SARIMSOQDAN YASHARTIRUVCHI MALHAM
Qadim-qadimdan xalqimiz sarimsoqdan dori va xushta’m taomlar tayyorlashda keng foydalangan. Sharq allomasi Abu Ali ibn Sino o‘z kitoblarida uning tabiiy antibiotik ekanligini ta’kidlab, juda ko‘plab xususiyatlarini ochib bergan.
Bugungi kunda ham mamlakatimizda ona tuprog‘imizning ushbu ne’matidan farmatsevtika sohasida samarali qo‘llanilmoqda. Quyidagi maqolada biz sarimsoqdan Tibet tibbiyotida qanday yashartiruvchi malham tayyorlanishi xususida to‘xtalib o‘tamiz.
Sopol taxtachaga yozilgan quyidagi retsept 1971 yili YUNYeSKO ekspeditsiyasi tomonidan Tibet ibodatxonasida topilgan bo‘lib, u eramizdan 4-5 ming yil avval bitilgan. Ushbu tavsiya amalda sinab ko‘rilgan va dunyodagi ko‘plab tillarga tarjima qilingan. Retseptni qo‘llash organizmni yog‘ va zararli xiltlardan tozalaydi. Natijada moddalar almashinuvi va tomirlar qayishqoqligi (elastikligi) ortib, miokard infarkti, stenokardiya, skleroz, falaj, turli shishlar paydo bo‘lishining oldi olinadi. Boshdagi shovqin yo‘qoladi, ko‘z nuri o‘tkirlashadi. Aniq va to‘g‘ri dozalarda qo‘llanilganda organizm yasharadi.
Tayyorlash usuli: 350 gramm sarimsoq yaxshilab yuvilib, po‘stidan tozalanadi, yog‘och yoki chinni idishda tuyiladi. Undan 200 gramm olinib, shisha idishga solinadi va 200 gramm 95 foizli spirt quyiladi. Idish mahkam yopilib, 10 kun qorong‘u joyda asraladi. Keyin suyuqlik qalin matoda suziladi. 3-4 kundan so‘ng davolanishni boshlash mumkin. Aniq tartib bo‘yicha ovqatdan 15-20 daqiqa oldin sovuq sut bilan ichiladi. Davolash kursi olti oydan so‘ng takrorlanadi.
Fazilat SA’DULLAYEVA,
1-Respublika tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi