Yurtga sadoqat – yuksak saodat

Kechki ovqatdan so‘ng Sanamjon opa doimgi dilidagi sog‘inchini ayta boshladi.

– Anvarjonimni sog‘indim, – ukasining to‘yiga ham kelolmadi, bolajonim. Qarang, uni ko‘rmaganimga ham yaqinda uch oy bo‘larkan…

Alimboy aka ayolining har kungi gaplariga parvo qilmay, televizorda harbiy xizmat jarayoni haqidagi ko‘rsatuvni tomosha qilmoqda. Shu topda o‘g‘lining bolalik yillari otasining xotirasida jonlandi…

Ishdan kelganida kichkintoy Anvar askarlarga xos shahdam qadamlar bilan yurib, otasiga maqtandi:

– Dadajon, qarang endi men ham askarman…

– Niyatingga yet, bolam! Sen onangni, singillaringni, oilamizni, Vataningni himoyachisisan. Bir kun kelib, albatta, orzuing amalga oshadi, – deya alqab qo‘yadi Alimboy aka o‘g‘lini, bag‘riga bosib.

Anvarjon o‘rtog‘i Elmurodning harbiy zobit akasiga juda-juda o‘xshagisi keladi. Zokir akani hamma birdek hurmat qilar, ota-onasi esa u bilan faxrlanishadi. Anvar uning bosh kiyimini kiyib olgancha shaxd bilan qadam tashlarkan, “Katta bo‘lsam, men ham harbiy bo‘laman. Hamma men bilan faxrlanadi”, deb niyat qildi…

– Dadasi, qarang ana Anvarjon, – Sanamjon opaning hayajon to‘la ovozi Alimboy akaning xayollarini to‘zg‘itib yubordi. Oynai jahon orqali O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 24 yilligi arafasida davlat mukofotlari bilan taqdirlangan bir guruh harbiylar orasida o‘g‘li Anvar Asqarovning ham “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlanganini ko‘rib, beixtiyor otaning ko‘zlariga sevinch yoshlari keldi. Zero, tom ma’noda Vatan farzandiga aylangan o‘g‘li bugun uning ishonchini oqlamoqda.

Xorazm viloyati, Gurlan tumanida tavallud topgan Anvar Asqarov maqsadga erishish uchun doimo o‘qish va izlanishda bo‘lish kerakligini yaxshi anglardi. Shu sababdan maktabda barcha fanlarni yaxshi o‘zlashtirdi. Ayniqsa, tarix fanini o‘zgacha mehr bilan o‘rgandi. Yurtboshimizning “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q” degan so‘zlarini o‘zining hayotiy shiori qilib olgan bu Vatan posboni xalqimizning shonli tarixini o‘qigani sari qalbida ajdodlarga munosib avlod bo‘lish istagi jo‘sh urib bordi.

Kasb-hunar kollejini tamomlagan Anvar Vatan oldidagi yigitlik burchini ado etish maqsadida harbiy xizmatga ketdi. Bu soha hayotining mazmuniga aylanganini sezgan Anvar muddatli harbiy xizmatni tamomlagach, shartnoma asosida faoliyatini davom ettirdi. 2004–2005 yillar Serjantlar tayyorlash maktabida, 2008 yilda esa Toshkent harbiy okrugi serjantlar tayyorlash markazida tahsil oldi.

Yana o‘qing:  BOLALAR SPORTI ISTIQBOLLARI

– O‘zbekiston Yaratgan nazari tushgan yurt. Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, rivojlanishning o‘zbek modeli dunyo hamjamiyati tomonidan tan olindi. Barcha sohalarda bo‘lgani kabi Qurolli Kuchlar sohasida Vatanimiz ko‘plab yutuqlarga erishib kelmoqda. Davlat chegaralarini qo‘riqlash dunyodagi eng sharafli va eng mashaqqatli kasblardan biri bo‘lsa kerak. Zero, yurtimiz chegaralarini bizga ishonib topshirilganining o‘zi cheksiz faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi. Shu bilan bir qatorda, ana shu ishonchga loyiq bo‘lishga harakat qilaman. Buning uchun esa doimo ogoh va sergak bo‘lishimiz lozim. Kamtarona xizmatlarimni yuqori baholab shunday yuksak mukofotga loyiq ko‘rishgani uchun hukumatimizga minnatdorchilik bildiraman. Bugun orzularim ushalgan, harbiyga aylangan baxtli insonman! Ota-onam, turmush o‘rtog‘im, farzandlarimning muhabbati meni doim olg‘a intilishga, yanada jasur bo‘lishga undaydi, – deydi Anvarjon Asqarov.

Anvar yonida o‘zini tushunadigan, hamisha qo‘llab-quvvatlaydigan Nasibaxondek vafodor yori borligidan baxtiyor.

– Harbiy kiyim kiyganlarga boshqacha havas bilan qarardim, – deydi Nasiba Sodiqova. – Bugun ana shunday inson bilan turmush qurganimdan xursandman. Farzandlarimizni ham otasiday mard, jasur, Vatanimizga munosib insonlar qilib tarbiyalashga harakat qilamiz.

Bir tekisda saf tortgan askarlarning qadamlari ostidan o‘t chaqnaydi. Bu shubhasiz, Vatan tinchligi, yurt osoyishtaligi, fuqarolarimizning tinch-totuv hayot kechirishlari yo‘lida tashlangan shaxdam qadamlardir.

Farhod TOLIPOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: