RUH TABIBI
Navoiy komil inson va shaxs sifatida kuyunchak qalb egasi, xalq fidoyisi va insonparvarlik timsolidir. U ilm-fan, xalq ma’naviyati ravnaqiga intilgan. Tarixnavis olim Xondamirning asarlaridan ma’lumki, Navoiy ko‘pgina fanlarning rivojlanishiga, jumladan, tabiblar va tibbiyot sohasiga befarq bo‘lmagan.
Buning yaqqol dalili sifatida biz, Navoiy tomonidan asos solingan “Dorushshifo” (Tabiblar uyi) maskanini ko‘rishimiz mumkin. Hirotda tashkil topgan bu joyda zamonaning eng bilimli tabiblari qo‘nim topib, tibbiyot bilan shug‘ullanganlar. “Dorushshifo”ni Navoiy davrining ulkan sihatgohi sifatida tasavvur etish mumkin. Chunki, bu yerda uzoq joylardan kelgan bemorlar ham davo topganlar. Ularga Navoiy tomonidan moddiy va ma’naviy yordam berilgan. Navoiy zamonasi tibbiyotining haqiqiy homiysi bo‘lgan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Nima uchun shoir tibbiyotga bu darajada e’tibor berdi? Shoir uchun buning nima ahamiyati bor edi? Buning javobi Navoiyning xalq ahvolini his eta olishi, sog‘liq eng oliy ne’mat ekanini fahm etishi, qolaversa, tibbiyot olamiga bo‘lgan qiziqishi edi. Navoiy ijodida tibbiyotga, insonning ham ruhi, ham jismiga doir unsurlar ko‘plab aks etganini ko‘rish mumkin.
“Hoziq tabibi xushgo‘y tan ranjig‘a shifodur,
Omiyyu tundu badho‘y el jonig‘a balodir”.
Bu baytda tabib qanchalik xushmuomala bo‘lsa, bemorga shifo bo‘lishi, badfe’l tabib esa el joniga baloyu ofat ekani ta’kidlanadi. Shoir tabib zotiga xos madaniyati haqida fikr yuritib, bemorning sog‘ayishiga shirin so‘z eng yaxshi doridir, deydi.
“Kim bo‘lsa tabiati muolij,
Jismidin etar marazni xorij”.
Alloma aytadiki, agar kishining tabiati o‘z-o‘zini davolaydigan, kuchli mizojga ega, ya’ni muolij – davolovchi bo‘lsa, uning jismidan kasallik chiqib ketadi; ya’ni, tana quvvati bilan birga bemor kasallikdan tuzalishni o‘zi ham istashi va bunday ezgu tushunchani o‘z tabiatiga singdirishi ham davolashning bir turidir.
Navoiy so‘z qadrini bilgan, so‘zning quvvatidan xabardor inson. U inson jismi ruh bilan tutash ekanini va shu tufayli jism salomatligi uchun ruh ham sababchi ekanini anglab, boshqalarga anglatadi. Buni biz hammaga mashhur bo‘lgan quyidagi misralarda ko‘ramiz:
Jong‘a chun dermen: “Ne yerdi o‘lmakim kayfiyati?”
Derki: “Bois bo‘ldi jism ichra marazning shiddati”.
Bu g‘azalni navoiyshunoslar savol-javob uslubida yozilganiga e’tibor berishgan. Mazkur g‘azalning yana bir xususiyati shundaki, bunda Navoiyning tibbiy dunyoqarashi ham aks etadi.
Navoiy inson vujudidagi sof biologik holatlarni nazarda tutib, sharobning zarari haqida yozdi:
“Bodakim yiqmoq sari o‘q maylidur,
Jism uyig‘a bilki balo saylidur”.
Shoirning bir necha asr avval aytgan bunday fikrlari hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatiga ega. Navoiy orzu qilgan komil inson ham ma’nan, ham jismonan yetuk bo‘lishi kerak edi.
Navoiy ham tabobat va nabotot, ham inson ruhiyatini chuqur bilgan. Shu bilan birga hazrat Navoiy asarlari tarkibidan o‘rin olgan inson vujudiga xos barcha qirralarning bilimdoni ham edi. Buyuk olim, tabib Abu Ali ibn Sino shunday degan edi: “Shoir tilning amiri bo‘lganidek, tabib badanning shohidir”. Shu ma’noda Alisher Navoiy ham shu ikki shohlikni o‘zida jamlagan buyuk shaxs, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Sohiba KARIMOVA,
O‘zMU O‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi