga – ayolga munosabat tariximizni yoritib asrlardan asrlarga nurday to‘shalib turadi. Bobur Mirzo haqidagi xotiralarda yoziladi: “Sarson-sargardon, xavf va musibatga to‘la kunlarida Bobur yomg‘ir o‘tmaydigan yagona chodirini onasiga berib qo‘yadi”. Uni takrorlarkanman, vujudimdagi titroq olamni bosganday bo‘ladi; yomg‘irning ovozi eshitiladi. Yeru ko‘kni yomg‘ir bossada endi uning tagida qancha tursang ham yomg‘ir o‘tmaydi – ivimaysan. Maysa misol tebranib kuch olasan.
Ha, Ona – yengilmas kuch. U farzandi bilan qudratga to‘ladi. Oddiygina deb ataganimiz qishloqning sodda bir onasi jismida tog‘dan ham baland himoya jamul-jam bo‘ladi.
Mashhur avar shoiri Rasul Hamzatov: “urushayotgan, janjallashayotgan tog‘liklar o‘rtasiga onalar ro‘molini tashlasa xunrezliklar to‘xtardi” deydi. Ona tinchlik o‘rnatish uchun taloto‘plar o‘rtasiga jonini tashlashga doimo shay aslida.
Ona ko‘zimiz o‘ngidagi har kungi qahramonimiz. Millatimiz tarbiyachisi. Hamma kasbu hunarni ustasidan o‘rganasan. Ammo yashashni, qadam bosib oyog‘ingni mahkam tutish sabog‘ini faqat ona beradi.
Ona chevar. U bolasiga – yurtiga ezguliklardan to‘n bichadi. Tikkanlari egasiga lop-loyiq yarashib, aytib turadi. Ona rejalar tuzib har bir ishga imkon, yo‘l topadi. Hamma yo‘llar faqat va faqat uyga tomon eltadi. U uyning osmonidagi oy olamga nur beradi.
Dilfuza ShOMALIKOVA