FARZANDLARIMIZ ENG YAXShISIGA MUNOSIB
“Otang bozor, onang bozor”, deganlaridek bugungi kunda bir zamonlardagi kabi eshigiga katta qulf osilgan do‘konlarni deyarli uchratmaysiz. Savdo-sotiq kecha-yu kunduz avjida. Istagan mahsulotingni do‘kon va savdo rastalaridan, istalgan paytda xarid qila olasiz. Endi zamon qiyofasi butunlay o‘zgardi. Iste’molchilarning oshig‘i olchi, tadbirkorlarning ham, sotuvchilarning ham bozori chaqqon. Iste’molchilar sotuvchilarni emas, aksincha, ishlab chiqaruvchilar o‘z xaridorlarini kutadi. Tabiiyki, mahsulotlarning ko‘payishi tanlash imkonini beradi. Kimdir arzon mahsulotga qanoat qiladi, kimdir yuqori sifatli mahsulotlar bilan ehtiyojini qondiradi. Ammo, ayrim iste’molchilar sifatni turlicha belgilashadi… Sifat belgisini belgilab beruvchi ma’lum sertifikatga ega, jahon andozalarga mos keladigan mahsulot hamisha mahsulotlar sarasiga kiradi. Ham sifatdan yutasiz… Sifatli va tabiiy tolali matolardan tikilgan kiyim-kechaklar bolajonlar salomatligi uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Mavzu bolajonlarimizning kiyim-kechagi haqida ketganda-chi?! O‘ylaymanki, kattalar hech qanday gap so‘zsiz ana shu sifat belgisi haqida bosh qotirganlari ma’qul. Sababi, bolajonlarimiz bizning kelajagimiz, orzu-umidlarimizdir. Har bir ota-ona o‘z farzandiga eng yaxshi narsalarni muhayyo qilishga urinadi. Ammo, hamisha buning uddasidan chiqamizmi?!
Davlatimiz tomonidan olib borilgan islohotlar samarasi o‘laroq, 1996 yil 26 apreldagi O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Bu esa iste’molchilarning huquqi, talabi yuqori darajaga qo‘yilishiga turtki bo‘ldi. Shuningdek, mahsulotlar aholining hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga, atrof-muhit uchun xavfsizligi va bir-biriga mos kelishini ta’minlash, fan va texnika taraqqiyoti darajasiga ko‘tarishga xizmat qiladi. Aholining hamda xalq xo‘jaligining ehtiyojlariga muvofiq holda mahsulot sifatini hamda raqobat qila olish imkonini oshiradi. Iste’molchilarni ishlab chiqarilayotgan mahsulot nomenklaturasi hamda sifati to‘g‘risida to‘liq va ishonchli axborot bilan ta’minlaydi. Bundan tashqari o‘lchovlarning yagona birlikda bo‘lishiga erishish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 5 avgustdagi “O‘zbekiston davlat standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi tuzilmasini takomillashtirish va uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori bilan “O‘zstandart” agentligining respublikamiz iqtisodiy rivojlanish talablariga va xalqaro amaliyotga mos tuzilmasi tashkil etilishi ishlab chiqarilayotgan va mamlakatimizga kirib kelayotgan mahsulotlar sifatini nazorat qilishda muhim qadam bo‘ldi.
Bozor raqobat maydoni hisoblanadi. Biznes sohasida faoliyat olib bormoqchi bo‘lgan tadbirkor ishlab chiqarayotgan mahsulot “O‘zstandart” agentligi Respublika sinov va sertifikatlash markazi davlat korxonasi tomonidan muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi lozim. “O‘zstandart” agentligi Respublika sinov va sertifikatlash markazi davlat korxonasi qoshidagi “Lab-test” sinov laboratoriyasi rahbari vazifasini bajaruvchi Xurshida Isaxo‘jayeva bolalarning kiyimlariga muvofiqlik sertifikatini olishda mahsulotni sinovi borasida quyidagilarga e’tibor xususida shunday deydi:
– Bolalarning kiyim-kechaklari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 6 iyulda 318-sonli qaroriga asosan sertifikatlashning majburiy mahsulot (kiyimlar) qatoriga kiritilgan. Bo‘limda yurtimizda hamda chet elda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sinovdan o‘tadi. Unga ko‘ra kiyimlar ma’lum me’yoriy hujjatlar asosida tekshirilishi belgilab olinadi. Avvalo, kiyimning tashqi ko‘rinishiga, uning choklariga, yoqa va turli detallarning simmetrik mos kelishiga, kiyim o‘lchami standart o‘lchamiga muvofiq kelishiga e’tibor beriladi. So‘ng mahsulot matosining tarkibi, ya’ni qanday toladan qilinganligi aniqlanadi. Ma’lumki, bolalarning kiyimlari tabiiy toladan tayyorlangan bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Chaqaloq tug‘ilganida 28 kunlik bo‘lguniga qadar yuz foiz tabiiy toladan, masalan, paxta, jun, ipak kabilardan bo‘lmog‘i shart. Laboratoriyada o‘n santimetrlik mato bir soniyada o‘zidan qancha havo o‘tkazishini maxsus uskunalar yordamida tekshiriladi. Matoda turli kimyoviy vositalar yordamida ishlangan ranglar ham muhim ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, uning tarkibi insonning terisi tarkibiga o‘xshash kimyoviy vositalarning mavjudligi xususida nazoratdan o‘tkaziladi. Mato oq matoga ishqalanib rangi qanchalik teriga yuqishi aniqlanadi. So‘ngra matoning ishqalanish va cho‘zilishidagi xususiyatlari o‘rganiladi. Ushbu talablarga javob bergan mahsulotgina sifat sertifikatiga ega bo‘ladi.
Bola organizmi hali mukammal rivojlanamagan, turli xil kasalliklarga tez chalinishga moyil bo‘ladi. Shu sababli kattalarning alohida parvarishiga, e’tiboriga muhtojdir. Zangiota tumanining markaziy poliklinikasi pediatri Mohira Yunusova bu borada shunday deydi:
– Bolalar o‘sishda davom etayotgan organizm bo‘lib, tashqi omillarga nihoyatda ta’sirchan bo‘ladi. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalar go‘daka hisoblanadi. Shu bois o‘ziga xos parvarishni talab etadi. Dastlabki, 3-4 oyda teri bezlari funksiyasi sust bo‘lib, bu issiqlik idora etilishini yomonlashtiradi, harorat o‘zgarganida bola salga issiqlab ketishi yoki sovqotishi mumkin. Shuning uchun ularning kiyim-kechaklari yuz foiz tabiiy toladan tarkib topgan bo‘lmog‘i maqsadga muvofiqdir. Sifat tekshiruvidan o‘tmagan mahsulotlardan foydalanish natijasida bolada nojo‘ya ta’sir bo‘lishi mumkin. Ba’zi bir ota-onalar bola organizmini hisobga olmay ular uchun mavsumga xos bo‘lmagan kiyimlarni tanlash tufayli bolasining badaniga turli toshmalar toshishi shikoyati bilan shifokorga murojaat qilishadi. Buning oqibatida bola bezovta bo‘ladi, tajanglashadi. Bu esa uning o‘sishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Ota-onalar imkon qadar bolalarga harakatini cheklab qo‘ymaydigan, o‘zidan yuz foiz havo o‘tkazadigan tabiiy matodan tayyorlangan kiyimlarni tanlashi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ma’lumotlarga qaraganda turli ko‘rinishdagi bolalarning kiyimlari jahon miqiyosida belgilangan ma’lum standart ko‘rsatkichlarga javob bermog‘i lozim.
Fizik-kimyoviy ko‘rsatkich: unda mahsulot namlikni o‘zida singdira olish xususiyati, ishqalanganda o‘zidan elektr hosil qilish xususiyati qay darajadaligi, uning tabiiyligi, turli ranglardan qo‘llanilishi haqidagi ma’lumot.
Organolepitik ko‘rsatkich: unda mahsulotning xom ashyosi, furniturasi (tugma, piston, ilgak kabilar) qo‘llanilgan bo‘yoqlar hidining taralishi qay darajada.
Sanitar-kimyoviy ko‘rsatkich: unga pentaxlorfenol, formaldegid, ayrim pestitsidlar, qator zaharli elementlar, ya’ni qo‘rg‘oshin, kadmiy, margumush, simob kabilarning qo‘llanilmagan bo‘lmog‘i lozim. (birgina formaldegid elementning ta’siri natijasida asab tizimi, buyrak, jigarning zararlanishiga olib keladi. Mutaxassislarning e’tirof etishicha bu elementlar birinchi raqamli xavfli hisoblanadi).
Toksikologik-gigiyenik baho: tirik organizmga zaharli jihatlarning ta’siri xususidagi ma’lumotni ko‘rsatib o‘tish lozim.
Farzandlarimizga biz tanlagan mahsulot salbiy ta’sirga ega bo‘lmasligi maqsadida “O‘zstandart” agentligi Respublika sinov va sertifikatlash markazi davlat korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan yoki xorijdan keltirilgan mahsulot muvofiqlik sertifikati bilan birgalikda DSENM (Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi) tomonidan mahsulotning bola organizmiga hech qanday salbiy ta’siri yo‘qligi haqida gigiyenik sertifikat taqdim etishadi.
Toshkent shahar DSENM Standartlashtirish bo‘limi mudiri Boltaboy Allamurotov sertifikatlashtirish jarayonida mahsulotga quyidagi talablarni qo‘yish borasida fikr bildiradi:
– Bolalar kiyimi faqatgina tabiiy matodan tayyorlangan bo‘lib, biriktiruv choklari kiyimni yuzaki, tanaga tegmaydigan tarafda bo‘lishi lozim. Kiyimlarning konstruksiyasida boshi va tanasi tegishi ehtimoli bor yuzalarida chok va tugunlar bo‘lishi kerak emas. Uning yorliqlarida “Ishlatilishidan avval yuvish lozim”, degan yozuvi bo‘lishi shart. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan ko‘rsatmaga binoan yangi kiyimlar bolalarga kiydirishdan oldin yuvish va dazmollanishi shart. Shuningdek, ruxsat berilgan kimyoviy ip va tolalardan foydalanilmog‘i lozim. Tayyorlangan matoning havo almashinish, namlikni shimish xususiyati inobatga olinadi.
Bolalar kiyimlari xususida to‘xtalar ekanmiz, albatta, ularning oyoq kiyimlariga ham e’tibor qaratamiz. “O‘zbek-Turk Test Markazi” qo‘shma korxonasi “Yengil sanoat mahsulotlarini sertifikatlashtirish idorasi” yetakchi mutaxassisi Yusuf Ziyadullayevning fikri quyidagicha:
– Bolalar poyafzalini sertifikatlashtirish qator me’yoriy hujjat bo‘yicha amalga oshiriladi. Bolalar poyafzalining tashqi ko‘rinishi ishlab chiqaruvchi tomonidan tasdiqlangan namuna etalonga mos bo‘lishi lozim, ya’ni modeli, taglik va tovon tagligi, qo‘llanilayotgan materiallar, ustki pastki detal ranglari, yordamchi furnituralar, choklarining tekisligi, ustki pastki qismlarga berilgan ishlovlar, poyafzal yorlig‘i, shuningdek bolalar poyafzalining gigiyenik sertifikati, ya’ni Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi talablariga mos kelishi lozim. Gigiyenik sertifikatida bolalar poyafzallarining ustki va tag qismlariga qo‘llanilgan mahsulotlarining inson sog‘lig‘iga ko‘rsatilgan salbiy ta’siri tekshiriladi. Bolalar poyafzali sinov bayonnomasida, poyafzal o‘lchamlari, tikilgan chok mustahkamligi, old va orqa qismlarinig deformatsiyasi, tovon tagligining mustahkamligi, ustki va pastki qismlarining bir biri bilan birikkanligi, poyafzal egiluvchanligi alohida e’tiborga olinadi.
Hozirgi kunda bozorlarimizda sun’iy charmdan tayyorlangan poyafzal mahsulotlari ham mavjud. Mutaxassislar bolalar poyafzallarini tanlashda uni ustki va ostki qismlarining bir biri bilan birikish mustahkamligi, ishlatilgan xom ashyoning tabiiy charmdan ekanligiga alohida e’tibor berish, bola organizmi rivojlanish bosqichida ekanligini hisobga olib mos o‘lchamli poyafzal tanlash lozimligini ta’kidlashadi. Ba’zida ota-onalarimizning bolalariga tanlagan oyoq kiyim har doim ham bir xil o‘lcham to‘g‘ri kelmaslikdan shikoyat qilishadi. Bu esa mahsulotning razmeri standart o‘lchamiga muvofiq kelmasligidan dalolat beradi.
Birgina mahsulotni ishlab chiqarish yoki uni xorijdan olib kelib savdo qilishda bir necha jaryondan o‘tadi. Bularning barchasi bolalarimizning salomatligi uchun qilinayotgan sa’i-harakatlardir. Bolajon hamisha serharakat bo‘ladi. Uning faolligini ko‘rib, dunyo g‘ayrati shu jajji yuragiga jo bo‘lganmikin deysiz. Shuning uchun bu g‘ayratini o‘zimizning o‘ylamay qilgan tanlovlarimiz sabab cheklab qo‘ymaylik. Har qanday chiroyli va bejirim ko‘ringan mahsulotlar ham sifatli bo‘lavermaydi. Uni aslini tanlay biling. Zero, bolalarimiz eng yaxshisiga munosib.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri