BOLALAR LIBOSLARI: NOZIK DID, YUKSAK SIFAT, KO‘RKAM KO‘RINISH
Egnidagi o‘ziga yarashgan bejirim libosini ko‘z-ko‘z etayotgan kichkintoyingiz bergan sovg‘angiz bois sizdan behad mamnun. O‘zingiz ham xarid qilganingiz ko‘rkam libosning unga yarashib turishidan taskin topasiz.
Darhaqiqat, istiqlol tufayli bugungi kunda nafaqat respublikamizda, balki chet ellarda ham xaridorgir bo‘layotgan o‘zbek liboslari o‘ziga xos ko‘rinish kasb etmoqda. Jahon andozalariga mos ravishda ishlab chiqarilayotgan bunday mahsulotlarga talab kundan-kunga ortib bormoqda.
Ana shunday ko‘rkam liboslar ishlab chiqarayotgan “Zeta Teks” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonasi 2009 yilda tashkil topgan. Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan mazkur korxona tekstil, tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Bu korxonada yordamchi mahsulot sifatida yorliq va qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarishga asoslangan matbaa sexi ham mavjud. Korxona mahsulotlari ichki va tashqi bozorda sotiladi. Tayyor trikotaj mahsulotlarining 80 foizdan ko‘prog‘i xorijga eksport qilinadi. Joriy yilda eksport hajmini yanada ko‘paytirish maqsadida 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar kiyimlari tayyorlanayotgan korxonaning ishlab chiqarish quvvati yanada kengaytirilmoqda. O‘tgan yili 400 ming AQSH dollariga yaqin mahsulot eksport qilingan bo‘lsa joriy yilda bu ko‘rsatkichni yanada kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Ish unumi yuksak bo‘lishi uchun har bir xodim mehnatiga yetarlicha e’tibor qaratish lozimligini korxona mutasaddilari yaxshi anglab yetishgan. Zamonaviy rusumdagi tikuv mashinalarida mehnat qilayotgan malakali tikuvchilar yoshlarga kasb sirlarini qunt bilan o‘rgatishmoqda.
“Zeta Teks” qo‘shma korxonasi rahbari Mirzane’mat Mirzaahmedov kichkintoylar uchun tikilayotgan kiyim-kechaklarning xaridorgirligi va ular uchun tanlanadigan matolar xususida quyidagilarni gapirib berdi.
– Mahsulotning sifati uning qay darajada xaridorgir ekanligini belgilaydi. Korxonada tikilayotgan kiyimlar uchun 100 foiz birinchi nav paxta tolasidan tayyorlanib, O‘zbekistonda yigirilgan kalava ip sotib olamiz. Qo‘qondagi “Indorama”, Buxorodagi “Merganteks”, Chinozdagi “Plastteks” qo‘shma korxonalarida tayyorlangan bunday kalava iplarning sifati yuqori. Ushbu kalava iplarni mato to‘quv seximizda to‘qitamiz. So‘ngra boshqa korxonalarda matoni bo‘yatib, unga gul soldiramiz. Bu jarayon bo‘yoq ranglarining sifatiga, matoning yupqa va qalinligiga yuksak e’tiborni talab etadi. Eng avvalo, bo‘yoqning muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi nazorat qilinadi. Kalava ipdan xom trikotaj mato to‘qish va bu matoni boshqa firmalarda bo‘yatib, tikuv seximizda tayyor trikotaj mahsulot sifatida ishlab chiqarishga asoslangan jarayonning o‘ziga xos muhim jihatlari mavjud. Birinchi navbatda kiyim-kechaklar tikish uchun tanlangan mato kichkintoylarni tashqi ta’sirdan himoya qilishi, ularda kislorod sirkulyasiyasi (aylanishi)ni yaxshilashga xizmat qilishi lozim. Ikkinchidan bola dunyoqarashi kattalarnikidan tubdan farq qiladi. Matolarning yorqin ranglarda bo‘lishi bolalarda ularni qabul qilish diapozonining tez rivojlanishini ta’minlaydi. Matoning yumshoqligi badanni terlashdan saqlashi hamda quyosh nurlarini tanaga o‘tkazmasligiga ham kichkintoyning o‘sishiga ijobiy ta’sir etadi. Shuningdek, uning yengilligi, pishiqligi, tana haroratiga mos kelishiga ham etibor qaratiladi.
Bolalar uchun tayyorlanayotgan kiyimlar assortimentida birinchi o‘rinda gigenik jihatdan qulayligi hamda ularning rivojlanish davridagi harakat barqarorligi asosida oddiy bichimlar ko‘rinishida bo‘lishi lozim.
Darhaqiqat, o‘ndan ortiq turdagi bolalar kiyimlari tayyorlanayotgan korxonada mahsulotning sifat darajasi birinchi o‘rinda turadi. Ikkinchidan ularni qadoqlanishiga jiddiy e’tibor qaratilgan. Chunki, qadoqlash xaridor didiga mos bo‘lsa uning xaridi ham oson bo‘ladi. Liboslar katta-kichikligiga qarab maxsus paketlarga joylanib eksportga jo‘natilmoqda.
Korxonada qiz bolalar kiyimi uchun alohida o‘g‘il bolalar kiyimi uchun esa alohida rasmlar tanlanib qo‘yilgan liboslarning bejirimligidan ko‘z qo‘vnaydi
Bunda bolaning zerikib qolmasligi uchun bir xil rangdagi kiyimlari ustiga ularning dunyoqarashiga mos rasmlarni tanlanishiga alohida e’tibor qaratilgan.
Uch yoshli bolaning dunyoqarashi keng bo‘ladi. Uni tabiat bilan bog‘liq rasmlar qiziqtiradi. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz kichkintoylar ko‘proq yorqin ranglarga talpinadi. Ularga libos tikayotgan korxona chevarlari ko‘proq matolarning sariq, qizil, yashil kabi yorqin ranglilarini tanlashadi. Qiz bolalar ko‘proq mato rangiga va guliga e’tibor berishadi. Shu bois ularning liboslariga ko‘proq gul, kapalak, daraxt, quyosh rasmlarini o‘g‘il bolalar kiyimlariga esa futbol to‘pi, mashina yoki turli hayvonlarning, multfilm qahramonlarini tasvirlovchi rasmlar qo‘yib tikilayotgan liboslar yanada ko‘rkam ko‘rinish kasb etmoqda. Bunda bolaning yoshiga qarab kichkina yoki kattaroq rasm tanlanadi. Uni ko‘rishiga qulay bo‘lishiga ham alohida e’tibor beriladi. Bundan bolajonlar albatta xursand bo‘lishadi.
Korxonada yoshlarning hunar o‘rganib o‘z kasbining fidoyisi bo‘lib yetishishiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu borada Yakkasaroy tumanida joylashgan Yengil sanoat kasb-hunar kolleji bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Har yili bu bilim dargohi bitiruvchilaridan 10-15 nafari bitiruv amaliyotini qo‘shma korxonada amalga oshirmoqda. Ular alohida malakali tikuvchilarga biriktiriladi. Sevara Musayeva, Shahzoda Abrorxo‘jayeva, Nilufar Toshkenboyeva, Zebo Norova, Sevara Qurbonova, Faxriddin Jo‘rayev kabi o‘z kasbining fidoiylari yoshlarning sevimli ustoziga aylangan. Amaliyot davrida ish o‘rganib puxta bilimga ega bo‘lgan yoshlar diplom olganidan so‘ng ishga qabul qilinadi… Bundan kollej bitiruvchilari ham ularning ota-onalari ham mamnun bo‘lishmoqda.
Ayni vaqtda xorijlik ishbilarmonlar tomonidan yuqori baholanib eksport qilinayotgan “Zeta Teks” korxonasi mahsulotlari tashqi bozorda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lmoqda. Buning zamirida esa yuksak sifat, ishdagi samara hamda tinimsiz izlanish mujassam.
Jamila HAYDAROVA